15:26 / 04.06.2020
36681
Kasbiy va ijodiy imtihonlarni o‘tkazish tartibi ma'lum qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarda kirish imtihonlari qanday tartibida o‘tkazilishi haqida ma'lumot berdi. 

Unga ko‘ra, kasbiy (ijodiy) imtihonlarning o‘tkazilish sanasi quyidagicha:

– test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta'lim yo‘nalishlari uchun 11 iyuldan 20 iyulgacha;

– test topshirilmaydigan, alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlari uchun 25 iyuldan 10 avgustgacha imtihonlar o‘tkaziladi.

“Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish uchun oliy ta'lim muassasalarining hududiy sayyor qabul komissiyalari tashkil etiladi. Alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishiga ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasasi saytida kasbiy (ijodiy) imtihonlarning qaysi viloyatda qachon va qaysi binoda o‘tkazilishi ma'lum qilinadi. Abituriyent o‘zi hujjat topshirgan OTM saytiga kirib, qachon va qayerga imtihon topshirishi kerakligi haqida bilib olishi mumkin”, deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Ma'lum qilinishicha, kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari soddalashtirilgan tarzda tuziladi. Bunda abituriyent oliy ta'lim muassasasiga imtihon topshirish uchun bir marta kelishi ta'minlanadi, barcha topshiriqlar bir kun ichida topshiriladi. Imtihonlarning davomiyligi bir soatdan oshmasligi ta'minlanadi.

Milliy rassomchilik va dizayn institutida ijodiy imtihonlar uchun 2 soat vaqt ajratilishi mumkin.

“Odatda bizda imtihonlar uch bosqichda o‘tardi – qalam-tasvir, rang-tasvir va kompozitsiya. Bu yili tartibni soddalashtirgan holda faqat kompozitsiya fanidan imtihon topshirish kerakligi belgilandi. Ammo ijodiy soha bo‘lganligi uchun abituriyentga kompozitsiya chizishi uchun kamida 2 soat kerak bo‘ladi. Imkoni bo‘lsa, 2 soat belgilansa, abituriyentlarga qulaylik bo‘lardi”, dedi Milliy rassomchilik va dizayn instituti rektori Nodirbek Sayfullayev.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top