Jarqo‘rg‘on tumanida 36 yoshli ayol 7 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lganida tezkor tadbirda ushlangan. 6 nafar farzandi bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i nogiron ayol oilaviy sharoiti og‘irligi, yashash uyi yo‘qligi sababli shu ishga majbur bo‘lganini aytgan. Sud unga 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Oldinroq shu kabi ishda apellyatsiya sudi sudlanuvchiga shartli jazo qo‘llab, uning moddiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha mahalliy hokimlikka xususiy ajrim kiritgandi.
Sud zalidan qamoqqa...
Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan Matluba Karimova 2024 yil 6 noyabr kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 62 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. U 2024 yil 13 noyabr kuni Surxondaryo viloyati Transportda XTB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mijoz sifatida jalb qilingan shaxsdan 62 mln so‘mni olganda ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 14 yanvardagi hukmi bilan Matluba Karimova Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Apellyatsiyada o‘zgarmagan hukm
Matluba Karimova sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. U apellyatsiya shikoyatida aybiga iqror va pushaymonligini, qaramog‘ida 6 farzandi borligini, oilaviy ahvoli og‘irligini aytib, o‘ziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 18 fevraldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
“Uyimiz yo‘q, erim nogiron”
Ayol suddagi ko‘rsatmasida bu ishni uy olish uchun qilishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan.
“6 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi. Men va turmush o‘rtog‘im hech qayerda ishlamaymiz. Oilaviy sharoitimiz og‘ir. Yashash uyimiz yo‘qligi sababli ijarada turamiz. Uy sotib olish maqsadida pul kerak bo‘lgani uchun farzandimni sotishga uringandim. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Qaramog‘imda voyaga yetmagan farzandlarim bor. Oilaviy sharoitim og‘irligini inobatga olib yengillik berishingizni so‘rayman
















