01:17 / 21.04.2020
30858
Suvdan-da arzonlagan «qora oltin». Neft, uni qazib olish va eng katta konlar haqida
Foto: REUTERS/Stringer

«Jahon bozorida neft narxi arzonladi», «Brent turidagi neft narxi keskin ko‘tarildi», «WTI neftining narxi nol dollarga tushdi», «OPEC’ga a'zo davlatlar neft qazib chiqarish hajmini kamaytirish haqida bir to‘xtamga kela olmadi» kabi gaplarni kunora o‘qiymiz yoki televizordan eshitamiz.

Bugun dunyo iqtisodiyotini nefsiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan zamonda uning zaxiralari, eng ko‘p qazib olayotgan hamda jahon bozoriga chiqarayotgan davlatlar haqida qanchalik bilamiz. Dunyo energetikasi uchun eng muhim xomashyo hisoblangan, 2008 yil 1 barreli 147 dollargacha qimmatlagan, bugun esa -40 dollarga tushib ketgan neft nima o‘zi? Quyida shu haqda.

Neftning o‘zi nima?

Neft uglerod, vodorod va yana bir necha hil kimyoviy moddalardan tashkil topgan suyuqlik hisoblanadi.

Neftning tarkibi:

Uglerod — 84 foiz;

Vodorod — 14 foiz;

Oltingugurt — 1-3 foiz;

Azot — 1 foizdan kamroq

Kislorod — 1 foizdan kamroq

Turli metallar — 1 foiz (temir, nikel, vanadiy, mis, xrom, kobalt, molibiden va boshqa metallardan iborat).

Neft nafaqat yoqilg‘i, balki kimyo sanoatida yana ko‘plab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ishlatiladi.

Dunyodagi eng chuqur neft koni Rossiyaning Saxalin yarim orolidagi chuqurligi 12 345 metr bo‘lgan «Odoptu OP-11» koni hisoblanadi. Yerning yuza qismiga yaqin konlarda hatto 200 metrdan ham neft olinadi, ammo bunday konlar juda kam. Asosiy konlar 1000 metrdan pastda joylashgan.

Neft qazib olish tarixi

«Neft» so‘zi bizga ruslar orqali kirib kelgan bo‘lsa ham u forscha «Naft» so‘zidan olingan. Ruslarga arablar va turklar orqali o‘tib borgan. Neft sharq xalqlarida qadim zamonlardan beri ma'lum. Undan ilk marta Frot daryosi bo‘yida yashagan odamlar eramizdan avvalgi 4000-6000 yil avval foydalana boshlagan. Keyinchalik Qadimgi Misr, Yunoniston, frakiyaliklar, rimliklar neftni turli maqsadlarda ishlatgan. O‘sha paytlarda asosan yer yuzasiga yaqin bo‘lgan konlardan tabiiy holda oqib chiqib turgan neftdan foydalanilgan.

Neftni sanoat usulida qazib olish XVIII asrda paydo bo‘ladi. Neftni sanoat usulida qazib chiqaradigan birinchi skvajina 1846 yilda Boku yaqinida qurilgan. AQShda esa 1857 yilda qurilgan. Rasmiy ma'lumotlarda AQShda qurilgan skvajina dunyoda ilk qurilgan deb tan olinadi.

Barrel

Bugun jahon bozorida sotilayotgan neft barrelda o‘lchanadi. «Barrel» so‘zi inglizcha «Barrel» — bochka so‘zidan olingan. 1 barrel neftning hajmi 158,988 litrni tashkil etadi. Barrel so‘zining xalqaro qisqartmasi bbl tarzida yoziladi. Bugun «Ingliz barreli», AQSh barreli», «Fransuz barreli» terminlari ishlatiladi va ularning hajmi turli o‘lchamga ega. Neft o‘lchashda ishlatiladigan barrel inglizlar o‘lchovidan olingan.

Neft barrelda hisoblanadi. 1 barrel 159 litrga teng. Foto: Vikipediya

OPEC

Neft qazib oluvchi davlatlarning bir qismi neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti OPEC (The Organization of the Petroleum Exporting Countries)ga a'zo. Ular Jazoir, Angola, Venesuela, Gabon, Iroq, Eron, Kongo, Kuvayt, Liviya, BAA, Nigeriya, Saudiya Arabistoni va Ekvatorial Gvineya. Ikki iqtisodiy gigant Xitoy va AQSh bu tashkilotga a'zo emas. Shuningdek neft qazib olish va sotishda yuqori o‘rinlarda turadigan Rossiya ham OPEC’ga a'zo bo‘lmagan. Tashkilot shtab-kvartirasi Avstriya poytaxti Vena shahrida joylashgan. Bugun dunyo neft zaxirasining uchdan ikki qismi, uni qazib olish va sotishning 33 foizi aynan OPEC’ga a'zo davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

OPEC 1960 yil 10-14 sentyabrda Bag‘dodda bo‘lib o‘tgan konferensiyasida Eron, Iroq, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Venesuela vakillari tomonidan tuzilgan. Boshqa a'zolar keyinchalik qo‘shilgan.

OPEC’ga a'zo davlatlar har doim jahonda yuz beradigan voqea-hodisalar tufayli maslahatlashib neft qazib chiqarishni ko‘paytirish yoki kamaytirish haqida qaror qabul qiladi. Neft narxi qimmatlashganda qazib olishni ko‘paytiradi, arzonlashganda esa, aksincha, kamaytiradi. Shu yo‘l bilan neft narxini ma'lum darajada nazorat qiladi.

Ayrim vaqtlarda tashkilotga a'zo davlatlar o‘rtasida neft qazib olishni ko‘paytirish yoki kamaytirish bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lib turadi. Shuningdek, OPEC tashkilotga a'zo bo‘lmagan boshqa davlatlar bilan ham neft qazib olish hajmi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.

Bunday muzokaralar doim ham kelishuv bilan tugamaydi. Masalan, joriy yilning 6 mart kuni Venada OPEC va unga a'zo bo‘lmagan davlatlar o‘rtasida neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Unda tashkilot a'zosi bo‘lmagan Rossiya OPEC vakili Saudiya Arabistonining jahon bozorida neft narxi tushib ketayotgani sabab uni qazib olishni kamaytirish haqidagi taklifiga ko‘nmadi va muzokaralar natijasiz yakunlandi.

Rossiya bilan kelisha olmagach, Saudiya Arabistoni neft qazib olish hajmini 2020 yilga belgilangan rejadan 26 foizga oshirdi va bu jahon bozorida neft narxining keskin pasayishiga sabab bo‘ldi.

Neft turlari

Bugun dunyoda bir necha navdagi neft qazib olinib, eksport qilinadi. Ularning ichida mashhurlari — Brent, WTI va Urals neft navlaridir.

Foto: The National

Brent — jahon bozorida sotilayotgan neftning nomi Shimoliy dengizdagi Broom, Rannoch, Etive, Ness va Tarbert neft konlarining nomidagi bosh harflardan tashkil topgan qisqartma.

WTI — jahon bozorida sotilayotgan neftning ikkinchi turi. Bu West Texas Intermediate so‘zlaridan olingan qisqartma. Nomidan ko‘rinib turibdi bunday turdagi neft ilk marta AQShning Texas shtatida qazib olingan. WTI turidagi neft asosan benzin olish uchun ishlatiladi.

Urals — Rossiyaning eksportga chiqaradigan neft aralashmasi. «Transneft» neft quvurlari tizimida Ural va Volgabo‘yi hududlarining og‘ir, oltingugurtga boy (ularning tarkibida oltingugurt miqdori 3 foizgacha yetadi) neftlari g‘arbiy sibirning Siberian Light nefti bilan aralashtirilib sotiladi. API graduslarida zichligi 31–32 (yoki 860–871 kg/m³).

Taqqoslash uchun Brent va WTI navlari 38–40° APIga ega, tarkibida oltingugurt miqdori 0,2-0,4 foiz. Yaqin sharqning Oman va Dubai navlari 30-33° API, oltingugurt miqdori 1,1–2,1 foiz.

Neft zaxiralari va uni qazib chiqarish ko‘rsatkichlari

BP Plc kompaniyasining baholashicha bugun dunyo bo‘ylab jami aniqlangan neft zaxirasi 1,73 trillion barrelni tashkil etadi. (2018 yil ma'lumoti). Uning 1,24 trillion barreli OPEC’ga a'zo davlatlariga tegishli.

2018 yilda dunyo iqtisodiyoti rekord miqdordagi neft iste'mol qildi — kuniga 99,3 mln barrel. 2019 yilda bu ko‘rsatkich yanada oshishi taxmin qilingan edi. Ammo AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi bunga yo‘l qo‘ymadi. Dunyo neftining katta qismini ishlatadigan Xitoy iqtisodiyotining o‘sish sur'atlari ana shu savdo urushi ortidan biroz sekinlashdi. Bu holat Xitoyning neft iste'moliga ta'sir qildi va mamlakat 2018 yildagidan kamroq neft import qildi. Bu o‘z o‘rnida dunyo neft iste'moli ko‘rsatkichiga ta'sir ko‘rsatdi.

Quyida dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega davlatlar ro‘yxatiga nazar tashlaymiz.

Neft zaxirasi eng ko‘p mamlakatlar (2018 yil ma'lumotlariga ko‘ra):

1. Venesuela — 300,3 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 17,5 foizi;

2. Saudiya Arabistoni — 297,7 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 17,2 foizi;

3. Kanada — 167,8 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 9,7 foizi;

4. Eron — 155,6 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 9,0 foizi;

5. Iroq — 147,2 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 8,5 foizi;

6. Rossiya — 106,2 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 6,1 foizi;

7. Kuvayt — 101,5 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 5,9 foizi;

8. BAA — 97,8 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 5,7 foizi;

9. AQSh — 61,2 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 3,5 foizi;

10. Liviya — 48,4 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 2,8 foizi;

...

12. Qozog‘iston — 30 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 1,7 foizi;

19. Ozarboyjon — 7 mlrd barrel, dunyo zaxirasining 0,4 foizi.

Eng katta neft zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxatining birinchi o‘ntaligida joylashgan davlatlarning yarmini OPEC’ga a'zo davlatlar (Venesuela, Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq, Kuvayt va Liviya) tashkil etadi.

Shuningdek, eng ko‘p neft zaxirasiga ega davlatlarning hududi va aniqlangan neft zaxiralari o‘rtasidagi tafovut ham juda katta. Masalan, Kuvayt hududi 17 818 kilometr kvadrat bo‘lgan holda, aniqlangan neft zaxiralari 101,5 mlrd barrelni tashkil etadi. Rossiya Kuvaytdan 1000 barobar ko‘p hududga ega bo‘lsa ham aniqlangan neft zaxirasi Kuvaytnikidan biroz farq qiladi, xolos — 106,2 mlrd barrel.

Foto: The New York Times

Dunyo neft zaxirasining mintaqalar bo‘yicha taqsimi:

Dunyo neft zaxirasi dunyo bo‘ylab juda notekis joylashgan. Eng ko‘p zaxira Fors ko‘rfazida — dunyo neft zaxirasining yarmi joylashgan.

1. Fors ko‘rfazi — 48,3 foiz;

2. Markaziy va Janubiy Amerika — 18,8 foiz;

3. Shimoliy Amerika — 13,7 foiz;

4. Rossiya va MDH davlatlari — 8,4 foiz;

5. Afrika — 7,2 foiz;

6. Osiyo va Tinch okeani mintaqasi — 2,8 foiz;

7. Yevropa — 0,8 foiz.

Manba: BP Plc, BP Statistical Review of World Energy 2019.

Bugun dengizda yoki –20 daraja sovuqda qidiruv ishlarini olib borish, konlarini burg‘ulash, ishga tushirish va neft qazib olish oson ish emas. Shu tufayli bugun neft qazib olayotgan turli davlatlar «qora oltin»ni qazib olishda turlicha xarajat qilmoqda.

Masalan, Saudiya Arabistoni 1 barrel neftni qazib olish uchun 3 dollar atrofida mablag‘ sarflasa, G‘arbiy yarim sharning shimolida joylashgan Kanada noqulay sovuq ob-havo sharoitida 1 barrel neft qazib olish uchun 11,56 dollar sarflaydi. Asosan dengizdagi shelflardan neft qazib oladigan Buyuk Britaniya 1 barrel neft qazib olish uchun 17,36 dollar mablag‘ sarflamoqda.

Quyida neft qazib olish kimga qanchadan tushayotgani haqida ma'lumot (1 barrel neft uchun):

1. Eron — tannarxi 1,94$, jami xarajati bilan 9,09$;

2. Iroq — tannarxi 2,16$, jami xarajati bilan 10,57$;

3. Rossiya — tannarxi 2,98$, jami xarajati bilan 19,21$;

4. Saudiya Arabistoni — tannarxi 3$, jami xarajati bilan 8,98$;

5. Norvegiya — tannarxi 4,24$, jami xarajati bilan 21,31$;

6. AQSh — (slanets) tannarxi 5,85$, jami xarajati bilan 23,35$;

7. Indoneziya — tannarxi 6,87$, jami xarajati bilan 19,71$;

8. Venesuela — tannarxi 7,94$, jami xarajati bilan 27,62$;

9. Nigeriya — tannarxi 8,81$, jami xarajati bilan 28,99$;

10. Braziliya — tannarxi 9,45$, jami xarajati bilan 26,64$;

11. Kanada — tannarxi 11,56$, jami xarajati bilan 26,64$;

12. Buyuk Britaniya —tannarxi 17,36$, jami xarajati bilan 44,33$.

Neft qazib olishda tabiy sharoitdan tashqari qazib olishni soliqqa tortish ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, AQSh va Braziliyada neft qazib olish uchun juda yuqori soliq belgilangani uchun uni qazib olish xarajatlari keskin oshib ketadi.

Eng ko‘p neft zaxiralariga ega davlatlarda aholi soni ham bir-biridan keskin farq qiladi. Shu sababli neft zaxiralari aholi jon boshiga hisoblaganda Fors ko‘rfazidagi aholisi kam davlatlar yuqori o‘rinlarni egallaydi.

Neft zaxiralari (aholi jon boshiga hisoblaganda):

1. Kuvayt — 24 125 barrel;

2. Venesuela — 10 552 barrel;

3. BAA — 10 009 barrel;

4. Qatar — 8 912 barrel;

5. Saudiya Arabistoni — 7 776 barrel;

6. Liviya — 7 135 barrel;

7. Kanada — 4 536 barrel;

8. Iroq — 3 625 barrel;

9. Gayana — 3 193 barrel;

10. Bruney — 2 583 barrel;

...

12. Qozog‘iston — 1 617 barrel;

...

17. Ozarboyjon — 696 barrel;

...

18. Rossiya — 548 barrel

(Manba: CIA World Factbook, Crude oil — proved reserves; United Nations, World Population Prospecs 2019)

Eng katta neft zaxirasiga ega davlatlar uni qazib olishda yetakchi emas. Masalan, Venesuela neft zaxiralari bo‘yicha birinchi o‘rinda tursa ham uni qazib olishda kuchli o‘nlikning oxirida yuradi. Albatta, bunga bu davlatda oxirgi yillarda yuz berayotgan notinchliklar ham sabab bo‘layapti. Ammo notinchliklar boshlanishidan avval ham Venesuela neft qazib olishda birinchi o‘rinda emas edi. Neft zaxirasi bo‘yicha ancha pastda bo‘lgan AQSh, Rossiya, Xitoy kabi davlatlar uni qazib olishda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

Yillik eng ko‘p neft qazib oladigan davlatlar reytingi (yillik, 2018 yil ma'lumoti):

1. AQSh — 571 mln tonna;

2. Saudiya Arabistoni — 561 mln tonna;

3. Rossiya 554 — mln tonna;

4. Kanada — 235 mln tonna;

5. Eron — 234 mln tonna;

6. Iroq — 221 mln tonna;

7. Xitoy — 190 mln tonna;

8. BAA — 175 mln tonna;

9. Kuvayt — 145 mln tonna;

10. Venesuela — 109 mln tonna.

Dunyodagi eng yirik neft konlari

Dunyodagi eng yirik neft konlari sirasiga zaxirasi 1 mlrd tonnadan oshiq bo‘lgan konlar kiradi. Bunday konlar jahonda yuzga yaqin va dunyoning turli davlatlarida joylashgan. Ular orasida 100 yil oldin ochilganlari ham bor.

1. Al-G‘ovar, Saudiya Arabistoni

1948 yilda ochilgan. 12 mlrd tonna zaxirasi bor Saudi Aramco kompaniyasiga tegishli.

2. Katta Burqon, Kuvayt

1946 yilda ochilgan. 11 mlrd tonna zaxirasi bor. Kuwait Petroleum Corp kompaniyasiga tegishli.

3. Bolivar Kostal, Venesuela

8,3 mlrd tonna zaxirasi bor. Petroleos de Venezuela kompaniyasiga tegishli.

4. Yuqori Zakum, BAA

1969 yilda ochilgan. 7 mlrd tonna zaxirasi bor. ADNOC, ExxonMobil, Japan Oil Development Co. kompaniyalari hamkorlikda foydalanadi.

5. Shimoliy/Janubiy Pors, Qatar

1991 yilda ochilgan. 7 mlrd tonna zaxirasi bor. Qatar Gaz, Petropars kompaniyalariga tegishli.

6. Kashagan, Qozog‘iston

2000 yilda ochilgan. 6,4 mlrd tonna zaxirasi bor. Eni, QazMunayGaz, Total, Shell, Exxon Mobil, CNPC, Inpex kompaniyalari hamkorlikda foydalanadi.

7. Samotlorskoye, Rossiya

1965 yilda ochilgan. 6,2 mlrd tonna zaxirasi bor. «Rosneft» kompaniyasiga qarashli.

8. Datsin, Xitoy

1959 yilda ochilgan. 5,7 mlrd tonna zaxirasi bor. PetroChina kompaniyasiga tegishli.

9. Saffaniya-Xofji, Saudiya Arabistoni, Kuvayt

1951 yilda ochilgan. 5,5 mlrd tonna zaxirasi bor. Kuwait Petroleum Corp, Saudi Aramco kompaniyalari hamkorlikda ishlatadi.

10. Gechsaran, Eron

1928 yilda ochilgan. 5,2 mlrd tonna zaxirasi bor. NIOC kompaniyasiga tegishli.

Neft eksportida ham neft zaxirasi ko‘p yoki uni eng ko‘p qazib oladiganlar yuqori o‘rinlarda emas. Faqat Saudiya Arabistoni har uchala ro‘yxatda ham yuqori o‘rinda. Qolganlarning o‘rni almashib turadi.

Neft eksporti (2018 yil, o‘rtacha bir kunda)

1. Saudiya Arabistoni — 8,3 mln barrel;

2. Rossiya — 5,22 mln barrel;

3. Iroq — 3,8 mln barrel

4. AQSh — 3,77 mln barrel;

 5. Kanada — 3,59 mln barrel;

6. BAA — 2,29 mln barrel;

7. Kuvayt — 2,05 mln barrel;

8. Nigeriya — 1,99 mln barrel;

9. Qatar — 1,47 mln barrel;

10. Angola — 1,42 mln barrel;

11. Qozog‘iston — 1,29 mln barrel;

...

16. Ozarboyjon — 813 ming barrel;

Agar neft import qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qaraydigan bo‘lsak, bozorning asosiy iste'molchilari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarni ko‘rish mumkin. Ajablanarlisi, ular orasida AQSh ham bor. Dunyo neft bozorining katta qismini AQSh neft kompaniyalari nazorat qiladi va dunyo bo‘ylab qazib olinayotgan neftning katta qismini ular xarid qiladi va qayta sotadi. Shu uchun ham AQSh neft import qiladigan davlatlar orasida ham yetakchi o‘rinlarda turadi.

Eng ko‘p neft import qiluvchi davlatlar (2018 yilda, o‘rtacha bir kunda)

1. AQSh — 7,97 mln barrel;

2. Xitoy — 6,7 mln barrel;

3. Hindiston — 4,06 mln barrel;

4. Yaponiya — 3,21 mln barrel;

5. Janubiy Koreya — 3,06 mln barrel;

6. Germaniya — 1,84 mln barrel;

7. Italiya — 1,34 mln barrel;

8. Ispaniya — 1,33 mln barrel;

9. Fransiya — 1,15 mln barrel;

10. Niderlandiya — 1,09 mln barrel

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top