19:32 / 29.03.2020
14467
«5 daqiqa qoidasi». Koreya yong‘in xavfsizligi xizmati qanday ishlaydi?

Yong‘in – kutilmaganda sodir bo‘luvchi favqulodda holat, eng dahshatli ofatlardan biri. Shuning uchun ham yong‘in xavfsizligi qoidalari bolalikdan o‘rgatib kelinadi.

Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Hongseong shahridagi yong‘in stansiyasining bosh idorasida bo‘lib, yuqori taraqqiyotga erishgan ushbu mamlakatda yong‘in xavfsizligi xizmati qanday ishlashi haqida hikoya qiladi.

Idora xodimlari reportaj tayyorlashimiz uchun bir kunlik maxsus dastur tayyorlab qo‘yishgan ekan. Avvaliga, biz Hongseong yong‘in stansiyasi rahbari Li Sok-Chul bilan uchrashdik. U idora tarixi, Koreyada yong‘in xavfsizligi tizimi faoliyati hamda asosiy bo‘linmalar haqida ma'lumot berdi.

Li Sok-Chul

 

Uning aytishicha, Koreyada yong‘inga qarshi kurashish tizimining tarixi XV asr – Choson sulolasi davriga borib taqaladi.

«Janubiy Koreyada Milliy Yong‘in xizmati Jamoat xavfsizligi va muhofazasi vazirligi tasarrufida bo‘lib, biz kabi Yong‘in xavfsizligi idoralari viloyat Yong‘in bosh boshqarmasi qoshida faoliyat olib boradi. Har bir boshqarma qoshida o‘t o‘chiruvchilarni tayyorlaydigan Milliy Yong‘in xizmati akademiyalari faoliyat yuritadi.

Biz o‘zbekistonlik yong‘in xavfsizligi xizmati vakillari bilan hamkorlik qilishga va o‘zaro tajribalar almashishga hamisha tayyormiz» – deydi Hoengseong Yong‘in idorasi rahbari janob Li.

Sayohatimiz davomida shaharning markaziy bozorida bo‘ldik. Bu yerda o‘t o‘chiruvchilar tomonidan aholi uchun maxsus «Fire Campaign» (yong‘in kampaniyasi) o‘tkazildi: yong‘in xavfsizligi bataloni rahbari boshchiligida 30ga yaqin ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilarga maxsus eslatmalarni tarqatib chiqishdi. Shuningdek, Koreyaning Seollal bayrami arafasida bo‘lgani uchun aholiga ajoyib sovg‘a – yong‘in xavfini aniqlovchi detektor ham ulashildi.

Demak, Koreyada ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar ham yong‘inlarni bartaraf etishda ko‘maklashishi mumkin ekan.

Yong‘in stansiyasi xodimlari bilan suhbatlashib, bizni qiziqtirgan savollarga javob olishga harakat qildik. Birinchi suhbatdoshimiz qutqaruv va Tibbiy xizmat jamoasi yetakchisi, Yong‘in marshali Kvang-mo Choy (최광모) bo‘ldi.

Kvang-mo Choy (o‘ngda)

Yong‘in xavfsizligi xizmatiga ishga kirish uchun qanday talablar bor?

– Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimiga aylanish uchun 3 bosqichdagi maxsus imtihondan o‘tish kerak. Bular – yozma (40 foiz), jismoniy imtihon (30 foiz) hamda intervyu (30 foiz).

Yozma imtihonda qonunlar, yong‘in fani, ingliz tili va Koreya tarixi bo‘yicha savollar bo‘ladi.

Jismoniy imtihonda bo‘lajak o‘t o‘chiruvchilarning jismoniy holati, qutqaruv xizmatiga layoqatliligi bir necha mashqlar yordamida sinovdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishda nomzodning ruhiy holati ham katta rol o‘ynaydi.

– Yong‘inni o‘chirish paytida o‘t o‘chiruvchi vafot etsa, uning yaqinlariga qanday kompensatsiya to‘lanadi?

– Agarda o‘t o‘chiruvchi yong‘in vaqtida jiddiy jarohat olsa, uning davolanishi va kasalxona to‘lovlari barchasi davlat zimmasiga yuklanadi. Biroq noxush vaziyat yuzaga kelib, o‘t o‘chiruvchi xizmat vaqtida vaqtida vafot etsa, avvalo, uning hamkasblari hamda Yong‘in stansiyasi bosh boshqarmalari tomonidan mablag‘ yig‘iladi va oila a'zolariga mardonavor xizmatlari uchun minnatdorchilik sifatida taqdim etiladi.

Shuningdek, stansiya bilan birga faoliyat yurituvchi homiy kompaniyalar ham donor sifatida katta pul ajratishadi.

Marhumning oilasi har oy o‘t o‘chiruvchining nafaqa pulini ham olishadi. Davlat tomonidan nafaqadan tashqari, yarim million dollar hisobida bir martalik naqd pul ham ajratiladi.

Agarda o‘t o‘chiruvchining oilasi «Millat vatanparvarlari» tizimidan ro‘yxatdan o‘tishgan bo‘lishsa, ular davlat tomonidan juda ko‘p manfaatli yordamlar, jumladan, oliygohlarga kirish, ishga joylashishdagi imtiyozlar, kichik tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun maxsus jamg‘armalarga ega bo‘lishi mumkin.

– O‘t o‘chiruvchilar yong‘in joyiga qancha muddatda yetib kelishi kerak?

– Hukumat tomonidan o‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga yetib kelishi uchun aniq bir vaqt belgilab qo‘yilmagan. Biroq Koreyada o‘t o‘chiruvchilar «5 daqiqa qoidasi» asosida ishlashga harakat qilishadi.

Ba'zan chekka hududlarga yetib borish uchun 20-30 daqiqa vaqt talab etiladi. Mana shunday vaziyatlarda o‘t o‘chiruvchilar o‘sha hududlardagi yong‘in xavfsizligi volontyorlariga murojaat qilishadi.

Koreyada volontyorlik tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hududlarda fuqarolarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha savodxonligini oshirish bo‘yicha turli o‘quv treninglari, yong‘in kampaniyalari o‘tkaziladi. Asosiy maqsad – tabiiy ofat va yong‘in holatlarida avvalo fuqarolarning o‘zlari dastlabki choralarni qo‘llashi lozimligini tushuntirish, aholining javobgarligini oshirishdir.

E'tiborimizni tortgani, bu yerda nafaqat erkaklar, balki ayollar ham o‘t o‘chiruvchi bo‘lib xizmat qilishar ekan. Suhbatimizni yong‘in stansiyasidagi eng yosh o‘t o‘chiruvchi qiz Kim Da-Yon (김다연) bilan davom ettirdik.

Kim Da-Yon

«Men yong‘in markazi bo‘linmasida o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlayman. Asosiy vazifam – odamlar va ularga tegishli mol-mulkni yong‘indan himoya qilish hamda alangani o‘z vaqtida o‘chirishdir. Bu kasbni tanlashimga insonlarga yordam berish orqali ularning hayotiga ijobiy ta'sir etishni istashim sabab bo‘lgan. Mazkur jamoaga ishga kirganimda endigina bir yil bo‘ldi. Shu vaqtga qadar 10dan ortiq yong‘in hodisalarni bartaraf etishda ishtirok etganman», – deydi u.

Bu sohada ishlashda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?

– Yong‘inga qarshi kurashish va odamlar hayotini saqlab qolish men uchun qiyin emas. Biroq kasbimdagi eng katta qiyinchilik – bu insonlarning ayol o‘t o‘chiruvchiga bo‘lgan munosabatidir. Ba'zan ish vaqtida qutqarish uchun biron bir manzilga borilganda insonlarning menga nisbatan bildirayotgan ishonchsizligi, asossiz mulohazalardan qiyin ahvolga tushaman. Ko‘pchilik hali ham men kabi yosh qizni o‘t o‘chiruvchi timsolida ko‘rishga ko‘nikmagan. Shu sababli, doimo mana shunday noto‘g‘ri tushunchalarda yuruvchi insonlarni ishonchini oqlashga va vazifamni to‘laqonli bajarishga harakat qilaman.

– Bu kasbni tanlashingizga ota-onangiz qanday munosabatda bo‘lishdi?

– Avvaliga o‘t o‘chiruvchi bo‘lishimga qarshi bo‘lishdi. Lekin men ularga maqsadim jiddiy ekanligini aytib, roziliklarini oldin. Hozir ham ularga qilayotgan ishlarimni tafsilotini aytib, tanishtirib boraman. Vaqt o‘tgani sayin, ular qarorim qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini tushunishmoqda.

Hongseong yong‘in stansiyasining tajribali shoshiling tibbiy xizmat xodimi, o‘t o‘chiruvchi Jin Yun-Shik (진윤식) xizmat vaqtida xodimlar qanday zamonaviy texnologiyalardan foydalanishlari haqida ma'lumot berdi:

Jin Yun-Shik

«Har bitta yong‘in chaqiruvidan so‘ng, o‘t o‘chiruvchi bu haqida hisobot berishi kerak. Shu sababli, har bir o‘t o‘chiruvchi hamda qutqaruvchida maxsus tabletlar berilgan bo‘lib, u orqali barcha favqulodda vaziyatlardan xabardor bo‘lamiz.

Qutqaruv mashinasida doimo bemorga qarovchi ikkita tibbiy xodim hamda haydovchi bo‘ladi. Shuningdek, xodimlarda maxsus GoPro kamera ham mavjud. Sababi, biz ish faoliyatimizda turli xil insonlarga duch kelamiz. Ba'zida ular shoshilinch tez yordam xodimlariga hujum qilishlari yoki mast holda bo‘lishlari mumkin. Kameralar esa aniq vaziyatni muhrlab olishga yordam beradi.

Yana bir qurilma – bu onlayn muloqot uchun maxsus telefon bo‘lib, ba'zan biz zudlik bilan shifokor maslahatiga zaruriyat sezamiz. Ushbu mobil ilova orqali shifokorlar bilan jonli muloqot qilib, kerakli amaliyotlarni o‘tkazish, dori vositalarini qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar olamiz».

Ma'lum bo‘lishicha, tez yordam xizmati mutlaqo bepul bo‘lib, agarda chet ellik fuqarolar yordamga muhtojlik sezishsa, biroq koreys tilini bilishmasa, maxsus tarjimonlar ularning tilini tarjima qilishga yordam berishadi.

– Tez yordam xodimining kundalik ish tartibi qanday?

– Kunni tez yordam mashinasini tekshirishdan boshlaymiz. Keyin administrativ bo‘linmaga vaziyatlar haqida bayonot beriladi. Har bir xodim kunlik belgilangan mashqlarni bajaradi. Agar chaqiruvlar bo‘lmasa, bo‘sh vaqtlari dam olish xonasida uxlab olish yoki tashqarida aylanish ham mumkin. Shuningdek, «Cyber Academy» masofaviy ta'lim tizimida ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun onlayn darslar tashkil etiladi.

 

So‘nggi suhbatdoshimiz yong‘in xavfsizligi leytenanti, qutqaruvchi Kang Byung-Il (강병일) bo‘ldi:

Kang Byung-Il

«Men Hongseong yong‘in stansiyasida 18 yildan beri qutqaruvchi-o‘t o‘chiruvchi sifatida faoliyat yuritib kelaman. Qutqaruvchilar jamoasi avtohalokatlar, suv toshqini, yong‘in, zilzila kabi kutilmagan vaziyatlardagi qutqaruvlarga javobgardir. Shuningdek, biz o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni bartaraf etayotgan vaqtda insonlarni yong‘indan asrab qolishga ham mas'ulmiz.

Bir yillik maoshim 65-75 million von (50-60 ming dollar) atrofida».

– Faoliyatingizda qanday murakkab vaziyatlarga duch kelasiz?

– Ba'zan ko‘plab kutilmagan vaziyatlar bo‘ladiki, ular oldida o‘zingizni ojiz sezasiz. Men kasbimdagi eng katta qiyinchilik ham – qutqaruv vaqtida imkonsiz qolish.

Bundan 6 yil avval yozda shiddatli yomg‘ir yog‘ib, katta suv toshqiniga sabab bo‘lgan. Biz dam olish hududidagi odamlarni qutqarish uchun borganmiz, biroq toshqin oqimi juda ham kuchli bo‘lib, odamlarni qutqara olmayman, deb juda ham qo‘rqqanman. Xayriyatki, yordamga yetib kelgan volontyor-qutqaruvchilar yordami bilan toshqin ichida qolgan barcha insonni hayotini saqlab qolganmiz. Biroq man shu voqea xotiramda muxrlanib qolgan. Hatto, ba'zida uyqusizlik ham bezovta qiladi.

– Siz tanlagan kasbga oila a'zolaringiz, farzandlaringiz qanday qarashadi?

– Farzandlarim men bilan juda ham faxrlanishadi. Turmush o‘rtog‘im esa mendan doim xavotirda, u men qattiq jarohat olishimdan qo‘rqadi. O‘g‘illarim mening kasbimni davom ettirishlarini juda ham xohlayman.

Janubiy Koreyada to‘liq ish vaqti bilan faoliyat olib boruvchi o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruvchilar va tez yordam xodimlari uchun dam olish kunlari, bayram degan tushunchalar yo‘q. Ular faqatgina bir yil davomida 20 kunlik mehnat ta'tili olish huquqiga ega.

Feruza Avazova tayyorladi.

Top