16:45 / 29.06.2020
10035
Eron Interpoldan Sulaymoniyning o‘limi uchun Trampni qo‘lga olishni talab qildi

Tehron prokurori Ali Mehrning so‘zlariga ko‘ra, Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etgan va bu masala bilan shug‘ullangan 36 kishi aniqlandi. Ular orasida AQSh va boshqa davlatlarning siyosiy va harbiy arboblari bor.

Foto: EPA-EFE/Doug Mills

Eron sud hokimiyati Interpoldan Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun AQSh prezidenti Donald Trampni xalqaro qidiruvga berishni talab qilmoqda. Bu haqda Mehr agentligi xabar berdi.

"Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etgan va bu masala bilan shug‘ullangan 36 kishi aniqlandi. Ular orasida AQSh va boshqa davlatlarning siyosiy va harbiy arboblari bor", - deya Tehron prokurori Ali Mehrdan iqtibos keltirmoqda agentlik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sud organlari ularni javobgarlikka tortish hamda Interpol orqali qidiruv e'lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ali Mehrning qo‘shimcha qilishicha, bu shaxslar "qotillik" va "terrorizm"da ayblanmoqda, "Ro‘yxat boshida AQSh prezidenti Donald Tramp turibdi".

Eslatib o‘tamiz, Qosim Sulaymoniy 2020 yilning 3 yanvar kuni Iroq poytaxti Bag‘dodda AQSh harbiylari o‘tkazgan operatsiya natijasida o‘ldirilgandi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Top