11:07 / 22.07.2020
1594
To‘lov tizimlarining muhimligini aniqlash mezonlari belgilandi 

Markaziy bank to‘lov tizimlarining muhimligini aniqlash mezonlarini belgiladi.

Norma’ning yozishicha, mezonlar quyidagilardir:

to‘lov tizimi infratuzilmasida 2 mln dan ortiq faol, bir oy davomida kamida 1 marta hisobvarag‘iga mablag‘ kirim qilingan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilar mavjud bo‘lsa;

1 yil davomida to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi ushbu turdagi to‘lovlar umumiy hajmining 25 foizidan ko‘p ulushini egallagan bo‘lsa;

bir yil davomida to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 12 trln so‘mdan ko‘p bo‘lsa.
 
Markaziy bank to‘lov tizimining muhimligini uning faoliyatini sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qilish asosida belgilaydi. Kamida ikkita mezonga to‘g‘ri keladigan to‘lov tizimi muhim hisoblanadi.
 
Eslatib o‘tamiz, muhim to‘lov tizimining uzluksiz ishlashi to‘lov xizmatlari ichki bozorining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga yordam beradi, uning ishidagi to‘xtalishlar (uzilishlar) esa tavakkalchiliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan:

muhim to‘lov tizimi operatoriga qo‘shimcha talablar qo‘yiladi (“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga qarang);

muhim to‘lov tizimining ishlashi 3 yilda kamida 1 marta o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkaziladi;

muhim to‘lov tizimining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishida buzilishlar bo‘lgan taqdirda MB navbatdan tashqari inspeksiya tekshiruvini o‘tkazishga haqli;

muhim to‘lov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv amalga oshirilayotganda MB ularning xalqaro standartlarga va o‘z talablariga muvofiqligi yuzasidan baholashni o‘tkazadi, ularning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Top