16:14 / 24.05.2020
36489
O‘zbekistondagi 413ta bozorda reyd o‘tkazilib, karantin qoidalarini buzganlar aniqlandi

22 may, juma kuni respublikadagi 413ta bozorda Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Foto: Milliy gvardiya

Milliy gvardiya matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, tadbirlar davomida 84 kishi karantin qoidalarini buzgani aniqlangan.

«Bundan tashqari, joylarda sanitariya holatini yanada yaxshilash maqsadida 1306ta obektda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi», – deyiladi xabarda.

Foto: Milliy gvardiya

Toshkent shahar IIBBdan xabar qilishlaricha, 21 may kuni poytaxtdagi 470ta savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini tekshirish vaqtida 63ta qoidabuzarlik aniqlangan, 22 may kuni tekshirilgan 544ta obektdan 74tasida qoidaga amal qilmaslik holati qayd etilgan.

«21 may kuni 132ta holatda tibbiy niqobsiz ko‘chaga chiqish va 22 mayda ham tibbiy niqobni taqmagan 110 kishi aniqlandi. Shu ikki kun ichida patrul xizmati xodimlari jamoat joylarida tibbiy niqoblarsiz bo‘lgan 187 kishini aniqladilar», – deyiladi poytaxt IIBB axborotida.

Foto: Milliy gvardiya

Ma'lumot uchun, MJtKning 54-moddasiga asosan, karantin qoidalarini buzganlar quyidagi miqdorlarda jarimaga tortiladi:

  • fuqarolar – BHMning 20-30 baravari (4 460 000 – 6 690 000)
  • mansabdor shaxslar – 30-50 baravari (6 690 000 – 11 150 000)

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Toshkentdagi «O‘rikzor» savdo majmuasida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, bozor vaqtinchalik yopilgani ma'lum bo‘lgan edi.

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekiston bo‘ylab karantindan tashqaridagi kishilarda ham koronavirus aniqlanishi holatlari ko‘paydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hafta davomida bir necha marta aholini xotirjamlikka berilmaslikka chaqirdi.

«Kasallanish holatlari shu tempda o‘ssa, qat'iy karantin qaytadi», dedi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Avvalroq Toshkent shahar IIBB ayrim fuqarolar sanitariya-epidemiologiya qoidalariga umuman rioya qilmay qo‘yganini ta'kidlab chiqqan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top