Jamiyat | 20:12 / 14.06.2020
99056
7 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2020: Chet tili sertifikatlari, imtiyozlar va istisnolar haqida batafsil

Abituriyentlar orasida kirish imtihonlarida xorijiy til fanidan maksimal ball olish imkonini beruvchi til sertifikatlariga qiziqish ortib bormoqda.

Davlat test markazi Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019/20 o‘quv yili avvalida OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun hujjat topshirgan 1 066 926 nafar abituriyentning 11 250 nafarida chet tili bo‘yicha imtiyoz beruvchi sertifikat bo‘lgan.

Mazkur sertifikatlarning asosiy qismini IELTS va DTM imtihoni asosida beriladigan CEFR milliy sertifikati tashkil qilgan.

DTMda ingliz tilidan tashqari yana 13ta til uchun imtihon asosida milliy sertifikat berish tizimi bor.

Imtiyoz uchun talab qilinadigan daraja

2020/21 o‘quv yilidan boshlab, fanlar majmuasiga chet tili kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan birini tanlagan abituriyent imtiyoz olishni xohlasa, til bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lish talab etiladi.

Agar abituriyent V2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lsa, unga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.

O‘tgan yil bilan solishtirganda

2019/20 o‘quv yilida chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari uchun DTM tomonidan berilgan chet tilini bilish to‘g‘risidagi sertifikat (milliy sertifikat) yoki IELTS (5,5), TOEFL IBT (72 ball) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha V2 va undan yuqori til bilish darajasi talab qilingan.

Chet tili asosiy fan bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlari uchun esa mos ravishda IELTS imtihonidan 4,5, TOEFL IBT’dan 42 ball, SEFR imtihonidan V1 va undan yuqori daraja so‘ralgan.

«Barcha tillar uchun B2 daraja zarur va istisnoli holat mavjud...»

2019 yil 13 maydagi prezident qaroriga binoan, 2020/21 o‘quv yilidan boshlab, test sinovlari majmuasiga chet tili kiritilgan barcha bakalavriat yo‘nalishlari uchun sertifikatdagi til darajasi bir xil (birinchi, ikkinchi fanga qarab darajalanmaydi) etib belgilangan.

Bunda barcha bakalavriat yo‘nalishlariga ingliz tili uchun milliy sertifikat yoki IELTS (5,5), TOEFL IBT (72), Cambridge Assessment English FCE uchun V2 va undan yuqori daraja talab etiladi.

Lekin istisnoli holat shundaki, 2019 yilga qadar DTMdan olingan milliy sertifikatning amal qilish muddati ushbu sertifikatning amal qilish muddati davrida saqlab qolinishi ham qarorda ko‘zda tutilgan.

Bu degani 2019 yilga qadar DTM tomonidan berilgan V1 darajadagi milliy sertifikat (amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa) ham abituriyentga kirish imtihonida imtiyoz berishi mumkin.

DTM matbuot xizmati xodimi Jamshidbek Odilovning avvalroq Kun.uz`ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu istisno xalqaro sertifikatlarga nisbatan qo‘llanmaydi. Chunki xalqaro sertifikatlar ilk marta 2019 yildan milliy OTMga kirish uchun imtiyoz sifatida tan olindi. Shuning uchun 2019 yildan oldin olingan B1 darajadagi xalqaro sertifikatlarning imtiyozi 2020/21 o‘quv yili uchun imtihonda abituriyentga maksimal ball bermaydi.

Ya’ni barcha tillar bo‘yicha xalqaro sertifikatlarning darajasi muddatidan qat’i nazar, B2 darajada bo‘lishi kerak.

Imtihonda imtiyoz beradigan umumiy ball

Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida o‘tgan qabul masalalariga bag‘ishlangan brifingda joriy yil istisno tariqasida faqat 2ta mutaxassislik fanidan imtihon olinishi ma’lum qilingandi.

Bu holatda ballar quyidagicha belgilanadi:

  • 1-blok - 30ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3,2 ball beriladi, jami 96 ball to‘plash mumkin;
  • 2-blok - 30ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3,1 ball beriladi, jami 93 ball beriladi.

Demak, agar abituriyent tanlagan yo‘nalishda chet tili birinchi fan bo‘lsa, u imtiyoz beruvchi sertifikati bilan 96 ballga ega bo‘lishi mumkin. Agar chet tili ikkinchi blok bo‘lsa, abituriyentda imtiyoz bilan maksimal 93 ball olish imkoni bo‘ladi.

Ma’lumot uchun aytish joizki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti 2019 yildan oldingi V1 sertifikatlarini (amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa ham), Toshkent davlat yuridik universiteti esa writing (yozish) ko‘nikmasi 5,5 balldan past IELTS sertifikatlarini qabul qilmaydi.

Sertifikatlarni tekshirish

Imtiyoz bilan bitta blokdan to‘liq ballga ega bo‘lish ko‘pchilik abituriyentlar uchun ma’qul tanlov bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, yana bir savol bor: imtiyoz uchun taqdim etilgan hujjatning haqiqiyligi qanday nazorat qilinadi?

DTMning bu bo‘yicha bergan ma’lumotiga ko‘ra, chet tilini bilish darajasini ko‘rsatuvchi xalqaro sertifikatlarning haqiqiy yoki soxta ekanini tekshirishning bir nechta usullari bor.

Xalqaro sertifikatlarning haqiqiyligini tekshirish chet tilini bilish darajasini ko‘rsatuvchi sertifikatlarni taqdim etuvchi davlatlarning qonunchiligi va uni beruvchi tashkilot siyosatiga qarab, turlicha amalga oshiriladi.

Milliy sertifikat (DTM), HSK (xitoy tili) kabi test tizimlarining rasmiy veb saytida sertifikatni tekshirish imkoniyati mavjud.

Ayrim test tizimlari (IELTS – Britaniya Kengashi, FCE – Cambridge assesment tashkiloti, TOEFL IBT – Educational Testing Service tashkiloti, TestDAF – TestDAF instituti, Goethe Zertifikat – Gyote institutlari bilan DTM o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur hamkorlik doirasida sertifikatlarni tekshirish bo‘yicha tomonlarning kelishuvi mavjud.

Bundan tashqari, ayrim turdagi (DSD – nemis tili, shunga o‘xshash ba’zi til sertifikatlari) sertifikatlarni tekshirish uchun bu test tizimlari tegishli bo‘lgan davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalariga so‘rov yuboriladi.

Yana bir turdagi, fransuz tili bo‘yicha beriladigan DELF, DALF sertifikati bu test tizimining O‘zbekistondagi vakolatli organlari va Davlat test markazining fan bo‘yicha mutaxassislari hamkorligida tekshiriladi.

Agar soxta sertifikat aniqlansa...

DTM bergan ma’lumotga ko‘ra, til sertifikati soxtaligi aniqlansa, bu sertifikat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi. Ular tomonidan soxtalashtirish uchun tegishli chora ko‘rish ishlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, talabalikka tavsiya etilgan abituriyent o‘zi ega bo‘lgan til sertifikatini OTMga topshiradi. OTM ham bu hujjatni yana bir bor tekshiradi. Agar til sertifikati soxta ekani aniqlansa, uni taqdim etgan shaxs talabalar safidan chetlashtiriladi.

Zilola G‘aybullayeva

Mavzuga oid