08:32 / 11.06.2020
43252

AQShdagi namoyishlar: Xristofor Kolumbning bir haykali boshsiz qoldi, yana biri ko‘lga uloqtirildi

Iyun oyi boshida AQShdagi irqchilik va politsiyaning zo‘ravonligiga qarshi namoyishlar vaqtida qul savdogarlari va konfederatlar armiyalari generallariga qo‘yilgan yodgorliklar buzib tashlanishi kuzatilgan edi.

Foto: Boston Globe

10 iyunga kelib, navbat Xristofor Kolumb haykallariga keldi – Kolumbga atab qo‘yilgan monumentlardan biri boshsiz qoldi, yana birini ko‘lga uloqtirishdi.

Kolumb – Amerika kashfiyotchisi sanaladi. AQShda hatto Kolumb kuni ham nishonlanadi (12 oktabr). Ammo so‘nggi yillarda dengizchining merosi qayta ko‘rib chiqilmoqda – tanqidchilarga ko‘ra, Kolumbning sayohati amalda transatlantik qul savdosiga yo‘l ochib bergan.

Qolaversa, ispan-italyan jahongashtasini Amerikaning tub aholisiga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlikda va ularni o‘ldirganlikda ayblashadi. Shu boisdan ham ayrim shtatlarda Kolumb kunini bekor qilib, o‘rniga Tub mahalliy aholi kunini joriy qilishga qaratilgan chaqiriqlar bor.

Ayni kunlardagi namoyishlarda Kolumb ham norozi amerikaliklar e'tiboridan chetda qolmayapti. Virjiniya shtatining Richmond shahridagi tinch namoyish vaqtida aksiya ishtirokchilari dengizchining haykali atrofida yig‘ilib, rasmiylardan yodgorlikni rasman buzib tashlashni talab qilishdi.

Bir necha soat o‘tib, namoyishchilar qo‘llariga arqon olgancha o‘zlari monumentni olib tashlashga kirishdilar. Haykalga o‘t qo‘yilib, parkka sudrab olib kelindi va ko‘lga tashlab yuborildi.

Foto: REUTERS

Yodgorlik o‘rnatilgan ustunda esa quyidagi yozuv paydo bo‘ldi: «Kolumb – genotsid ramzi».

Boston shahrining Nort-End rayonidagi parkka o‘rnatilgan Xristofor Kolumb haykali ham namoyishchilar g‘azabiga duchor bo‘ldi. 10 iyun kuni dengizchi monumentining bosh qismi yulib olindi. Haykal bo‘lagini shu yaqin atrofdan topishgan.

Foto: REUTERS

Ma'lum bo‘lishicha, bu – Bostondagi mazkur yodgorlikka qilingan birinchi hujum emas. 2004 yilda unga «qotil» so‘zini yozib ketishgan, 2006 yilda esa kechagidek boshsiz qoldirishgan, 2015 yilda esa bosh qismini qizil bo‘yoq bilan bo‘yab tashlab, asos qismiga «Black Lives Matter» shiorini («qora tanlilarning hayoti muhim») yozib ketishgandi.

2015 yil
Foto: NorthEndWaterfront.com

Boston rasmiylari haykal rekonstruksiya qilish maqsadida joyidan olib ketilishini, ammo shu bilan monument o‘z o‘rniga qaytmasligi mumkinligini bildirishdi:

«Yodgorlik bir necha marta vandalizmga uchradi. Shahrimiz va butun mamlakatdagi gap-so‘zlarni hisobga olgan holda, biz uning tarixiy ahamiyatiga baho berishimiz lozim».

Foto: Boston Globe

Yevropalik kashfiyotchining haykallariga qilingan hujumlar ijtimoiy tarmoqlarda yana ushbu mavzu muhokamasi boshlanishiga turtki bo‘ldi.

Namoyishchilar tarafdorlari yodgorliklarga zarar yetkazilganini yoqlab, «adolat qaror topgani»ni aytishmoqda.

Boshqalar esa bu harakatlarda tarixni qayta yozishga urinishni ko‘rmoqda. Qarshi tomonning fikricha, bu xatti-harakatlar – o‘tmish elementlari zamonaviy kontekstga mos kelmay qolganda ulardan voz kechilishini ifodalovchi «bekor qilish madaniyati»ning bir ko‘rinishidir.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Top