08:05 / 22.05.2020
3880
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining majlisi bo‘lib o‘tdi

Koronavirus pandemiyasi oqibatlari oldini olish, jumladan MDH mamlakatlari hududlarida bo‘lib turgan fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatishda tomonlarning vakolatli idoralari o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.

2020 yil 21 may kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining videokonferensaloqa shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marat Sizdiqov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Zohir Saidzoda, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xojiyev ishtirok etdilar.

TIV xabariga ko‘ra, tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya vazirlarining bo‘lajak uchinchi uchrashuvi kun tartibini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston tomoni fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini keng nishonlash uchun mamlakatda amalga oshirilayotgan tadbirlar va dasturlar haqida ma'lumot berdi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatlari oldini olish, jumladan MDH mamlakatlari hududlarida bo‘lib turgan fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatishda tomonlarning vakolatli idoralari o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.

Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro munosabatlar yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik va transport-kommunikatsiya sohasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surish bo‘yicha faol qo‘shma ishlarni davom ettirish zarurligini ta'kidladilar, deyiladi xabarda. 

Top