13:21 / 15.02.2020
2
34337
Generalning o‘limi va Pompeodan tahdidli xat. Eron AQSh bilan urush ehtimoli juda yuqori bo‘lganini bildirdi

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning NBC telekanaliga intervyuda ma'lum qilishicha, davlat kotibi Pompeo Bag‘dod xalqaro aeroportida Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganidan keyin Tehronga «juda noo‘rin» tahdidli xabar yuborgan

Javod Zarif/Foto: NBC News

Eronlik general Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilganidan keyin AQSh va Eron urushga juda yaqin turgandi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif NBC News’ga intervyuda aytib o‘tdi.

«Biz urushga juda yaqin edik», - dedi Zarif. Uning ta'kidlashicha, Sulaymoniy o‘ldirilganidan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar hamon tarangligicha qolmoqda. Shuningdek, Eron TIV rahbari AQSh prezidenti Donald Trampni Eronga nisbatan noto‘g‘ri siyosat yuritishda aybladi.

Eron tashqi siyosat idorasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, inqiroz avjiga chiqqan vaqtda Tehron AQSh Davlat departamenti rahbari Mayk Pompeodan Eronga nisbatan tahdidlarni o‘z ichiga olgan «juda noo‘rin» xabar oldi. Zarif ushbu xabardan iqtiboslar keltirishdan bosh tortib, bu AQSh davlat kotibining vijdoniga havola ekanini aytdi. «Uning o‘zi bu maktubda nima haqida so‘z yuritilganini aytib bersin», - deya ma'lum qildi u.

Zarifning so‘zlariga ko‘ra, Eronning javobi ham qattiq ko‘rinishga ega bo‘ldi, ammo «Pompeoning xati kabi qo‘pol chiqmadi».

Amerika harbiy xizmatchilari joylashgan Iroqdagi bazaga raketa zarbasiga izoh berib, Zarif o‘sha payt Tehronda «kimnidir o‘ldirish» vazifasi bo‘lmaganini bildirdi. «Bizning maqsadimiz AQShga, agar ular Eron fuqarolarini o‘ldirishda davom etsa, biz javob zarbasi berishimizni ko‘rsatib qo‘yish edi».

Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi.

AQShning harakatlariga javoban Eron amerikalik harbiylar joylashgan Iroqdagi bazalarga hujum qildi. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, natijada 109 kishi turli tan jarohatlari oldi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top