13:50 / 22.05.2020
5928
Chempion hikoyalari. Roberto Karlos «Real»dagi yillari, Lorenso Sans va pandemiya davri haqida

Uyimda unutilmas foto bor. Bu surat 1996 yilda, «Real» meni «Inter»dan xarid qilgan paytlarda olingan. Ungacha men hech qachon Madridda bo‘lmagandim. 23 yoshdaman. Samolyotdan tushishim bilan men dastlab uyga yoki «Santyago Bernabeu»ga emas, bir necha jurnalist bilan Sibeles maydoniga borgandim.

Men Sibeles maydoni rasmlarini ko‘p ko‘rmagandim, lekin juda ahamiyatli joy ekanini bilardim. Markazda Kibela ma'budining haykali, atrofida ulkan Ispaniya Banki binosi va Sibeles saroyi bor. U yerdan shahar markaziga borish ham oson, Retiro parki, Prado muzeyi va Kastelyana ko‘chasi orqali «Santyago Bernabeu» stadioniga chiqish mumkin. Har qanday madridlik biladiki, Sibeles – o‘ziga xos joy.

Sibeles maydoni / Alvaro Hernandez/AP Photo

Shuningdek, «Real» yoki Ispaniya terma jamoasi ham o‘z sovrinlarini nishonlagani aynan shu yerga kelishadi. Aytish mumkinki, aeroportdan markazga avtobusda kelayotib, bu holat meni Rio-de-Janeyroga tushib, Iso-Masih haykali oldiga borganimni eslatdi. Juda hayajonlangandim. Ayni o‘sha damda fotograf rasmga olgan.

Bu suratga qarab turib, «Real» bilan ajoyib safarimni eslayman. Bu rasm hali ham uyimda osig‘liq turadi. Uyim hali ham Madridda, zero «Real» klubida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor lavozimida ishlab kelaman.

Tabiiyki, sizlar va ko‘pchilik kabi, hozir men ham ishga borib kela olmayapman. So‘nggi bir oyda ikki marta tashqariga, supermarketga chiqdim xolos. Bu juda qiyin, lekin shunday qilish kerakligini tushunaman.

Ko‘chaga chiqqan har ikki holatda ham, shahrimni taniy olmadim. Boshqa paytlari quyosh nuri ostida sayr qilayotgan keksalarni, yugurib yurgan bolakaylarni, dam olishga chiqqan oilalarni, restoranlarda o‘tirgan yoshlarni ko‘rardik. Hayotda nima xohlasang, Madridda topiladi: quyosh, sport, madaniyat, tungi hayot, shirin taomlar. Bu o‘zgacha olam. Bu yerning odamlarni hayotdan zavq olishni juda yaxshi bilishadi.

Hozir esa, bu narsa yo‘q. Ko‘chalar bo‘m bo‘sh. Men hech qachon Madridni bunday holatda ko‘rmagandim.

Shaxsan menga virus tegmadi. Oilam ham salomat. Ammo kasallikka chalingan boshqa oilalarga achinaman. Ba'zilarini tanirdim ham. Ma'lumki, yaqinda virus «Real»ning sobiq prezidenti Loresno Sansni hayotdan olib ketdi. Bu inson meni klubga olib kelgan. U 76 yoshda edi. Lorenso virusga chalinganini eshitganimda, u uchun duo qildim. Ammo bilardimki, u uzoq vaqtdan beri kasal edi va shifokorlar u kasallikka qarshi kurashishi qiyin bo‘lishini aytishgandi.

Sans haqida eslaganimda kayfiyatim ko‘tariladi. U prezident bo‘lsada, avvalo, klub muxlisi edi. U «Real» uchun yashardi. U doim futbol jarayoni ichida yashar, doim kiyim almashtirish xonasiga kirib, biz bilan muloqot qilardi. Mag‘lub bo‘lgan kezlarimizda bizni yupatar, sovrin yutsak, birinchi navbatda bizni bag‘riga bosardi. U bizning otamizdek edi.

U bilan deyarli har kuni gaplashardim. Turli maslahatlar olardim. Hech qachon ismini aytib chaqirmaganman, biz uchun u prezident edi.

«Salom, prezident, ishlar qalay?», deyman men. U kulardi-da, meni quchoqlab olardi.

«Real» meni sotib olgan paytda Lorenso klubda endigina olti oy ishlagandi. Shartnoma imzolangach, hammasi tezlashib ketdi. Debyut uchrashuvimda «Deportivo» darvozasiga gol urdim. Albatta, «Santyago Bernabeu»dagi ilk o‘yinimni ham yaxshi eslayman.

Sakson ming tomoshabin qarshisida – nimalar bo‘lyapti, men qayerdaman, tushunmay qolgandim. Agar xato qilib qo‘ysamchi? Dahshat.

Keyingina bu hayotimdagi eng yaxshi kun bo‘lganini anglab yetdim. Bir muddat o‘tib, «Real»ni o‘rab olgan bu bosimni his qilishni, unda yashashni o‘rgandim. Shunday paytlar kelardiki, eng tajribali futbolchilarga ham oson bo‘lmasdi.

Madriddagi ikki yilimdan keyin «Real» Chempionlar Ligasi finalida «Yuventus»ga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Sir emaski, «Real» turnir tarixidagi sovrinlar bo‘yicha yetakchi, ammo o‘sha paytda klub 32 yildan beri g‘olib bo‘la olmayotgandi. Biz La Ligada unchalik yaxshi o‘ynay olmayotgandik, turinliklar esa, qatorasiga uchinchi bor finalga yetib kelgandi. Tabiiyki, favorit biz emasdik.

Finaldan oldingi tunda hech birimiz uxlay olmadik. Odatda, kechki o‘nga yaqin uyquga yotishimiz kerak, lekin o‘sha kuni hammamiz mehmonxona zalida soat to‘rtgacha o‘tirib chiqdik. Suhbatlashdik, bir birimizga turli hikoyalar, voqealarni aytib berdik. Biz «Yuventus»ni hurmat qilardik, lekin qo‘rqmadik. Sabrsizlik bilan hakam hushtagini kutardik.

Uchrashuv bizning foydamizga hal bo‘ldi. Raqib yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘lgandi, lekin sovrinni boshimiz uzga ko‘tarish bizga nasib qildi. Birgina imkoniyat g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi. Nazarimda, o‘yin sifatidan ko‘ra, motivatsiya bizaga ko‘proq yordam berdi, go‘yoki g‘alabani ulardan ko‘ra ko‘proq xohlayotgandek edik.

Christian Liewig/TempSport/Corbis via Getty Images

Muvaffaqiyatdan so‘ng Sibeles maydoniga bordik. Ko‘chalar muxlislar bilan to‘lgan, hamma oq libosga burkangan. Muxlislar qo‘shiq aytishar va bayram qilishardi. Bu oqshomni hech qachon unuta olmayman. Agar «Real»dagi eng zo‘r xotiram haqida so‘rashsa, o‘ylab ham o‘tirmay, Sibelesdagi o‘sha kunni aytaman.

Futbolchi Madridda qanchalik ko‘p qolsa, «Real»ning nafaqat Ispaniya, balki butun dunyo uchun naqadar muhim klub ekanini ko‘proq anglayveradi. Qayerda o‘ynashimizdan qat'i nazar, Klasiko bo‘ladimi yoki oddiy kubok uchrashuvi, farqi yo‘q, «Santyago Bernabeu» muxlislar bilan to‘ladi. Muxlislar «Real»ni shonli tarixi, e'tibori, sovrinlari, an'analari uchun yaxshi ko‘rishadi. Xuddi shu sabablar tufayli, men ham o‘z vaqtida «Real»ni tanlaganman.

«Real»dagi galaktikos davri nafaqat muxlislar uchun, biz uchun ham unutilmas bo‘lgandi. Bunday loyihaning bir qismi bo‘lish ajoyib hissiyot. Shunchaki, zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, atrofingga qaraysan – «Oltin to‘p» sohiblari, Primeroning eng yaxshi to‘purari, dunyoning eng yaxshi darvozaboni... Vau, qayerdan keldim-u, kimlar bilan o‘tiribman, deb yuborasan beixtiyor.

Chempionlar Ligasini yana ikki marta yutdik. Ammo tan olishim kerak, o‘sha voqealar, o‘yinlarni aniq eslab qolmaganman. «Real»dek jamoada o‘ynar ekansan, xotiralar, g‘alabalar, har qancha buyuk bo‘lmasin, tarixda qolishi va bugun bilan yashashing kerak. «Real»dagi faoliyatimni tugatibgina, men nimalarga erishganimni to‘liq his qildim, anglab yetdim.

Jasper Juinen/AP Photo

2007 yilning 17 iyun kuni «Real» safidagi so‘nggi o‘yinimni o‘tkazdim. So‘nggi turda «Malorka» bizga qarshilik qilayotgan, «Barselona» esa Tarragonada «Himnastik» mehmoni edi. Chempion bo‘lishimiz uchun uch ochko olishimiz shart edi. Birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yuborganimizga qaramasdan, keyin uchta gol urdik va chempionga aylandik. Unutilmas g‘alaba.

Hammasidan ham, muxlislar meni qanday olqishlashganini eslayman. O‘sha o‘yin men va Devid Bekhem uchun xayrlashuv ekanini bilishardi. Mehmonxonani tark etib, stadionga yetib borguncha, muxlislar bizni ta'qib qilishar, ismimni aytib olqishlashardi. Nomim yozilgan sharflarni silkitishardi. Xuddi mening tug‘ilgan kunim bo‘layotgandek.

O‘shandagina, klub uchun nimalar qilganimni angladim. O‘sha kuni muxlislar meni qanchalik yaxshi ko‘rishlarini tushundim. Muxlislar yaqindan munosabat o‘rnatmay turib ham, bir insonni qanchalik yaxshi ko‘rish mumkinligini ko‘rsatishgandi menga.

Aynan shu sababli ham, bugungi kunlar meni ko‘proq qayg‘uga cho‘mdiradi.

Barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, nafaqat Madrid, balki butun dunyoni ijobiy kayfiyatni saqlab turishga chaqiraman. Hayotdagi asosiy falsafam, har qanday muammoni tabassum bilan yengishdir. Shuning uchun ham, boshni ko‘taring va faqat oldinga qarang. O‘zingizga ishoning. Sabr qiling. Xotirjam bo‘ling. Boshqalarga yordam berishga harakat qiling.

Pandemiya davrida juda ko‘p ijobiy jarayonlarni ham boshdan kechirdik. Shuni tushundik-ki, barcha odamlar aslida bir-birlariga juda o‘xshash, kuchsiz tomonlari ham bir xil. Tushundikki, oila muhim, do‘stlar ahamiyatli, bir-birimizsiz yashay olmaymiz. Oddiy videoqo‘ng‘iroq orqali aytilgan bir og‘iz shirin so‘z ham qanchalik kerakli ekanini angladik. Bundan keyin ham, birgalikda ishlashda davom etishimiz kerak. Odatiy hayotga qaytish uchun, hatto uyda o‘tirib ham, birgalikda kurashamiz.

Men ham siz kabi futbolni sog‘indim, «Real»ning Sibelesga kelib, navbatdagi sovrinini nishonlashini sabrsizlik bilan kutmoqdaman.

Hozir esa... Shunchaki, ko‘chada ko‘proq odamlarni ko‘rishni orzu qilaman.

Bu eng muhim g‘alaba bo‘lardi. Axir hammamiz shu uchun kurashyapmiz.

ThePlayersTribune

Top