15:49 / 15.07.2020
38678

Jarqo‘rg‘onda sud xodimiga nisbatan kuch ishlatilgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalarni omma oldida obro‘sizlantirishga uringanligi, sud xodimiga esa ichki ishlar xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilayotgani, tekshirish jarayoni Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingani ma'lum qilingan edi.

Jarqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, o‘sha kuni blokpostda turgan mas'ul ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari tuman Ma'muriy sudi raisi xizmat avtomashinasining haydovchisiga tushuntirish bergan, ya'ni qarama-qarshi yo‘nalish bo‘yicha tirbandlik yuzaga kelganligini ta'kidlab, yo‘lni bo‘shatishini talab qilgan.

Tuman hokimi Z.Davlatov, tuman IIB boshlig‘i hamda tuman prokurori bilan birga ushbu hududga karantin holatini o‘rganish bo‘yicha blokpostga kelishgan.

Blokpostdagi mas'ul xizmatchilar tuman Ma'muriy sudi raisining xizmat avtomashinasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha tuman hokimiga murojaat qilishgan. Shundan keyin tuman hokimi va IIB boshlig‘i borib tushuntirish bergandan so‘ng, Ma'muriy sud raisi xatosini tushunib, orqaga ketdi.

Tuman Jinoyat sudi raisining xizmat avtomashinasi haydovchisi blokpost xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmagan. Qonuniy talabga bo‘ysunmagan haydovchi blokpost mas'ullari tomonidan holatga aniqlik kiritish uchun tuman IIBga olib borilgan.

Hayot Shamsuddinovning ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, JKning 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid
Top