18:11 / 03.07.2020
38443
To‘ytepa, Parkent, Chinoz, Chotqol... - Toshkent viloyatidagi joy nomlari ma'nosini bilasizmi?

Har bir joy nomining o‘ziga xos tarixi va anglatadigan ma'nosi bor. Ular ma'lum davrga borib taqaladi va o‘sha davrdagi voqea-hodisalar, an'analar haqida hikoya qiladi.

Fanda geografik joy nomlari toponimlar, ularni tadqiq qiluvchi yo‘nalish esa toponimika deyiladi. Kun.uz muxbiri Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Andrey Kubatin bilan bog‘lanib, Toshkent vohasidagi qadimiy joy nomlari haqida qiziqarli ma'lumotlarni oldi.

Toponimlarni o‘rganish nima uchun muhim?

Joy nomlari yozma va arxeologik manbalar kabi har bir o‘lka uchun muhim tarixiy manba hisoblanadi. Toponimik ma'lumotlar hududning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti haqida tarixiy tasavvurlar berish bilan birga qadimda har bir hududda qanday etnoslar yashaganini aniqlashga ham katta yordam beradi. O‘zbekiston hududida ming yildan ziyod tarixga ega joy nomlari juda ko‘p, jumladan, Toshkent viloyatida ham.

Toshkent vohasi qadimdan Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim o‘rin tutgan. Choch vohasida qadim va ilk o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan joy nomlariga oid ma'lumotlar asosan xitoy va arab-fors manbalarida saqlanib qolgan. Vohaga taalluqli ba'zi bir joy nomlari esa qisman sug‘diy va boshqa tillardagi manbalarda uchraydi.

Chinonchkat – Chinoz, Farankat – Parkent

IX-X asrlarning arab geograflari o‘z asarlarida Toshkent shahri – Binket nomi bilan birga Toshkent vohasidagi o‘nlab shaharlar nomlarini tilga olishgan. Bu nomlar xuddi o‘shanday, qisman yoki sal o‘zgargan shaklda viloyatdagi shahar va qishloqlarning nomi sifatida shu kungacha saqlanib kelgani bilan ahamiyatlidir.

Masalan, X asr geografi Maqdisiyning «Ahsan ut-taqosim fi ma'rifat ul-aqolim» («Iqlimlarni o‘rganish uchun eng yaxshi qo‘llanma») asarida Chinonchkat, Kabarna, Nomadvonak, Barkush, Farankat, Zarankat, Navkat, Xos, Biskat kabi shaharlari nomlari tilga olingan.

Chinonchkat Chinoz shaklida hozir Chinoz tumani markazi va tuman nomida, Kabarna Kavardan shaklida Yuqori Chirchiq tumanidagi qishloq nomida, Barkush Pargos shaklida Bo‘stonliq tumanidagi qishloq nomida, Farankat Parkent tumani markazi va tuman nomida, Zarankat Zarkent, Namadvonak Nomdanak shaklida Parkent tumanidagi qishloqlar nomida, Xos o‘z holicha Bekobod tumanidagi qishloq nomida, Biskat Piskent shaklida Piskent tumani markazi va tuman nomida hozirgacha saqlanib qolgan.

«Chinliklar shahri» – Chinoz

Chinonchkat (hozirgi Chinoz) nomining ma'nosi tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, «Chinliklar shahri» degan ma'no anglatadi.

O‘sha davrda Chin toponimi Sharqiy Turkistonga nisbatan ishlatilganini hisobga olsak, ushbu toponimni «Sharqiy turkistonliklar shahri» deb tushunish mumkin bo‘ladi.

Parkent – yuqoridagi shahar

Hozirgi kunda Parkent tumani nomiga aylangan Farankat shahri nomini ko‘plab tadqiqotchilar eroniy tillardagi «farn» – «qut-baraka, shon-sharaf (shuhrat)» so‘zi bilan bog‘lashadi. Shundan kelib chiqib, bu toponimni «qut-baraka, shon-sharaf (shuhrat) shahri» deb talqin qilsa bo‘ladi.

O‘zbekistonlik sug‘dshunos olim Mirsodiq Ishoqov esa bu toponimni sug‘dcha «upar» – «yuqori, baland» so‘zi bilan bog‘lab, bu toponimni «yuqoridagi, balanddagi shahar» deb talqin qilgan.

«Yigirma uylik shahar» toponimi

Zarankat – Zarkent shahri nomini ko‘pchilik olimlar zar, zarin «oltin, oltindan bo‘lgan» so‘zi bilan bog‘lashmoqda.

Piskent nomi esa forscha «bis» – «yigirma» yoki sug‘diy «pish-pis» – «nari (tomon)» so‘zlari bilan bog‘lanadi, ya'ni «yigirma uylik shahar» yoki «nari(tomon)dagi shahar» deb talqin etishadi.

Nomi bir necha bor o‘zgargan viloyat markazi – Nurafshon tarixi haqida

Toshkent vohasida yana bir qadimiy toponim: Navkat shahri mavjud bo‘lgan. Ushbu shahar nomi eroniy tillarda uchraydigan nav «yangi» so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, «yangi shahar» degan ma'noni anglatadi.

Garchi bu toponim hozirgi kungacha saqlanmagan bo‘lsa ham, o‘sha shahar hozir ham mavjud va boshqa nom bilan ataladi. Qoraxoniylar davrida Iloq viloyatining markazi bo‘lgan va o‘z zarbxonasiga ega bo‘lgan Navkat shahri keyinchalik To‘ytepa nomi bilan atalgan.

To‘ytepa ham Toshkent viloyatining qadimgi turkiy toponimlaridan biri va ko‘pchilik o‘ylagani kabi uning marosim ma'nosidagi «to‘y» so‘ziga aloqasi yo‘q.

To‘ytepadagi «to‘y» so‘zi qadimgi turkiy «qal'a, qo‘rg‘on» ma'nosidagi, Mahmud Koshg‘ariy asarlarida tilga olingan «to‘y» so‘zi bilan bog‘liq. To‘ytepa esa «qo‘rg‘ontepa», degan ma'noni anglatgan.

Hozir bu shahar Toshkent viloyati markazi sanaladi va «nur taratuvchi», «nur sochuvchi» manosidagi Nurafshon nomini oldi. Demak, Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahri ming yildan ziyod tarixga ega qadimiy shaharlarimizdan biri, deb hisoblashga asos bor.

Toshkent viloyatimizdagi Parkent, Piskent va Chinoz shaharlari ham xuddi shunday uzoq tarixga ega.

«Sobliq», «Sofliq», «Soyliq»

Shaharlardan tashqari ham Toshkent vohasida yana bir necha mashhur turk toponimlari bor. Shunday toponimlardan biri hozirgi kunda Soyliq qishlog‘i nomida saqlanib qolgan. Bu toponim «Sobliq» shaklida arab manbalarda zikr etiladi. Ibn Havqal asarida Shosh vohasining shimoli-sharqida joylashgan Sobliq tog‘lari tilga olingan. Ushbu nom Ishtaxriyning «Masolik al-mamalik» asarida «Soflig‘» tarzida qayd etiladi. Turkshunos V.V. Bartold esa Sobliqni «Soyliq» shaklida o‘qish lozim, deb hisoblaydi.

O‘zbekistonlik olim G‘aybulla Boboyorov fikriga ko‘ra, bu nom dastlabki manbalarda uchraganidek, Sobliq shaklida bo‘lib, so‘ngra Sofliq, keyinchalik esa Soyliq shaklini olgan: Sobliq-Sofliq-Soyliq.

Qadimgi turk tilida b-v-y almashuvi hodisasi bo‘lgan. Masalan, qadimgi turkcha eb–ev–uy — «uy» ma'nosida, sub–suv–suy — «suv», teba–teva–tuya — «tuya» kabi.

Bundan tashqari, Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida Yettisuvdagi tuxsi va chigil turkiy qabilalari yashagan shaharlardan biri «Soblyg‘» shaklida uchraydi. Bu esa Shosh vohasidagi «Sobliq» va Yettisuvdagi «Soblig‘» toponimlarining adash nom bo‘lganini ko‘rsatadi.

«Suv» so‘zi bilan bog‘liq toponimlar

Toshkent viloyati Toshkent tumani markazi va Toshkent vohasida oqib o‘tayotgan daryo nomi – Keles ham qadimiy nomlardan biri.

Arab manbalarida ushbu toponim Qalas (Keles) shaklida Sirdaryoning o‘ng irmog‘i va dasht nomi sifatida zikr etiladi. Ishtaxriy, Ibn Havqal asarlarida Shoshning shimoliy chegarasida Qalas dashti tilga olingan. Qozoq toponimisti Ye.Qo‘ychubayev fikricha, turkiycha «kele» – «til», «-s» – «suv» so‘zining qisqargan variantidan iborat, bu toponim anglatadigan ma'no esa Keles «til suv» yoki «Tilga o‘xshash daryo» deya talqin qilinadi.

G‘aybulla Boboyorovning fikriga ko‘ra, Kalas nomining paydo bo‘lishi qadimgi turkiy gidronimlar – Talas, Irtis (Irtish), Arys nomlariga o‘xshash. Ya'ni, Kalas – «Kala+su», Talas – «Tala+su», Arys – «Ary+su» kabi yasalgan.

Chotqol – Chirchiq daryosining eng yirik irmog‘i va tog‘. Ishtaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy asarlarida Jadg‘al daryosi va viloyati tilga olingan. Shayx Sulaymon Buxoriyning chig‘atoycha-usmonli turkcha lug‘atida esa chatqol «notekis yer, dara» deb izohlangan.

Hozirgi zamon qirg‘iz tilida chatqal – «ikki tog‘ orasidagi botiq, dara» degan ma'no anglatadi. G‘aybulla Boboyorov Chatqol toponimini «dara, tog‘ orasidagi soylik» deya atash mumkin, deb hisoblaydi. Bu so‘z o‘z navbatida ikki komponentdan iborat: «chat» – «ikki daryo bir-biriga qo‘shiladigan joydagi oraliq»; «qal» (qol) esa – qandaydir qadimiy so‘z, ehtimol, «soy, jilg‘a» ma'nosidagi «qol» (qo‘l) so‘zining fonetik o‘zgarishidir. Chatqol toponimining turkiy ekanini Mo‘g‘ulistonning g‘arbiy hududlarida turkiy Chatqaltog‘ nomi uchrashi ham tasdiqlaydi.

Tarixchi Andrey Kubatin ma'lumotlari asosida
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Top