18:19 / 11.05.2020
4300
Nurmuratov inqiroz davrida xorijiy banklar oldidagi majburiyatlar bajarilishi yuzasidan izoh berdi

Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov Senatning 4-yalpi majlisida xorijiy banklar oldidagi majburiyatlarning inqiroz davrida bajarilishi bo‘yicha ma'lumot berdi.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

«Hozirgi inqiroz sharoitida jami 22,1 trln so‘m miqdoridagi kreditlar muddati uzaytirilgan. Kreditlarini qaytarishi kerak bo‘lgan xo‘jalik sub'yektlarining 55 foizi, aholining 80 foizi uchun kredit to‘lovlari muddati joriy yil 1 oktyabr sanasigacha uzaytirilgan.

Ammo 22 trln so‘mni uzaytirdik degani, biz kimningdir hisobidan kredit bergandik, u o‘z pulini so‘rab kelsa, bank qaytarishi kerak. Ya'ni 1 oktyabrgacha xorijiy banklar oldidagi 585 mln dollarlik majburiyatimizni bajarishimiz kerak. Ularga: «Kechirasiz, biz kreditimizni cho‘zib qo‘ygandik», deb ayta olmaymiz.

Shuni ham hisobga olgan holda, banklarning kapitallik darajasi 23,5 foizga, likvidlik darajasi 11,3 foizga yetkazilgani hisob-kitobimiz bo‘yicha ma'lum bir yo‘qotishlarsiz chiqib ketishga imkon beradi», deya Nurmuratovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Markaziy bank raisi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to‘xtab qolmasligi uchun banklar orqali 30 trillion so‘m aylanma mablag‘lar ajratilishi belgilanganini qayd etar ekan, hozirgacha shundan 5,3 trln so‘m kredit berilganini ma'lum qildi.

«Hozirgi kunda banklarda resurs yo‘q, deyish holatlari bo‘ladi. Shuning uchun Markaziy bankning pul-kredit instrumentlari orqali bank tizimiga 13,6 trln so‘mlik qo‘shimcha likvidlik yetkaziladi. Bu iqtisodiy faollikni tezroq jonlantirishga imkon yaratadi», dedi u.

Shuningdek, inqiroz sharoitida ta'lim kreditini ajratish masalasi bo‘yicha ma'lumot berildi.

«Hozirda kontrakt to‘lovini har oyda bo‘lib to‘lash joriy qilingan. Bu o‘z-o‘zidan bank kreditiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, chunki kredit olsa ham har oyda qaytarishi kerak, o‘zi to‘lasa ham har oyda to‘laydi. Bu oylik to‘lovlarni kamaytirish imkoniyatini berdi. Har bir bankning ichki siyosatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha limitlar belgilangan. Shu limitlar doirasida kreditlar ajratib boriladi», deya ta'kidladi Mamarizo Nurmuratov.

Top