O‘zbekiston | 21:52 / 13.08.2019
31933
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov: “Nega andijonlik talaba yozda Toshkentga kelib ishlashi yoki sayohat qilishi mumkin emas?”

Bugun, 13 avgust kuni Taraqqiyot strategiyasi markazida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Aziz Abduhakimov Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmunini keng ommaga tanishtirdi. Mazkur hujjatda yoshlar turizmini rivojlantirish bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan ishlar alohida ta'kidlandi.

“2017 yildan boshlab yoshlar turizmini rivojlantirishga juda katta imtiyozlar berilgandi. Maktab, kollej, litsey va oliygohlarda yoshlar turizmini targ‘ib qilish bo‘yicha tubdan yangilangan dasturlar ishlab chiqyapmiz. Bunda Yoshlar Ittifoqi bilan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Aynan ushbu yo‘nalishdagi turizmni rivojlantirishda talabalar yotoqxonasiga alohida e'tiboringizni qaratmoqchiman. Oxirgi 2 oy mobaynida o‘rganish ishlarini olib bordik. Shu aniq bo‘ldiki, yotoqxonalar yozgi mavsumda bo‘m-bo‘sh turarkan. U yerdagi sharoitlar ham qoniqarli darajada. Nimaga yozgi mavsumda bulardan foydalanilmaydi, degan savolga o‘zim ham javob topolmadim”, dedi Abduhakimov.

Abduhakimovning qo‘shimcha qilishicha, shunday yoshlar borki, yozda ham ishlab, ham sayohat qilishni xohlashadi. Ularning talabini qondira oladigan tizim ishlab chiqilmagan. Nega Andijon tibbiyot instituti talabasi poytaxtga kelib ishlashi, ozroq pul topishi, talabalar turarjoyida vaqtinchalik yashashi kerakmas? Yoki nima uchun toshkentlik talaba Xorazm an'anasini o‘rganish uchun vohaga borolmasligi lozim? Bu bo‘yicha shug‘ullanilmaganligi tufayli qator muammolar yuzaga kelgan. 

Mavzuga oid