11:20 / 02.07.2020
2125
Yoshlar muammolarini o‘rganish instituti Yoshlar ishlari agentligi tuzilmasiga o‘tkazildi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini Yoshlar ishlari agentligi tuzilmasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi monitoringini olib borish, yoshlar muammolarini tizimli o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqish;

davlat hokimiyati, vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular faoliyatini uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, yosh boshqaruv xodimlarini professional jihatdan rivojlantirish uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash;

yoshlarga oid qonun hujjatlari va davlat dasturlari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmalari asosida yoshlar muammolarini o‘rganishga qaratilgan fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;

yoshlar duch kelayotgan dolzarb muammolar, ularning barqaror rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan tahdidlarni aniqlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish;

yoshlar sohasidagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratilgan uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, anjumanlar, "davra suhbatlari" va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etish;

yoshlar masalalarida O‘zbekiston Respublikasining mintaqaviy va xalqaro hamkorlik istiqbollari borasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish.

Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining tuzilmasi tasdiqlandi.

Belgilanishicha, Institut prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining barcha huquq, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Institut asosiy faoliyati yoshlar muammolarini o‘rganish, mazkur yo‘nalishda ilmiy va tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilgan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Institut faoliyatiga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi.

Institut direktori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Mehnatga haq to‘lash shartlari, moddiy rag‘batlantirish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra Institut direktori - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektoriga, xodimlari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining xodimlariga tenglashtiriladi.

Institut direktoriga xodimlariga moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorida oylik ustamalar belgilash, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa moddiy rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqi beriladi.

O‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun Institut shartnoma asosida ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.

Top