Qirg‘iziston Rishton-So‘x yo‘lini YeOII tufayli yopgan. O‘zbekiston yo‘lni qisqa muddatda ochish masalasini qo‘ydi
1 iyun kuni bosh vazir Abdulla Aripovning Farg‘ona viloyati So‘x tumanida mahalliy aholi bilan o‘tkazgan uchrashuvida faollar Qirg‘iziston hududi orqali O‘zbekistonga o‘tishda yuzaga keladigan qiyinchiliklardan shikoyat qilishdi.
«Kecha ro‘y bergan holat yurtimizga yarashmaydi. Prezidentimiz qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘lini tanlamoqda.
Muhtaram prezidentimiz topshirig‘i bo‘yicha keldik. Muammolar talaygina. O‘tgan yili ham Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasini qo‘ygandik. Ikki kun ishladi, keyin yopildi.
Bugun buning uchun Qirg‘iziston delegatsiyasi rahbari (Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov - tahr.) uzr so‘radi. Ular Yevroosiyo ittifoqiga a'zo bo‘lgani uchun, ularning talabi bilan yopishga majbur bo‘lgan. Xabaringlar bor, O‘zbekiston ham ittifoqqa kuzatuvchi sifatida a'zo bo‘lyapti. Kuzatuvchi ham hamma huquqlarga ega bo‘ladi.
Bugun biz Qirg‘iziston tomoniga birinchi bo‘lib Rishton-So‘x yo‘lini qisqa muddatda ochish masalasini qo‘ydik. Bu degani Farg‘onaga olib boruvchi yo‘l 80 kilometrga qisqaradi. Endi u davlat rahbariga borib aytadi.
Men ham prezidentga bu yerdagi gaplar bo‘yicha hisobot beraman. Barcha takliflarni mujassam qilib prezidentimizga kiritamiz. Muhtaram prezidentimiz shu hafta Farg‘onaga keladilar. Sizlarning oldilaringizga mening o‘rinbosarlarim keladi... bu yerda ko‘p muammolar bor ekan... birinchi navbatda yo‘llar masalasi yomon ekan.
Bu masalani shunday hal qilamiz: migratsiyaga keta olmagan yosh yigitlarimiz ko‘p. Shulardan brigadalar tuziladi, oylik to‘lanadi, qurilish materiallari beriladi, o‘zlaring qurasizlar, talab bitta, sifatli bo‘lsin.
Ikkinchi masala, Qirg‘iziston hududidagi yaylovlardan foydalanish masalasi. Bu masalani ham qo‘ydik. Qirg‘iziston tomoni bu masalani ham qisqa muddatda hal qilishga va'da berdi. Yana gaplashamiz.
Keyingi masala Chashma buloq masalasi. U chashma bu mo‘jiza, insonlarga yaratgan egam tomonidan berilgan ne'mat. Shuning uchun, bu muqaddas chashmadan ham bizning fuqarolar, ham qo‘shni respublika fuqarolari foydalanishga haqqi bor. Bu joyni chiroyli hududga aylantiramiz. Undan hamma birdek foydalanadi. Suvda kimdir cho‘milmasligi uchun panjara bilan chiroyli qilib o‘rab qo‘yamiz. Uni tozalash kerak bo‘lganda, O‘zbekistondan uch, Qirg‘izistondan uch vakil kirib qaraydi.
Shu haftada o‘rinbosarlarim kelib So‘xdagi ijtimoiy masalalarni o‘rganib, hal qilishadi. Men kasalxonaga bordim, ko‘p uskunalar yo‘q ekan. Sog‘liqni saqlash vaziriga topshiriq berdim, zamonaviy uskunalar olib kelinadi», degan bosh vazir.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda aholi vakillari mahalliy rahbarlar faoliyatidan norozilik bildirishgan. Bosh vazir bu masala ham ko‘rib chiqilishi, bu bo‘yicha ortiqcha bosim o‘tkazmaslikni so‘ragan.
Shundan so‘ng mahalliy aholi vakillaridan biri hokimlar yaylovlarni undan olib bunisiga sotishidan shikoyat qilgan. Bosh vazir Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga murojaat qilmoqchi bo‘lganida so‘xliklar baqir-chaqir qilib, keskin norozilik bildirishgan.
Shundan so‘ng bosh vazir aholini tinchlantirishga uringan, mahalliy rahbarlardan shikoyat qilgan faol hajga yuborilishi, u yaylovlar bo‘yicha nazorat kengashi raisi bo‘lishini aytgan.
Yana bir faol so‘zga chiqib, chegaradagi muammolardan shikoyat qilib, So‘x va Farg‘ona vodiysini bog‘lovchi yo‘lak (Yaypanga) qilib berishni so‘ragan. Shuningdek, suv yo‘qligi, xalq hokimdan noroziligi haqida gapirgan.
Bosh vazir bunga javoban birinchi navbatda Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasi ko‘rib chiqilishi, undan keyin Yaypanga yo‘lak ochish masalasi o‘ylab ko‘rilishini aytgan.
- Eslatib o‘tamiz, 2019 yil avgust oyi oxirida Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh barcha nazorat-tekshiruvlari postlari ochilgandi. Jumladan, 30 avgust kuni uzoq kutilgan Rishton-So‘x posti ham shu kuni ochilgandi. Ammo bir kun o‘tib yo‘l yana yopilgandi.
- 2020 yilning fevralida Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Rishton-So‘x yo‘li yopiqligini Qirg‘iziston YeOII a'zosi bo‘lgani uchun ularda savdo rejimi boshqacharoqligi bilan izohlagandi.
Mavzuga oid
08:11 / 19.12.2024
Abdulla Aripov Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston bosh vaziri etib tasdiqlangani bilan tabrikladi
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
21:12 / 12.12.2024
MDH davlatlari havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimini yaratadi
16:00 / 23.11.2024