18:48 / 04.05.2020
17790
Senat: Hindistonga davolanish uchun borgan vatandoshlar uchun charter reys tashkil etilishi kerak

Senatorlar Maxsus komissiya va Tashqi ishlar vazirligiga xat jo‘natib, bu xatlari ijrosi yuzasidan 11 maygacha axborot berishni so‘rashdi.

3 may kuni Kun.uz e'lon qilgan «Ahvolimiz tobora og‘irlashmoqda, pullarimiz tugab bo‘ldi. Hindistonga davolanishga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotgan o‘zbeklar» sarlavhali maqola Oliy Majlis Senatida o‘rganib chiqildi.

Parlament yuqori palatasi Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Robaxon Mahmudovaning ma'lum qilishicha, mazkur masala yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy xat yo‘llangan.

Xatda Hindistonga davolanishga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotgan vatandoshlarimiz moddiy axvoli og‘irligi, hozirda mavjud mablag‘lari 5-7 kunga yetishi, ayrimlari esa xayriya aksiyalarida xomiylardan yig‘ilgan pul mablag‘lari evaziga ketishgani, Hindistonda qolayotgan o‘zbekistonliklarning aksariyati elchixonada maxsus charter reys orqali vatanga qaytish uchun ro‘yxatdan o‘tishgani ta'kidlangan.

Senat maxsus komissiya va TIVdan maqolada keltirilgan barcha vajlarni o‘rganib, muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatilishi va ularning charter reyslar orqali O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berishni hamda qilingan ishlar to‘g‘risida 11 maygacha Senatga ma'lum qilishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston 16 mart kunidan e'tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlarini to‘xtatgan edi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 30 mart soat 00:01dan 20 aprel soat 00:01ga qadar O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar yopilgan va aviaqatnovlar butunlay to‘xtatildi.

29 aprel kuni Uzbekistan Airways matbuot kotibi Habibullo Nabiyev Kun.uz’ga bergan ma'lumotida xorijga aviaqatnovlar 30 iyungacha tiklanmasligi mumkinligini aytgandi.

Oradan ikki kun o‘tgach, Uzbekistan Airways bu ma'lumotni rad etib, xorijga parvozlar va aviachiptalar sotuvi tiklanish muddati koronavirus tarqalishi bo‘yicha xalqaro vaziyatga bog‘liqligi, agar 30 iyunga qadar turli davlatlar va O‘zbekistonda karantin bo‘yicha cheklovlar bekor qilinsa, xorijiy yo‘nalishlarga chiptalar sotuvi ham, aviaqatnovlar ham qayta tiklanishi mumkinligini ma'lum qilgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top