16:33 / 27.05.2020
37903

“Suyunchi puli”ni bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy ichida olish mumkin – DXA

Davlat xizmatlari agentligi bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish tartibiga oydinlik kiritdi. Qayd etilishicha, “suyunchi puli”ni bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy ichida olish mumkin.

Foto: Fotolia

“Bugun Davlat xizmatlari agentligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari, shuningdek, 1148 qisqa raqamli “ishonch telefoni” orqali bir martalik nafaqa puli berishni so‘rab qilinayotgan murojaatlar soni ortdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 maydagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra ariza beruvchi bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida “suyunchi puli”ni tayinlashi uchun Davlat xizmatlari markaziga (DXM) borgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qiladi.

Tegishli so‘rovnoma budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi. Pensiya jamg‘armasi o‘z navbatida nafaqani tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Nafaqa tayinlangan taqdirda, nafaqani qachon va qayerdan olish to‘g‘risida ma'lumot, nafaqa tayinlash rad etilganda rad etish sabablari ko‘rsatilgan ma'lumot tegishli davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron tarzda yuboriladi. Mazkur davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.”, deya DXA axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 maydagi qarori bilan, shuningdek, dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish, Pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida ma'lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish, pensiya va nafaqa miqdori to‘g‘risida ma'lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq ma'muriy reglamentlar tasdiqlangan.

Top