02:31 / 09.07.2020
74626
Said-Abdulaziz Yusupov ozodlikka chiqdi

2019 yili firibgarlikda ayblanib qamoqqa olingan O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi Said-Abdulaziz Yusupov ozod etildi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish to‘liq to‘xtatildi.

Foto: Facebook

2019 yilning 10 may kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan ayblanib, ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan Said-Abdulaziz Yusupov shu yil 8 iyul kuni ozodlikka chiqarilgan. Yusupovning advokati Arslon Shaymardonov Kun.uz’ga mijozi yetkazilgan zarar qoplangani uchun ozodlikka chiqarilganini ma'lum qildi.

Bosh prokuratura rasmiy baënotiga ko‘ra, Said-Abdulaziz Yusupov «o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati mas'ul xodimi deb tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan odamlardan juda katta miqdorlarda pul olgan»likda ayblangan.

Qo‘lga olinishidan ikki kun o‘tib Yusupovning 2018 yili 25 sentyabrda yozib olingan videomurojaati paydo bo‘lgan, videomurojaatda u jinoyat ishi soxtalashtirilganini iddao qilgan edi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev 2019 yil 14 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yusupovning ishi nazoratda ekanini ma'lum qilgandi.

«Yusupov ishi» yopiq sudda ko‘rib chiqilgan, ommaviy axborot vositalariga jarayonni yoritish imkoni berilmagan edi.

Ma'lumot uchun, Said-Abdulaziz Yusupov 1982 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma'lumoti – oliy, oilali, qo‘lga olingunga qadar O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.

Ayni paytda Yusupov rahbarlik qilgan jamoat fondi faoliyat ko‘rsatmayotgani aytiladi.

Top