15:15 / 25.06.2020
11372
O‘zbekistonda ichki turizm nega ommalashmagan? Asosiy sabab mablag‘mi?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga xorijdan kelayotgan sayyohlar oqimi sezilarli oshishi kuzatildi. Ammo bunday salmoqli o‘sish ichki turizmda kuzatilayotgani yo‘q. Bunga sabab aholi daromadlari pastligimi, hukumatning ichki turizmga e'tibori yetarli emasligimi yoki boshqa sabablar bormi?

Pandemiya sharoitida xorijdan turistlar oqimi kamayishi shubhasiz. Shunday sharoitda ichki turizm inqirozning soha obektlariga ta'sirini yumshatishda qo‘l kelishi mumkin. Ammo ta'kidlash kerakki, aholining aksar qismida mamlakat bo‘ylab sayohat qilish ishtiyoqini yuqori deb bo‘lmaydi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistonda ichki turizm salmog‘i 14 mln 748 ming kishini tashkil etgan. Bu raqamlar rivojlangan davlatlarda ham foydalaniladigan hisoblash metodologiyasiga asoslab chiqarilgandir balki, ammo baribir mazkur statistika real holatni ko‘rsatayotganiga ishonish qiyin.

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi, o‘tgan yilning kuzida qabul qilingan prezident farmonida ularni sayohat qilishga rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Shu farmonga asosan, Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, o‘tgan yilning dekabr va shu yilning fevral oylarida muhokamaga qo‘yildi. Ammo haligacha konsepsiya tasdiqlanganicha yo‘q.

Biz ichki turizm, xususan yoshlar sayyohligi darajasi yuqori emasligi masalasida jamoatchilik vakillari fikrlari bilan qiziqdik.

«Nega Bo‘stonliqda yoki Zominda 1 haftalik hordiq xarajati Antaliya yoki Tailanddagi 1 haftalik hordiq xarajatidan qimmatga tushyapti?»

Otabek Bakirov – iqtisodchi, bakiroo Telegram-kanali muallifi:

— Ichki turizmni rivojlantirishga asosan byurokratik qarorlar chiqarish bilan turtki berishga urinishlar sezilyapti. Masalan, Navro‘z va Yangi yil arafasida Havo yo‘llari va Temir yo‘llari chegirmalar beryapti, yirik ish beruvchilar raznaryadka bo‘yicha xodimlari uchun tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtiryapti va boshqalar. Lekin topshiriq va direktivalar bilan ichki turizm ko‘lami kengayib qolmaydi.

Nega Bo‘stonliqda yoki Zominda 1 haftalik hordiq xarajati Antaliya yoki Tailanddagi 1 haftalik hordiq xarajatidan qimmatga tushyapti? Shu haqda o‘ylash kerak.

Albatta, bu degani yana ahmoqona topshiriq berib, xarajatlarni kamaytirish kerak, degani emas. Nega xostellar, mehmonxonalar, dam olish zonalari egalari bir mavsumdayoq xarajatini chiqarib olishga xarakat qilishadi? Chunki ertangi kuniga zarracha ishonchi yo‘q. Istalgan zo‘ravon hokim yoki vazir ularning mulk huquqiga daxl qilishi mumkin.

Bizda odamlar bir joydan ikkinchi joyga sayohat qilishni uncha istashmaydi. Sababi nima? Birinchidan, o‘zbek xalqining o‘troqligi uni tarixan va ayniqsa oxirgi asrlarda asosan dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgani bilan bog‘liq. Dehqon yashaydigan joyidan uzoqqa uzilib ketolmaydi, uning avlodlari ham.

Ikkinchidan, sayohat urf bo‘lmaganiga yana bitta sabab – turmush darajasi va daromadlarning o‘ta pastligi. Sayohat qachon qorin to‘q, ust but, boshpana bo‘lsagina ko‘ngilga sig‘adi.

Uchinchidan, butun dunyoda sayohatchilarning aksari pensionerlardir, chunki pensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlarda pensionerlar eng barqaror va to‘q qatlam hisoblanadi. Shuning uchun ular o‘zlariga yiliga 3-4 oylab sayohatni lozim ko‘ra olishadi. Bizda-chi? Bizda pensiyaga chiqqan odam qaramlikka mahkum etiladi, yashash minimumiga yetmaydigan pensiya bilan sayohat haqida o‘ylash mumkinmi?

Vaziyat birdaniga yaxshilanib qolmaydi, bunga yillar kerak. Ichki turizm ko‘rsatkichlarining o‘sishi aholi daromadlari o‘sishi ko‘rsatkichlaridan o‘sib keta olmaydi. Buni tan olish kerak.

Yoshlar turizmi haqida aytish kerakki, bu asosan, ta'lim tizimi bilan bog‘liq. Yoshlar ta'lim olish uchun bir joydan ikkinchi joyga ko‘chadi va harakatlanadi. Asosiy o‘quv maskanlari Toshkentda joylashgani uchun yillar davomida yoshlarni imkon boricha tug‘ilgan viloyati doirasidagi OTMlarida o‘qishini tashkil etishga urinishlar bo‘lgani, davom etayotgani uchun yoshlar turizmining yo‘qligidan hayratlanmaslik kerak.

«Biz Ichan Qal'ani hatto yuqoridan suratga olib, YouTube`ga ham qo‘ya olmaymiz»

Laziz Hamidov«Ular» loyihasi muallifi:

— Inson nima uchun sayohat qiladi? Sayohat, birinchi navbatda, solishtirish imkonini beradi. Umrida bir dona kitob o‘qigan inson barcha joyda eng yaxshi kitob sifatida ushbu kitobni ko‘rsatadi. Aslida bunday emas-ku. Biz yashayotgan qoidalar boshqa joylarda umuman boshqacharoq, unumliroq bo‘lishi mumkin. Buni bilish uchun siz albatta sayohat qilishingiz, borib ko‘rishingiz, solishtirishingiz kerak.

Agar imkoniyatingiz bo‘lmasa, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling: chekka hudud, qishloq, ovullarda insonlar qanday yashayotganini ko‘ring. Bu mulohaza qilishingizga, qandaydir xulosalar chiqarishingizga yordam beradi.

Ikkinchi navbatda, sayohat insonni ruhlantiradi, yangi qon beradi, atrofga yangicha qaray boshlaydi, nimalarnidir o‘zgartirishga harakat qiladi.

Hukumat ichki turizmga qay darajada e'tibor qaratayotgani masalasiga kelsak. O‘tgan yili Tbilisi – Batumi yo‘nalishida poyezdda borishga qaror qildik. Biz 5 kishi edik. Vokzalga borib, chipta olish uchun elektron navbat oldim. Navbatim kelgach, 5 kishining pasportini yig‘ib, kassaga bordim. Kassir faqat o‘zimning pasportimni so‘radi va darrovgina nomimga borish va qaytish uchun 5ta chiptani rasmiylashtirib berdi. Endi o‘ylab ko‘ring: sayyohlik mavsumida Afrosiyob poyezdiga Toshkentdan Samarqandga chipta olish qanchalik azob ekanini tasavvur qiling. Demak, turizmda transportning o‘rnini ko‘tarish uchun hech narsa qilinmayapti, degan xulosadaman.

Ikkinchi masala shaxsan men uchun og‘riqli holat – dronlarni umuman ishlatish mumkin emasligidir. YouTube`ga kirib istalgan 4-5 shahringiz haqida yaxshi kontentni tomosha qilsangiz, birortasi dronlarsiz suratga olinmaydi. Rivojlangan davlatlarda dronlar orqali maxsulot yetkazib berish hizmatlarini yo‘lga qo‘yishmoqda. Biz esa Ichan Qal'ani yuqoridan suratga olib, YouTube`ga qo‘ya olmaymiz.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov jurnalist Nikita Makarenkoga bergan intervyusida mamlakatni chetda taniqli qilish uchun 10 milliard ajratilishi haqida gapirgan. Savollar tug‘iladi: qanday taniqli qilishmoqchi, qanday loyihalarga yo‘naltirishadi? Masalan, shu pulni turizm rivojlangan hududlarda infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirish to‘g‘riroq emasmi?

Yana bir masala: bizda shaharlarga sayohat qilish targ‘iboti juda sust olib boriladi. Biror joy haqida video, maqolani o‘qib o‘sha yerga borish istagi paydo bo‘ldi, deb aytolmaysiz.

«Sayohat qilmasligimiz sababi materializmga berilib ketganimizdir»

Behruz Hamzayev – «Ziyo Forum» jamg‘armasi direktori o‘rinbosari:

– Sayohat qilish inson dunyoqarashini kengaytiradi, taqqoslash imkoniyatini yuzaga keltiradi, o‘zining fikr doirasidan tashqariga chiqib, global miqyosda tafakkur qilishiga yordam beradi.

Rivojlangan davlatlar yoshlarida bir ajoyib tendensiya bor: ular o‘qishni bitirib, ma'lum joyga ishga kiradi. So‘ng topgan daromadidan sayohat uchun mablag‘ to‘playdi. Ularning fikricha, sayohat qilish nafaqat zavq olish, balki hayotda muhim qarorlarni qabul qilishda asosiy rol o‘ynaydi.

Biz, o‘zbeklar deyarli sayohat qilmasligimiz sababi shundaki, ongimiz materialistik g‘oyalar bilan band bo‘lib qolgan. O‘zini hurmat qilgan insonning, albatta, uy-joyi, avtomobili bo‘lishi kerak. Jamiyatimiz shunday standartlar asosida qurilgan. Sayohat qilish istagida bo‘lganlar ham ijtimoiy to‘siqlar, stereotiplar ichida qolib ketyapti.

Xorijga sayohatga ketgandan ko‘ra, shu pulga avtomobil yoki ozroq pul yig‘ib uy olsam, deymiz.

Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya fuqarolarining aksariyati ijarada yashashadi. Uy olishga ularning qurbi yetadi, lekin bunday qilmasliklari sababi bor. Ma'lum hududda uyga ega bo‘lish insonni bir joyga bog‘lab qo‘yishi, materializmga berilib ketishiga olib keladi, deb hisoblanadi.

Biz o‘troq xalq bo‘lganimiz uchun ham bir joyda muqim qolishni afzal bilamiz. Sayohatga sarf-xarajat sifatida qaraymiz. Sarflangan pul inson kapitali uchun investitsiya bo‘lib xizmat qiladi. Sayohat ortidan qancha tajriba, bilim orttiriladi.

O‘zbekistonda 8600dan ortiq tarixiy obidalar joylashgan hududlar bor. Xiva, Buxoro, Samarqandni ko‘pchilik biladi. Tog‘li, cho‘l hududlarda ham ko‘rishga arzigulik joylar borligidan hamma ham xabardor emas. Odamlar bilmasligiga ularning o‘zlari ham aybdormas. Bu hududlar haqida ma'lumotlar juda kam. Targ‘ibot ishlari juda sust darajada olib borilyapti.

O‘zbekistonda ichki turizm, yoshlar turizmiga nisbatan ikkinchi darajali sifatida qaraladi. Asosiy turizm o‘rnini bosadigan emas, balki yordamchi turizm deb bilishadi. Chunki mahalliy va xorijiy sayyoh turlicha mablag‘ sarflaydi. To‘g‘ri, qayerdan ko‘p daromad kelsa, o‘sha yerga e'tibor berish kerak. Bu bozor iqtisodiyoti. Mana, hozir pandemiya sharoitida, chegaralar yopiqligini hisobga olib, ichki turizm imkoniyatlarini oshirishga e'tibor qaratilsin.

Karantin sharoitida odamlarning moliyaviy imkoniyatlari sayohat qilishga xalaqit berayotgan bo‘lishi tabiiy. Shuni hisobga olib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi chegirmali tur paketlar taklif qilsa yaxshi bo‘lardi. Hozir talabalar ta'tilda ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, ularga mos keladigan sayohat paketlari ishlab chiqilsa va targ‘ibot ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xulosa

Ichki turizm imkoniyatlari ko‘p, lekin ko‘p hollarda samarasiz tashviqot tadbirlari va ba'zida chipta narxlariga chegirma e'lon qilish bilan cheklanib qolinayotgandek.

Biz Antaliya, Tailand, Maldiv orollari, Issiqko‘l haqida oz bo‘lsa-da, nimalarnidir bilamiz. Lekin Boysun tog‘lari, Shohimardon tabiati haqida-chi?

Pandemiyaga qadar O‘zbekistonga xorijlik sayyohlar oqimi ortib borgani quvonarli, ammo shuning barobarida ichki turizmni rivojlantirishga ham e'tiborni oshirish maqsadga muvofiq.

Ichki turizm soyada qolib ketayotgani uchun «turizm» deganda faqat boy, o‘ziga to‘q odamlar qurbi yetadigan zavqli mashg‘ulot sifatida tasavvur shakllangan. Vaholanki, sayohat zavqli odatga, madaniy xordiq chiqarish ehtiyojiga aylanishi kerak.

Muhabbat Ma'mirova

Top