2025 yil 1-chorak yakuniy bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining umumiy tashqi qarzi 68,4 mlrd dollarni tashkil qildi.

Shundan 35,8 mlrd dollari – davlat tashqi qarzi, 32,6 mlrd dollari –korporativ tashqi qarzlardir. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirib o‘tilgan.

Yanvar-mart oylarida umumiy tashqi qarz qoldig‘i 4,3 mlrd dollarga oshgan. Bunda, davlat tashqi qarzi 1,9 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz 2,4 mlrd dollarga ko‘paygan.

2024 yil 4-choragi (+3,9 mlrd dollar) bilan taqqoslaganda, tashqi qarz jamg‘arish tezlashganini ko‘rish mumkin.

Umumiy tashqi qarz qoldig‘ining o‘sishi yillik nisbatda (2024 yil 1-choragiga taqqoslaganda) 14,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan 6,2 mlrd dollari – davlat, 8,7 mlrd dollari korporativ tashqi qarzdan iborat.

Ma’lumot uchun: korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor va davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi.

Joriy operatsiyalar hisobi uzoq yillik minimumni qayd etdi

1-chorakda joriy operatsiyalar hisobidagi manfiy saldo 160,7 mln dollargacha qisqardi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning ilk choragida bu ko‘rsatkich 2,1 mlrd dollar bo‘lgan.

Savdo balansining manfiy saldosi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga qisqarib, 2,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu – eksport hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi sharoitida, importning deyarli o‘zgarishsiz saqlanib qolishi bilan izohlanadi.

Xususan, jami eksport hajmi 22 foizga oshib, qariyb 8 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, jami import hajmi 10,5 mlrd dollar atrofida shakllandi.