-“Assalomu aleykum, Binyamin! Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? O‘zbek tilida chiroyli gapirasiz, dasturimizning ko‘pchilik tomoshabinlariga qiziq. O‘zbek tilini qanday qilib o‘rganib olgansiz? 

-Assalomu aleykum! Yaxshi, rahmat. Men 1997 yili tug‘ilganman. Dadam, oyim, akam va men yoshligimizda O‘zbekistonga borganmiz. U yerda o‘zimiz uy qildik va biroz muddat o‘sha yerda yashadik. Shuning uchun o‘zbek va fin tillarini birgalikda o‘rganganman. 

-Hozir ham O‘zbekistonni eslab turasizmi, sog‘inadigan joylaringiz bormi?

-Yaqinlarimning ko‘pchiligi O‘zbekiston va Tojikistonda yashashadi. Ularni eslab sog‘inaman. 

-Bilasizki, hozirda nafaqat O‘zbekiston balki, butun dunyo aholisi boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazmoqda. Bu koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq. Finlyandiyada ham koronavirus aniqlangan. Fin xalqi va hukumati koronavirusga qarshi qanday kurashmoqda? Mana shu savolga javob bera olasizmi?

-Bizdagi holat Italiya va Ispaniyadagidek og‘ir ahvolda emas. Lekin, shunday bo‘lsada maktablar, oshxonalar va odam to‘planadigan joylar yopilgan. Karantin davrida 1-2 metrli oraliq masofani saqlash va hamma tibbiyot niqoblaridan foydalanishi qat'iy qilib qo‘yildi.

-Hozirgi Finlyandiyada do‘kondagi oziq-ovqat  va mahsulotlarining narxi qanday? 

-Oziq-ovqat do‘konlarida barcha mahsulotlar yetarli. Faqatgina do‘konda sotib oluvchilar soni 10 nafardan oshmasligi kerak. 

-Oylik maoshsiz, pulsiz va oziq-ovqatsiz qolgan oilalarga qanday yordamlar ko‘rsatilmoqda?

-Oziq-ovqatsiz va pulsiz qolgan oilalarga hukumat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ularga oziq-ovqat mahsulotlari ham yetkazilib berilmoqda. Ko‘ngilli odamlar ham yordam qiyapti. 

-Finlyandiyada transport harakati qanday? Avtobus, yengil mashinalar, metro va samolyot harakatdami?

-Ayni paytda aviaharakat 3 haftaga cheklangan. Chet davlatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtatilgan.