Jamiyat | 11:08 / 24.05.2020
14856
15 daqiqa o‘qiladi

Nega xorijliklar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun sifatli qo‘llanmalar kam?

«Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganidan buyon oradan qariyb o‘ttiz bir yil o‘tdi. Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida xorijzabonlarga o‘zbek tilini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan nechta qo‘llanma va lug‘at yaratildi? O‘zbek tili grammatikasini soddalashtirish va optimallashtirish, tilimiz nufuzini oshirish va uni targ‘ib qilish borasida aytishga arzigulik qanday ishlar amalga oshirildi? Mamlakatimizdagi til bilan bog‘liq real vaziyatni xolis, chuqur va professional tarzda tahlil qilib beradigan, muammolarga yechim ko‘rsata oladigan qanday ilmiy tadqiqotlar o‘tkazildi? Bisotimizda o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan xorijlik do‘stlarimizning qo‘liga tutqizgulik biror sifatli adabiyot yoki kontent-resursimiz bormi?

Tan olaylik, bugun bu kabi savollarga javob berish oson emas. Chunki, aslida, nihoyatda muhim bo‘lgan bu masalalarga yillar davomida yetarlicha e’tibor qaratilmadi. «O‘zbek tili – o‘zbeklar uchun», «Xorijliklarda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj va xohish yo‘q» degan turli vaj-korsonlar bilan o‘zimizni aldab, chalg‘itib keldik. Farzandlarimizni esa rus maktablariga berishga odatlandik.

Ustiga ustak, darsliklarimiz saviyasi va ona tili fanini o‘qitish sifat darajasi ham achinarli ahvolga tushib qoldi. Natijada bitta arizani eplab yoza olmaydigan, tili vulgarizm bilan bulg‘angan, nutqi qashshoq yoshlar qarshimizda qanday paydo bo‘lganini sezib-sezmay ham qoldik.  

Aytish joizki, bu muammolar barchamizning og‘riqli nuqtamizdir. Mana shunday bir sharoitda ham o‘zbek tiliga mehr qo‘ya olgan, tilimizda biz bilan tengma-teng muloqot qila oladigan xorijlik do‘stlarimizning soni tobora ortib borayotgani quvonarli hol, albatta. Zotan, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, RhD Beruniy Alimov e’tirof etgan – o‘zbek tilida bulbuldek sayraydigan amerikalik ayol Mariya, tilimizda bemalol intervyu bera olgan finlyandiyalik yigit Binyamin Patkenan va o‘zbek tilida biyron so‘zlovchi bir qator xorijlik diplomatlar paydo bo‘layotgani hali imkoniyat o‘z qo‘limizda ekaniga, vaqtni boy bermay, tilimiz rivoji va mavqesi uchun astoydil harakat qilishimiz kerakligiga undamoqda.

Albatta, bu yo‘ldagi dastlabki muhim qadam xorijzabonlar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi sifatli qo‘llanmalar yaratishdir.

Keling, dastavval bu yo‘nalishda ayni paytga qadar yaratilgan ayrim qo‘llanma-darsliklar, lug‘atlar va videomateriallar haqida to‘xtalib o‘tsak. Tilshunos va bloger Shahnoza Soatova o‘zbek tilini o‘rganish uchun bepul resurslar ro‘yxatini keltirgan.

1. Camouchitel uzbekskogo yazyka. O‘qituvchi nashriyoti. 1991 yil.

X.Ismatullayev muallifligidagi mazkur qo‘llanma jami 21 darsdan iborat. Ularning 6tasi o‘zbek tili fonetikasiga, qolgan 15tasi esa grammatik tuzilishiga bag‘ishlangan. O‘z navbatida har bir dars 3 tarkibiy qismdan iborat:

1) yangi so‘z va jumlalar;

2) grammatik qoidalar;

3) mustahkamlash uchun mashqlar.

2. Uchimsya govorit po-uzbekski. Russko-uzbekskiy razgovornik. O‘qituvchi nashriyoti. 1991 yil.

Batyrova M.A., Daniyarov R.D., Kissen Ye.A., Mirzayeva I.R.lar hammuallifligidagi mazkur qo‘llanma o‘zbek tilini bilmaydigan va uni o‘rganishni niyat qilgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kitob umumiy va asosiy qismdan iborat.

Umumiy qismda o‘zbek muomala madaniyati xos leksemalar, kundalik hayotda ishlatiladigan so‘z va birikmalar berilgan. Asosiy qismdan esa tematik bo‘limlar: oila, ta’lim, sport kabi mavzular o‘rin olgan. O‘z navbatida har bir bo‘limda mavzuga aloqador so‘z va iboralar ro‘yxati, shuningdek, ehtimoliy dialoglar namunalari keltirilgan.  

3. O‘zbek tili. Rasulov R., Usmonov M., Mirazizova A. Nizomiy nomidagi TDPU, 2003 yil.   

Ushbu darslik respublikamiz oliy o‘quv yurtlari rus guruhi talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda nazariy va amaliy bilimlar ifoda etilgan. Ushbu darslikda asosiy diqqat-eʼtibor amaliyotga, ya’ni nutqni o‘stirishga qaratilgan. Shu bois darslikning asosiy qismini mashg‘ulotlar, topshiriqlar, matnlar, tarjimalar va lug‘atlar tashkil etadi. Shuningdek, unda o‘zbek faol iste’moldagi ayrim ish hujjatlari namunalari ham berilgan.

4. Uzbekskiy yazyk dlya stran SNG. Sorokina T.S.ning tahriri ostida. Moskva, Rema. 2012 yil.    

Mazkur darslik o‘zbek tili va madaniyatiga qiziqqan keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘quv materiallari asosan madaniyatlararo munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan. Unda janri va murakkablik darajasi turlicha bo‘lgan matnlar berilgan. Mazkur matnlar O‘zbekiston tarixi, madaniyati hamda zamonaviy hayotini aks ettiradi. Nashr kompakt-disk bilan to‘ldirilgan bo‘lib, elektron darslik va audiokurslar ham mavjud. Audiokurslarda o‘zbek tilidagi bir qator dialoglar, maqollar, she’rlar va matnlar o‘rin olgan.  

Lug‘atlar

1. Uzbeksko-russkiy slovar. Kary-Niyazov T.N., Borovkov A.K. UzFAN, 1941 yil.

Lug‘atda adabiy va og‘zaki o‘zbek tilining 17 mingga yaqin so‘zlari, shuningdek, eng keng tarqalgan iboralari mavjud. Lug‘at ancha yillar oldin yaratilgani bois bugun ma’nan eskirgan.

2. Uzbeksko-russkiy slovar. Azizov O., Rizayeva Z. O‘qituvchi nashriyoti, 1989 yil.

Ushbu lug‘at ham biroz eskirgan bo‘lib, hozirgi kunda undagi mavjud ko‘plab so‘zlarning o‘rnida boshqa muqobil so‘zlar ishlatilmoqda.

3. Elektron lug‘at. O‘zbek-rus va rus -o‘zbek tili yo‘nalishidagi elektron lug‘at.

Zamonaviylik nuqtayi nazardan olib qaraganda, ancha qulay bo‘lgan ushbu elekton lug‘at o‘zbek tilidagi muayyan so‘zning ruscha ma’nosini yoki aksincha, rus tilidagi biror so‘zning o‘zbekcha ma’nosini aniqlashga yordam beradi. Buning uchun esa bir necha soniyalar kifoya, ya’ni ushbu ilova-dastur vaqtimizni tejashi bilan ham ahamiyatlidir.

Videomateriallar

Youtube tarmog‘ida o‘zbek tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan videolar soni barmoq bilan sanarli darajada oz.  

1. Uzbekskiy za 47 dney

2. Uzbekskiy yazyk dlya vas

3. Uchit uzbekskiy yazyk

Ko‘rib turganingizdek, holat maqtangulik darajada emas. Hatto yomon ahvolda, desak ham bo‘laveradi. Chunki yuqorida nomi qayd etilgan adabiyotlarning aksariyati bundan ancha yillar oldin yaratilgan va ularning ba’zilari bugungi kunda eskirib qolgan. Bu esa o‘zbek tilini o‘rganuvchi xorijliklar uchun mutlaqo yangi, zamonaviy talablarga javob bera oladigan qo‘llanmalar seriyasini yaratishni taqozo qilmoqda.

Xo‘sh, xorijzabon shaxslarga o‘zbek tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan qo‘llanmalar  qanday bo‘lishi kerak?

Ushbu savolga chet elda yaratilgan va amaliyotda o‘zini oqlagan ba’zi dasturlar asosida javob berishga harakat qilamiz.

1. O‘zbek tilini o‘rgatish dasturini SeFR – A1, A2 (boshlang‘ich), V1, V2 (o‘rta) va S1/+ (yuqori) yoki International English testing system (IELTS)ga o‘xshash tizimda  ishlab chiqish va qo‘llanmalarni ham shunga mos ravishda yaratish

Bu tajriba dunyoning ko‘plab mamlakatlari til dasturlariga xos bo‘lib, bu yo‘l til tezroq va osonroq o‘zlashtirilishida, shuningdek, uni ma’lum bir tizim asosida o‘rganilishi va bilim baholanishida muhim rol o‘ynaydi.

2. O‘zbek tilidan sinov tizimi

Yaratilgan qo‘llanmalar bazasi asosida o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlab beruvchi sinov tizimini yaratish.

Avvalroq Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, bir qator tilshunoslarimiz o‘zbek tilini chinakam davlat tili darajasiga ko‘tarish uchun barcha davlat idoralarida faoliyat yurituvchi, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim oluvchi har bir shaxs davlat tilini bilishini ta’minlovchi mexanizmga ehtiyoj borligini aytishgan va mazkur mexanizmni ishlab chiqish bo‘yicha ba’zi amaliy takliflarni ham berishgandi.

Demakki, bu sohada ham qo‘llanmalarning mutlaqo yangi avlodini yaratish ehtiyojga aylanib bormoqda.  

3. Qo‘llanmaning tarkibiy qismi

Qo‘llanma tarkibiga alohida dars kitobi va mashqlar kitobi kiritilishi va ular muayyan mavzularni qamrab olgan taxminan 6-8 mavzudan iborat bo‘lishi lozim. O‘z navbatida har bir mavzu kamida 3ta farqli ichki sarlavhali mavzularga bo‘linishi, bosh mavzu esa o‘rgatilishi lozim bo‘lgan ko‘nikma, grammatika va leksik birliklarni qamrab olishi maqsadga muvofiq.

Har bir mavzu tarkibidagi ichki sarlavhali mavzular tayyorgarlik mashqlari, o‘qish, tinglash, og‘zaki va yozma nutq mahoratini shakllantiruvchi materiallardan tashkil topishi, mavzu nihoyasida esa misol uchun «Madaniyat», «O‘ynab o‘rganamiz», «Nimalarni o‘rgandik?» , «O‘zini o‘zi tekshirish», «Lug‘at» kabi bo‘limlari bilan bir qatorda o‘qish va tinglash uchun matnlar berilishi darkor.

4. Qo‘llanma dizayni

Qo‘llanma dizayni bu boradagi xalqaro tajribalarga suyangan holda ishlab chiqilishi, ayni paytda u milliy koloritni ham ifoda etishi maqsadga muvofiq. Rang tanlash, matnlar joylashuvi, sahifaning grafik tasvirini yaratishda o‘quvchi psixologiyasi hisobga olinishi lozim.    

5. Qo‘llanmaning mazmuniy tarkibi

Bu jihat nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Chunki qo‘llanmada berilgan materiallar katta ehtimol bilan o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijliklar uchun O‘zbekiston tarixi, madaniyati, san’ati, turistik salohiyati va maishiy turmush tarzi haqidagi dastlabki ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Qolaversa, ushbu ma’lumotlar xorijlik insonning mamlakatimiz hayotiga tezroq moslashib ketishiga yordam berishi, uning qalbida  O‘zbekistonga nisbatan iliq kayfiyat uyg‘otishga xizmat qilishi kerak.  

6. Ishni tashkil qilish

Ushbu qo‘llanmalar jamlanmasini ishlab chiqishda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mas’ullari bosh-qosh bo‘lib, soha mutaxassislari va tashabbuskor yoshlarni birlashtirishsa, ularni yetarli darajada rag‘batlantirib turishsa, ushbu vazifa nisbatan tezroq va sifatliroq ado etiladi.    

7. Targ‘ibot  

2016 yil O‘zMU o‘qituvchisi Gulbahor Iskandarova hamda Jongyang Minsu universiteti o‘qituvchisi Gulibonum Keybatuli o‘zbek tilini o‘rganish istagidagi xitoyliklar uchun darslik ishlab chiqishgandi. Endilikda bu kabi tajribalarni son va sifat nuqtayi nazardan oshirib borishga e’tibor qilish darkor.

Qolaversa, davlat tilini o‘rganishni hayotiy zaruratga aylantirish, tilimiz targ‘iboti doirasida o‘zbek tili qo‘llanmalarini yurtimizda doimiy istiqomat qiluvchi o‘zga millat vakillari, shuningdek, chet eldan tashrif buyurgan mehmonlarga sovg‘a tariqasida tarqatish tajribasini yo‘lga qo‘yish lozim. Chunki o‘zbek tilini o‘rganishga istak bildirganlarni to‘g‘ri yo‘naltirish, ularda tilimizga nisbatan mehr va qiziqish uyg‘ota olish – bu tariximizga, madaniyat va san’atimizga, milliy turizm sohasidagi salohiyatimizga, umuman olganda, butun O‘zbekistonga qiziqish uyg‘ota olish demakdir. Shu ma’noda deyarli har qadamda o‘zbek tilini o‘rgatuvchi ixcham kurslar tashkil qilish, bu borada keng jamoatchilikni xabardor etuvchi reklamalar berish orqali ta’lim bozoriga taklif kiritish, mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash kerak. Ayni paytda internet segmentida o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan kontentlarni rivojlantirish, o‘zbek va xalqaro tillar ikkiligiga asoslangan elektron lug‘atlar, mobil ilovalar yaratish borasidagi ishlarni jadallashtirish lozim.

To‘g‘ri, bu kabi ishlarning ijobiy samarasi birdaniga ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Ammo u bir necha yillardan so‘ng yurtimizga oqib kelayotgan sayyohlar va investitsiyalar misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ya’ni bu mehnat kelgusida davlatimiz rivoji uchun har tomonlama katta samara berishi mumkin.

Eng asosiysi

Albatta, xorijzabonlar uchun mo‘ljallangan o‘zbek tili qo‘llanma majmuasini yaratish borasida berilgan takliflar yanada to‘ldirilishi va boyitilishi mumkin. Eng asosiysi, ishga kirishish va uni izchil davom ettira olishdir. Shunday ekan, yuqorida nomi tilga olingan oliy o‘quv yurtlari va tashkilotlardan bu boradagi fikr va munosabatlarni kutib qolamiz.  

Otabek Tillayev  

Mavzuga oid