21:15 / 10.06.2020
8437
Davlatlarning xavfsizlik reytingi e'lon qilindi 

Dunyoda eng xavfsiz davlat Islandiya bo‘lib qolmoqda. U Global tinchliksevarlik indeksi Global Peace Index’da yana eng yuqori pog‘onani egalladi.

Foto : KUN.UZ

Iqtisodiyot va tinchlik instituti tahliliy markazi davlatlarning yangi xavfsizlik reytingini taqdim qildi. Reytingning yetakchi beshtaligi o‘zgarishsiz qolgan.

Ro‘yxatda 2-o‘rinni Yangi Zelandiya, 3-o‘rinni Portugaliya egallagan. Eng xavfsiz davlatlar yetakchi o‘ntaligiga Avstriya, Daniya, Kanada, Singapur, Chexiya, Yaponiya va Shveytsariya ham kirgan.

Reytingning eng oxirgi o‘rinlarini Yaman, Janubiy Sudan, Iroq, Suriya va Afg‘oniston egallagan.

O‘zbekiston yangi reytingda avvalgisiga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 163 ta davlat ichida 103-o‘rinni egallagan. Qo‘shni davlatlardan reytingda eng yaxshi pozitsiyaga Qozog‘iston ega bo‘lib, u 70-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Qirg‘iziston 93-o‘rinni, Tojikiston 107-o‘rinni va Turkmaniston 116-o‘rinni egallagan.

Global Peace Index Iqtisodiyot va tinchlik instituti jamiyatshunoslari va iqtisodiyotchilari tomonidan 2007 yildan beri tuzib kelinadi. 

Indeksni hisoblash uchun 163 ta davlatdan olingan ma'lumotlar tahlil qilinadi. Bunda 23 ta omil, jumladan jinoyatchilik va o‘lim darajasi, siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, inson huquqlariga amal qilinishi darajasi hisobga olinadi.

Top