10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi («Firibgarlik») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanib, qo‘lga olingan Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupovning jamoatchilikka oshkor etilmagan videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
Videomurojaat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llangan bo‘lib, unda Said-Abdulaziz Yusupov turli vaziyatlarda o‘zini qanday tutgani va bu uchun xavflarga duch kelayotganini aytadi.
YouTube
Tas-IX
«Agar siz «Oq va Qora» ko‘rsatuvining ushbu sonini internet orqali ko‘rayotgan bo‘lsangiz, demakki, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Afsuski, bu sabablar — yaxshi sabablar emas. Bu ko‘rsatuvimni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga murojaat sifatida yozyapman», — deydi u.
2018 yili 25 sentyabrda tasvirga olingan videomurojaatni ijtimoiy tarmoqqa yuklagan ukasi Muhammad Bahouddin Yusupov akasi o‘sha paytda qandaydir tuhmat va tazyiqlar iskanjasida yurganini ma'lum qildi.
«O‘shanda juda toshib ketdilar. Keyin har ehtimolga qarshi shu videoni yozib oldik. Men akamning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga qilgan bu murojaati juda ko‘p narsalarga oydinlik kiritishiga va tez kunlarda oilamiz bag‘riga qaytishiga ishonaman», — deb yozadi kichik Yusupov.
Said-Abdulaziz Yusupov o‘z so‘zlarida har gal Prezidentning islohotlarini qo‘llab-quvvatlashi, ammo bu harakatlari uchun bosimda qolayotganini aytgan.
Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan fuqarolardan 65 ming, 28 ming va 15 ming AQSh dollari olganlikda gumon qilinayotgan Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishdan ayblanmoqda.
«S.Yusupov 2018 yili ham aynan shunday jinoyatni sodir etgani, o‘zini soxta xodim qilib ko‘rsatgani sud majlisida isbotini topgandi. U yetkazilgan zararni qoplab, tegishli tartibda jazo olgandi», — deyiladi prokuratura axborotida.















