19:04 / 28.07.2020
5546
Tixanovskaya Lukashenko bilan birgalikda xalq va parlamentga murojaat qilmoqchi

Svetlana Tixanovskaya avvalroq o‘z kuchlarini prezidentlikka nomzodlari ro‘yxatga olinmagan Viktor Babariko va Valeriy Tsepkalolarning shtablari bilan birlashtirgandi.

Foto: TUT.by

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya milliy majlis, markaziy saylov komissiyasi va mamlakat teleradiokompaniyasiga 3 avgustda parlamentda amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko bilan birga murojaat qilish uchun ariza yo‘lladi. Bu haqda Viktor Babarikoning Telegram-kanalida ma'lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, Lukashenko ham nomzod maqomida bo‘lib, respublika saylov kodeksiga ko‘ra, barcha nomzodlar teng huquqqa ega va zimmasidagi majburiyatlar ham tengdir.

Tixanovskaya avvalroq o‘z kuchlarini prezidentlikka nomzodlari ro‘yxatga olinmagan Viktor Babariko va Valeriy Tsepkalolarning shtablari bilan birlashtirgandi.

Mamlakat prezidentining farmoniga muvofiq, 3 avgust kuni Minskda vakillar palatasi va respublika kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda Belarus prezidenti xalq va milliy majlisga murojaat yo‘llaydi.

Svetlana Tixanovskaya 21 iyul kuni mamlakat televideniyesi orqali saylovoldi dasturi bilan chiqish qildi. U nima uchun saylovda ishtirok etmoqchi ekanligi, mamlakat muammolar girdobida qolganligi va xalq va'dalardan charchaganligini aytdi.

Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgustda bo‘lib o‘tadi. Markaziy saylov komissiyasi besh kishi - Andrey Dmitriyev, Anna Kanopatskaya, Aleksandr Lukashenko, Svetlana Tixanovskaya, Sergey Cherechenlar nomzodini ro‘yxatga olgan.

Top