14:00 / 11.04.2020
27428

Onasining operatsiyasi uchun tikuvchilik qilib pul yig‘ayotgan 5 qizga ko‘mak zarur

Tahririyatimizga xayriya ko‘magini so‘rab Namangan viloyati Norin tumani Nurziyo mahallasidan murojaat qilgan oila yaxshilar ko‘magiga muhtoj. Ular to‘shakka mixlanib qolgan onaning oyoqqa turishi uchun harakat qilishmoqda.

Bemorning qizi Umida Mamadaliyevaning aytishicha, uning onasi – O‘g‘ilxon Mamadaliyeva 2018 yilda Namangan viloyati ko‘ptarmoqli tibbiyot markazida o‘t pufagidan tosh oldirgan. Biroq operatsiyaning noto‘g‘ri kechishi tufayli shifokorlar tomonidan jigardagi tomirlarga zarar yetkazib qo‘yilgan. Shuning uchun hozirgi davrga qadar to‘shakka mixlanib qolgan O‘g‘ilxon Mamadaliyeva 5 marta turli operetsiyalarni boshidan o‘tkazgan.

«Oxirgi operatsiyadan keyin hindistonlik shifokorlar onamni konsultatsiyadan o‘tkazishdi. Ularning aytishiga qaraganda onamning jigarlari yaroqsiz ahvolda, tomirlari jiddiy zararlangan. Faqatgina Hindistonda jigar ko‘chirib o‘tkazish yo‘li bilangina onamga yordam berishning imkoni bor ekan. Agar imkon bo‘lib operatsiyaga pul yig‘ilsa, men donor sifatida onamga o‘zimning 70 foiz jigarimni bermoqchiman», - deydi Umida Mamadaliyeva.

Uning aytishiga qaraganda, Hindistonda operatsiyani o‘tkazish, borish-kelish xarajatlari uchun 27 ming AQSh dollari atrofida mablag‘ zarur. Hozirgacha yaxshi insonlar ko‘magi, turli xayriya tadbirlari orqali 8 ming dollar pul yig‘ilgan.

«Onamning qorniga ikki yildan beri rezina ichak o‘rnatilgan. Unga har soatda maxsus dori yuborib turilishi kerak, agar vaqtida qilinmasa, qon qotib, komaga tushib qolishi mumkin ekan. Shuning uchun dadam ishlay olmaydi, onamga ulardan boshqa qaray oladigan odam yo‘q.

Biz oilada 5 nafar qiz farzandmiz. Shu kungacha onamning hamma operatsiyalari uchun pulni Toshkentda tikuvchilik qilib ishlab topganmiz. Hozir karantin bo‘lgani uchun ishlash imkonimiz ham yo‘q. Kunlik dorilar hatto oziq-ovqat uchun ham pul topishga qiynalyapmiz. Uyimizni sotish haqida ham o‘yladik, biroq onam bunga rozi bo‘lmadi, hali 3 singlimizni uzatishimiz kerak. Ularining taqdirini o‘ylab bunday qilolmaymiz», deydi Umida Mamadaliyeva.

Bemor esa qizlarini qiynab qo‘yganidan, ularga onalik mehri ko‘rsata olmayotganidan ham azoblanmoqda.

«Qizlarim men tufayli o‘qishga ham imkon topishmadi. Qayerda davolansam, o‘sha atrofda ish topib men uchun pul topishga harakat qilishdi. Men ham ularga mehribonlik qilib, boshini silagim keladi.

Agar tuzalib oyoqqa tursam, o‘zim kabi yordamga muhtoj bo‘ladiganlarga yordam qo‘lini cho‘zishni ham orzu qilaman», - dedi O‘g‘ilxon Mamadaliyeva.

O‘g‘ilxon Mamadaliyevaga oid ma'lumotlar:

Plastik karta raqami: 8600 0423 5488 3356 Agrobank (qizi Mamadaliyeva Husnida nomida)

Sberbank: 4817760222501789 (qarindoshi Zufar Mallayev nomida);

Telefon raqami: +998930590073 (qizi Umida Mamadaliyevaga tegishli).

Zilola G‘aybullayeva

 

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top