17:04 / 22.07.2020
7270
Koll-markazdan aholi eshigigacha - xayriyalarni yetkazuvchi ko‘ngillilar qanday ishlamoqda?

O‘zbekistonda 10 iyuldan qat'iy karantin qaytarilgach, xayriya mahsulotlarini muvofiqlashtirish markazlari faoliyati ham tiklandi. 14 iyuldan esa Toshkentda 1197 qisqa raqamli ma'lumotlar markazi yana faoliyat boshladi.

21 iyul kuni Kun.uz muxbiri va operatori 1197 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq bo‘lishidan boshlab xayriya mahsulotlari o‘z egasiga yetib borgungacha bo‘lgan jarayonlarni o‘rganib, qisqa lavha tayyorladi.

Ma'lumotlar markazida yordamga muhtoj fuqarolarning murojaatlari qabul qilinadi va ular o‘rganilib, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga uzatiladi.

«Kunlik ish faoliyatimiz soat 9:00dan kech soat 18:00 orasida o‘tadi. Shu vaqtda 50 nafar atrofidagi ko‘ngilli yoshlarimiz telefon qo‘ng‘iroqlarga javob bermoqda.

Volontyor yoshlarimiz asosan tibbiyot yo‘nalishida o‘qishadi va ular zarur bo‘lganda odamlarga tibbiy ma'lumotlar ham bera olishadi.

Bizga har kuni Toshkent shahridan deyarli 50 ming atrofida fuqarolar murojaat qilishmoqda», – deydi ma'lumotlar markazi kordinatori Feruz Saidazimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mana shu qo‘ng‘iroq egalaridan kunlik 4–4.5 ming atrofida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa tur mahsulotlarga buyurtma olinadi.

Qo‘ng‘iroq qabul qilindi, oziq-ovqat mahsulotiga buyurtma olindi. Keyingi bosqichni Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazida kuzatamiz.

Bu yerda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tizimidagi xodimlar mehnat qilishmoqda.

Ular orqali oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa tur mahsulotlar volontyorlik guruhlari yordamida oilalarga yetkaziladi.

«Fuqarolar murojaatlarini qabul qilgan volontyorlar uni elektron bazamizga yuborishadi. Biz shu murojaatlar bo‘yicha kuniga 1.5–2 ming atrofidagi xayriya mahsulotlarini tayyor holda volontyorlar orqali fuqarolarga yetkazamiz», – deya ma'lumot berdi markaz faoli Ziyodulla Saydullayev.

Biz ham volontyorlar va Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi xodimlariga qo‘shilgan holda mahsulotlarni tarqatish uchun yo‘lga chiqdik.

Dastlabki borgan manzilimiz – Shayxontohur tumani «Obinazar» mahallasidagi Dilnavoz Yusupova xonadoni bo‘ldi. 60-65 yoshlardagi bu onaxon 2 kun avval 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘ragan ekan.

«Ko‘rayotganingizdek, sharoitimiz unchalik yaxshi emas, shunga yordam so‘ragandim. Mana, 2 kun ham bo‘lmay yordamlar yetib keldi. Barchangizdan minnatdorman», – deya qo‘lini duoga ochdi onaxon.

Ma'lumot uchun, Dilnavoz ayaning qo‘liga yetib kelgan bu bozor xaltasida 2kg kartoshka, 2 kg sabzi va shuncha miqdordagi piyoz, un, shakar, guruch va 1 litr o‘simlik moyi hamda 400 gramm quruq choy mahsulotlari bor ekan.

Shu o‘rinda xayriya mahsulotlarini aholiga yetkazib beruvchi volontyor yoshlarning mehnatini ham e'tirof etish kerak. Aynan ular o‘ta murakkab sharoitda va ko‘pchilik hovlisidan tashqariga chiqishga ham qo‘rqib turgan bir paytda yuzlab xonadonlarga kirib bormoqda.

«Volontyorlarimiz xonadonlarga borganda iloji boricha masofa saqlab, fuqarolar bilan ko‘rishmagan holda mahsulotni topshirib qaytishi kerak. Shu jarayondan keyin ularga qo‘lini albatta dezinfeksiya mahsulotlari bilan tozalash majburiyati tushuntirilgan», – deydi Ziyodulla Saydullayev.

Navbatdagi manzilimiz shu tumanning «Mannon Uyg‘ur» mahallasidagi Dilbar Abidovaning xonadoni.

«Shanba kuni telefon qilgandim, (biz Dilbar opaning xonadonida 21 iyul, seshanba kuni bo‘ldik – I.S.) Rahmat, bir urinishda bog‘lana oldim. O‘zim ikkinchi guruh nogironiman. Insult bo‘lgandim. Barchangizga katta rahmat», – deya samimiy minnatdorchilik bildirdi Dilbar opa.

Hayriya va xomiylik mahsulotlarini tarqatish jarayonini shu tarzda yana bir nechta xonadonga mehmon bo‘lgan holda kuzatdik. Endi yana ma'lumotlar markaziga qaytamiz.

Bu yerdagi ish jarayoni unchalik ham oson emasligini yuqorida ta'kidladik. Ammo ma'lumotlar markazidagi ish jarayoni faqat tinimsiz qo‘ng‘iroqlar ovozi yoki ish charchog‘idan iborat bo‘lmaydi.

Yoshlarning quvnoq davrasida qiziqarli voqealar ham ko‘p uchraydi. Masalan, Feruz Saidazimov aytishicha, bu yerda fuqarolardan eng ko‘p qo‘ng‘iroq qabul qiluvchi volontyorlar aniqlab borilar ekan. (Yoshlar shu orqali o‘zlarini ruhlantirishsa kerak. – I.S.)

«Yaqinda bir operator qizimiz kunlik 500dan ortiq natijani qayd etdi. Bu shu paytgacha bo‘lgan natijalar orasida rekord edi. Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa'dullayev unga yangi telefon sovg‘a qildi», – deydi Feruz.

Bizning o‘sha «rekordchi qiz» bilan intervyu qilishga bo‘lgan urinishimiz esa zoye ketdi. «Sababi kamtarinlik, yaxshilik qilib, uni birovga sezdirishni istamaslik», – deya izoh berdi uning sheriklari.

Aholi murojaatlariga o‘z vaqtida javob berish, ularning mushkulini oson qilish yo‘lida yuzlab jonkuyarlar mehnat qilmoqda. Biz ularga kuch-quvvat va salomatlik tilaymiz.

Aytgancha, volontyor sifatida shu kabi savobli ishlarda qatnashish ixtiyoriy, ular qatorida esa siz ham bo‘lishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top