17:30 / 09.06.2020
10155

Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filialiga qabul kvotalari tasdiqlandi

Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialiga joriy yilda 345 nafar talaba qabul qilinishi belgilandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 iyundagi qaroriga muvofiq 2020–2021-o‘quv yili uchun Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialiga qabul kvotasi 345 o‘rin miqdorida belgilangan. Shundan 225 nafar talaba kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha, 120 nafari esa kechki ta'lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida ma'lum qilinishicha, filialga kunduzgi ta'lim shakli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadigan talabalarning 40 foizi – davlat granti, 60 foizi esa to‘lov-kontrakt, kechki ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa to‘liq to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishadi.

Universitetning Qashqadaryo viloyatidagi hududiy tayyorlov bo‘linmasi bitiruvchilarini filialga maqsadli qabul qilish, tayyorlov bo‘linmasi bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan alohida tanlov natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Tanlovdan o‘tmagan tayyorlov bo‘linmasi bitiruvchilari filialga kirish uchun umumiy talablar asosida imtihon topshirish huquqiga ega.

Mavzuga oid
Top