09:45 / 02.07.2020
4133
O‘zbekistonda Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi faoliyat boshlaydi

Markaz direktori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining o‘rinbosari hisoblanadi. 

Prezident “Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatmayotgan, ishlatilmay turgan noturar obektlardan oqilona va samarali foydalanish hamda ularni tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalari negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tashkil etilmoqda.

Markaz direktori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining o‘rinbosari hisoblanadi. 

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish;
  • bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, shu jumladan davlat mulki obektlarini ijaraga berishni tashkil etish;
  • ijaraga berilgan davlat mulki obektlari va ularni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni hisobga olish va ularning monitoringini olib borish;
  • ijaraga berilgan davlat mulki obektlaridan maqsadli foydalanilishi, ularning saqlanishi, shuningdek, ijara to‘lovi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini nazorat qilish;
  • davlat muassasalari (korxonalari)ga biriktirilgan davlat mulki obektlaridan samarali foydalanilishi va ularning saqlanishini belgilangan tartibda tekshirish;
  • davlat muassasalari (korxonalari)ga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan davlat mulki obektlarining ortiqcha qismini, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki maqsadsiz foydalanilayotgan davlat mulki obektlarini Markaz tasarrufiga o‘tkazish;
  • Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan davlat mulki obektlarini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
  • bo‘sh turgan xususiy mulk obektlarini ularning mulkdorlari ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berilishida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish.

Markaz davlat boshqaruvi organi hisoblanib, o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida barcha davlat organlaridan, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlardan va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur bo‘lgan axborot va materiallarni so‘rab olishga haqli.

Markazning jami xodimlar soni 309 nafarni tashkil etadi.

Markaz Agentlikning tugatilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUKning barcha huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Markaz va hududiy boshqarmalar xodimlari o‘z vazifalari doirasida bo‘sh turgan obektlarga to‘sqinliksiz kiradi va ko‘zdan kechiradi. Bunda, xususiy mulk obektlariga kirish va ularni ko‘zdan kechirish tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;

Markaz bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan har yili 1 aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi. Bo‘sh turgan obektlar haqidagi ma'lumotlarni esa, rasmiy veb-saytida joylashtiradi va har oyda yangilab boradi. 

Hududiy boshqarmalar xodimlari tuman (shahar)larning har bir mahallasiga biriktiriladi hamda vakolati doirasida mahalla hududida joylashgan bo‘sh turgan obektlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etadi.

Bo‘sh turgan obektlar ro‘yxati Markaz tomonidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga kiritib boriladi.

Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi doimiy ravishda bo‘sh turgan obektlarni aniqlab, ularni Markaz va hududiy boshqarmalarga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazib borish choralarini ko‘radi.

Top