17:00 / 19.04.2020
13388
Koronainqiroz sharoitida biznes-sarkardalar uchun 4 tavsiya

Mulkdor, sarmoyador, tadbirkor va biznes-rahbar – ularni bir so‘z bilan «biznes-sarkarda» deymiz. Yangi inqiroz vaziyatida ular o‘zini noma'lum yov bilan urushda bo‘lganidek ko‘ra olishi kerak.

Foto: Andrea Comas / Reuters

Haqiqiy biznes sardori o‘z faoliyati borasida strategik mo‘ljal olishga intiladi. Zero, yangi chaqiriqlar hayot-mamot masalasiga ekanligi his qilinmoqda.

Quyida to‘rt tavsiyani aynan shunday qarash asosida taqdim qilamiz.

I. Noma'lumlik sharoitida 4 omilning kuchini anglang

COVID-19 inqirozi turli davlatlarda turlicha ketmoqda, uning ichki ta'sir potensiali vaqt va ko‘lam nuqtayi nazardan noaniq qolmoqda. O‘ylaymizki, vaqt o‘tishi bilan ko‘p jumboqlar hal bo‘la boshlaydi. Pandemiyaga qarshi turli cheklov choralarining muddati noaniq qolmoqda. Lekin bu muddat quyidagi omillarga bog‘liq ekanligini hozir ayta olamiz:

1. COVID-19ga chalingani aniqlangan barcha bemorlar uchun shifoxona o‘rinlari, tibbiy vositalar, dori-darmonlar, tibbiy ish kuchlari mamlakat hududida yetarli miqdorga yetkazilishi;

2. Kasallikni aniqlovchi tezkor sinov (ekspress-test) vositalari va tizimlari ommaviy ravishda tashkil qilingani;

3. Dezinfeksiya, sanitariya va boshqa profilaktik vositalar, tizimlar yetarli holga chiqishi va aholining profilaktik ko‘nikmalari yetarli darajada ommalashuvi;

4. Yangi em (vaksinaning) topilishi va ommaviy emlash boshlanishi.

Yuqoridagi 4 omilning rivojlanishini sifat va miqdor jihatidan kuzatib borish bilan koronainqiroz davrini taqriban belgilashga urinish mumkin. Ushbu omillar qanchalik muayyanlashsa, shunchalik aniq vaqt ko‘rsatkichiga chiqish mumkin. Hozirgi nuqtada muddatni, juda ko‘p shartlarni inobatga olgan holda, uch oydan bir yillik davrni taxmin qilyapmiz.

Qaytarib o‘tamiz: hozirgi kunda bu faraz o‘ta noaniqlik xarakteriga ega. Lekin inqirozni nisbatan muvaffaqiyatli bartaraf etayotgan Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlarga qaraganda yuqoridagi uch omilning o‘rni kattaligi kuzatilyapti. Yangi vaksina topilgani haqida esa hali ishonarli axborot mavjud emas.

Bundan biznes-sarkarda uchun chiqariladigan asosiy xulosalar:

·       Bu vaziyat qancha vaqt davom etishi — noma'lum;

·       Davlatning antikrizis choralari qaysi yo‘nalishda borishi bugungi vaqtda aniqlashdi: u yuqoridagi 4 omilning kuchayishiga va maksimal ravishda aholini ihotalashga e'tibor qaratmoqda;

·       Aholi va tashkilotlar iste'mol harakatlari va tanlovlari keskin o‘zgaradi, ko‘pgina tovar va xizmatlarga talab to‘xtaydi va ular qachon tiklanishi aniq emas. Lekin shu bilan birga boshqa tovar va xizmatlarga talab oshib boradi.

 

II. Hayot bor ekan, biznes o‘lmaydi

Biznes-sarkarda «hammasi tamom bo‘ldi, ishlab chiqarish va savdo to‘xtadi, odamlar ishsiz va pulsiz qoldi» kabi vahimali gaplarga uchmaslik kerak, sababi:

a) Odamlar tirik ekan, iste'mol davom etadi, demak uni sotib olishga xohish va tayyorgarlik ham topiladi. Vaziyat o‘zgargani shuki, ba'zi tovar va xizmatlarga talab kamayib, boshqalariga oshadi va yangilari paydo bo‘ladi, iste'molchilik atvorlarida karantin rejimi sababli o‘zgarish bo‘ladi, masalan ko‘pchilik eng ko‘p vaqtini uyida o‘tkazadi.

b) Karantin sharoitida odamlar maosh ishlashi kamaygani jamiyatda pul hajmi erib yo‘q bo‘lib ketganini anglatmaydi. Pul kimdadir ko‘proq, kimdadir oz — bu qanchalik yosh bolalarcha haqiqat bo‘lmasin, baribir haqiqatligicha qolaveradi. Undan tashqari, odamlar mutlaqo mablag‘siz qolmaydilar, davlatning moliyaviy qo‘llovi aynan iste'mol va uning orqasidan iqtisodni jonlashtirish uchun beriladi. Yana bir narsa: pulsiz qolib ketishdan qattiq qo‘rqqan odamlar orasidan tirishqoq xodimlarni yollash mumkin, ba'zilar uchun odatda inqiroz holati kuchli motivatsiya kuchiga ega.

v) Ehtimol, sizning biznes sohangizda jiddiy to‘xtash yoki qisqarish ro‘y bergandir, ammo qanchalik bu rost? Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, balki cheklov sizning tovaringizga talab, xohish emas, balki sotib olish uslubi, biznes-modeli ishlamay qolgandir? Eng oddiy misol: jamoatchilik taomlanish maskanlari yopildi, lekin oshxonalar yopilmay uyga buyurtma tayyorlash formatiga o‘tilmoqda.

g) Iqtisodiy krizis davrida biznes-sarkardadan teran nazar bilan mujassamlashgan ijodiy yondashuv bo‘lishi talab qilinadi. Bunda eng asosiy savollar quyidagicha bo‘lishi kerak:

·       «Hozirgi kunda iste'molchilarda qanday muammolar va og‘riqlar mavjud, ularning qaysi birlarini qondirish uchun menda shu lahzada tajriba, resurslar, biznes-sheriklar mavjud?»

·       «Men qondira oladigan odamlar va tashkilotlarning ehtiyojlar orasidan qaysi birlarida to‘lov olish osonroq, boshqacha so‘z bilan aytganda, bu biznes naqd aylanmasini qanchalik ta'minlay oladi?»

·       «Ko‘zda tutilayotgan bizni amalga oshirishda qanday xatarlar bo‘lishi mumkin, har bir tahlikaning ehtimollik darajasi va bo‘lishi mumkin ziyon ko‘lami qanday?»

·       «Menda imkoniyat bo‘lgan va to‘lovini yo‘lga qo‘ya oladigan biznesni boshlash uchun men eng birinchi qiladigan ishlarim nima?»

Yuqoridagi to‘rt savol sizga diqqatingizni jamlashga, bir qancha g‘oya-fikrlar shakllanishga va to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam beradi.

 

III. Iste'molchi bilan aloqani uzmang va yangi bozorlarni «ovlang»

Eski mijoz, eski do‘st kabi. Nima qilib bo‘lsa ham, mijozlaringiz bilan aloqa uzmang. Tugamay qolgan loyihalar bo‘lsa, karantin davridan keyin ularni samarali bajarilishi haqida buyurtmachingiz bilan fikr almashib boring. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tavsiyalaringiz, g‘oyalaringiz bilan bo‘lishing. Mahsulotingiz va xizmatingiz haqida foydali ma'lumot beradigan video roliklar tarqating.

Ayniqsa, mahsulotingizni «sog‘inib» qolgan vafodor mijozlaringiz haqida ko‘p o‘ylang. Masofali yetkazib berish vositalari yechimlarini jamoangiz bilan muhokama qiling. Bu haqda mijozlaringiz bilan aloqa o‘rnatib, fikr g‘oyalarini oling. Savdo operatsiyasini amalga oshirish imkoniyati topilishi bilanoq, harakat qiling.

Yangi davr — yangi bozor degani. Bu umumiy shiordek eshitiladi. Ammo bu haqda tinmay o‘ylashdan va kuzatishdan to‘xtamang, va imkoniyat boricha harakat qilish mumkinligini unutmang.

Amerikalik zamonaviy harbiy mutafakkir Jon Boydning «OODA xalqasi» konsepsiyasi krizis davriga kirib qolgan biznes uchun eng kuchli fikrlash vositasi deb topilgan. Vaziyat o‘zgarishidan ham tezroq to‘g‘ri qarorlar chiqarish g‘alabaning birlamchi omili, deydi Boyd va quyidagi to‘rt harakatni qaytarib bajarishni tavsiya qiladi:

·       Kuzat (Observe) ­— atrofingizdagi real muhitni kuzatib ma'lumot yig‘ing. Ma'lumot ikki xil bo‘ladi: tashqi va ichki, ta'sir doirangizda va undan tashqari.

·       Mo‘ljal ol (Orient) ­­— bu siklning eng murakkab qismi. Ma'lumot yaxshi tasniflansa, ahamiyatli va o‘z vaqtida bo‘lsa, to‘g‘ri tasavvur bera olsa u axborotga aylanadi. Axborot berilgan kontekst, ya'ni qo‘yilgan maqsadlar, rejalarga binoan baholanadi. Avval axborot yoki muammo muhim tarkibiy qismlarga parchalanadi, so‘ng qaror qabul qilishga mos ravishda soddalashtiriladi va bir necha muqobil yechimlar chiqariladi.

·       Qaror qabul qil (Decide) — Oriyentatsiya bosqichida ishlangan muqobil yechimlar va rejalar orasidan eng mosi tanlanadi va uni bajarishga azmu-qaror qilinadi.

·       Bajar (Act) — Qarorga binoan harakat tashqi muhitga ta'sir o‘tkazishni anglatadi, oddiy so‘z bilan — rejani amalga oshirish.

Harakat ortidan keladigan oqibatlar ustidan kuzatuvni boshlaysiz, ya'ni OODA halqasi avvaliga qaytib, keyingi bosqichlarni tezlikda va muntazamlikda amalga oshirasiz.

Manba: McKinsey konsalting firmasining global pandemiya vaziyatiga bag‘ishlangan taqdimoti

Ijtimoiy tadbirkorlik modeli, ya'ni jamiyatda o‘sib borayotgan tangliklarni biznes prinsiplariga muvofiq yechish modelini, e'tiboringizga oling. Bunga bir misol: kam ta'minlangan oilalar o‘z tomorqasida ishlab chiqargan dehqonchilik mahsulotlarini ist'yemolchilarga yetkazib berish transport va to‘lov xizmatini bajarish biznesi daromad keltiradi, ham kam ta'minlangan oilalar pul topishlariga ko‘mak bo‘ladi va jamiyatda oziq-ovqat ta'minoti jonlanadi.

Yaxshilab fikrlasangiz, do‘stlaringiz bilan muhokama qilsangiz, bu xususda ko‘p amaliy g‘oyalar topish mumkin. Bu yondashuvda davlat bilan hamkorlik o‘rnatish kuchli omil bo‘ladi, bu haqda keyingi tavsiya.

 

IV. Siyosatga qiziqing

Pandemiya davri deganda, albatta davlatning roli iqtisodda avvalgidan ko‘ra oshganini e'tiborda saqlash kerak. Ishlab chiqarishingiz yoki xizmat ko‘rsatish tizimizning ishga tushishi uchun maxsus ruxsatni davlat organlaridan olasiz. Buning uchun bir qator sanitariya va profilaktika choralarini muntazam bajarib borish haqida majburiyatingiz ruxsat uchun birlamchi asoslaridan bo‘ladi. Undan tashqari, tashqi muhitda yuritiladigan biznesingizga ijtimoiy zarurat mavjudligini isbotlay olishingiz kerak.

Yana bir muhim tomoni: ehtimol, davlatning o‘zi biznesingiz mijoziga aylanishi mumkin. Davlatning o‘rni shunchalik baland ekan, demak siz kattaroq miqyosda «hukumat organlari bilan aloqa» (GR — Government Relations) faoliyatini yurita olishingiz zarur. Bu faoliyat turi sizdan davlatning siyosatini jiddiy kuzatishga, uning qarorlari va motivlarini yaxshi tushunishni va hatto keyingi qadamlarni taxminiy bashorat qila olishingizni talab qiladi.

«Davlatning antikrizis siyosati qaysi organlariga ko‘proq vakolat bermoqda, ularni qanday topshiriqlar bilan yuklab qanday resusrslar, moliyaviy mablag‘lar bilan ta'minlamoqda?» kabi savollarga javob topishga urining. Davlatdan balki maxsus imtiyozlar (jumladan, fiskal qo‘llovlar), dezinfeksiya, maxsus kiyim-kechak va boshqa vositalar bilan ta'minlanish imkoniyatlarini qidiring, ochiqchasiga bu haqda mutasaddilardan so‘rang.

Albatta, bu o‘rinda korrupsion munosabatlar haqida ham gapirib o‘tish kerak. Ma'lum ehtimollik bilan siz qiyin tanlov oldida turib qolasiz: yo korrupsion taklifni (masalan, «otkat»li bitim) qabul qilib uning ortidagi tahlikalarni gardaningizga olasiz yoki uni rad etib, ma'lum moliyaviy foydadan mosuvo bo‘lishingiz mumkin.

Qaror qabul qilishda bir narsani yaxshi anglang: agar nafsibuzuqlik yo‘liga tushsangiz, birinchidan boshqa imkoniyatlar eshiklari yopiladi (sizga aksincha ko‘rinsa-da), chunki har qanday jinoyat tilni qisiq qiladi, ikkinchidan, balandroq davlat mavqelarda o‘z munosabatingiz va takliflaringizni berish uchun ma'nan haqqingiz qolmaydi. Eng muhimini unutmang — korrupsion fakt bir kunmas bir kun fosh bo‘ladi, «ko‘za kundamas, kunida sinadi». Halollik hamisha sizning siyosatingiz bo‘lishini tavsiya qilamiz.

Tashabbuskorlik, yordam, amaliy takliflar va konstruktiv tanqid ruhidagi muloqot — hukumat organlari uchun qiyin vaziyatda ko‘mak bo‘ladi va bu o‘zaro hamkorlik ishonchni tug‘diradi. Koronainqiroz davrida davlat va jamoatchilik vakillari bilan yaqin sherikchilik rishtalarini o‘rnata olish biznesingizni rivojlanishi uchun asosiy omillaridan biri, deb ko‘rishni tavsiya qilamiz.

Jamshid Muslimov

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top