16:52 / 29.02.2020
2
8855
Qo‘mondon ko‘rsatmasi bilan zominlik Ikkinchi jahon urush qatnashchisi yashayotgan uy yangidan ta'mirlanib, jihozlab berildi 
Foto: Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov ko‘rsatmasi bilan zominlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Pirnazar ota Ahmedovning uyi yangidan ta'mirlanib, xonadon jihozlab berildi. Bu haqda harbiy jurnalist kapitan G‘ayrat Madrahimov ma'lum qildi. 

Okrug qo‘mondoni 30 yanvar kuni Zomin tumani Pishag‘ar qishlog‘iga tashrif buyurib, 98 yoshga kirgan urush faxriysi bilan suhbatda bo‘lgandi. Suhbatdan so‘ng, Pirnazar ota yashayotgan uyi nurayotganligi, xona esa zax hamda talabga javob bermasligini aytib, uyni yangidan ta'mirlashga ko‘mak berilishini so‘ragandi.

29 fevral kuni okrug qo‘mondoni, harbiy xizmatchilar, mahalla faollari hamda yoshlar hamrohligida Pirnazar ota yangi uyga ko‘chirildi. U yashaydigan xonadon esa shinam va yorug‘, shu bilan birga zamonaviy uy jihozlari bilan ta'minlandi. Shu kuni urush faxriysi xonadonida hashar ham tashkil etildi. Harbiy orkestr ijrosida jangovar kuy-qo‘shiqlar yangradi.  

Ma'lumot o‘rnida, Pirnazar ota Ahmedov urushdan kichik serjant unvoni bilan qaytib kelgan. Uning 7 farzandi, 42 nevara, 92 yevara hamda 5 chevarasi bor. Bundan tashqari, Jizzax viloyati Zomin tumanida 9 nafar urush qatnashchisi yashaydi. Ularga harbiylar tomonidan moddiy va ma'naviy ko‘mak berilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top