19:38 / 22.07.2020
15919
Shahrixonda kam ta'minlangan oilalarga ajratilgan 82 mln so‘m mablag‘ talon-toroj bo‘ldi

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar bo‘yicha Kun.uz`ga ma'lumot berdi.

Xabar qilinishicha, Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi «Yakka tut» MFY mansabdor shaxslari tomonidan kam ta'minlangan oilalar toifasiga kirmaydigan 51 nafar fuqaroga asossiz ravishda moddiy yordam pullari to‘lab berilishi oqibatida 82,2 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Holat yuzasidan MFY mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «a,v,g» bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Shahrixon tuman bo‘limi tomonidan viloyat Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Toshloqda kadastr xodimi va loyiha muhandisi 400 dollar bilan ushlandi

Toshloq tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi M.M. O‘zbek davlat yer tuzish-ilmiy loyihalash instituti «O‘zdaverloyiha» Farg‘ona filiali muhandisi Yu.G‘. bilan oldindan til biriktirib, «M.F» dehqon xo‘jaligi rahbari A.A.dan yangi qurilgan bino va inshootlarni kadastr hujjatlarini tayyorlab berish, yer loyiha chizma hujjatlariga qo‘shimcha yer ajratib berish va tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga 400 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan bo‘lim mutaxassisi M.M. va bo‘lim muhandisi Yu.G‘.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Hazoraspda 8 ming dollar evaziga yer ajratib berishni va'da qilgan firibgar ushlandi

Xorazm viloyati Hazorasp tuman hokimligi qurilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi J.N. fuqaro O.B.ga Tuproqqal'a tumani «Obod» mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasidagi bo‘sh yer maydonidan 1 200 kv.m. yer uchastkasini Hazorasp tuman hokimligi hamda tuman yer tuzish va davlat kadastri bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali ajratib berishi evaziga 8 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan bo‘lim yetakchi mutaxassisi J.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi 28,211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Hazorasp tuman bo‘limi tomonidan DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Top