14:20 / 05.08.2020
8968

Rasman: Oston O‘runov - «Spartak» futbolchisi

«Spartak» «Ufa»ning o‘zbekistonlik yarimhimoyachisi Oston O‘runovning transferi haqida rasman e'lon qildi.

Moskvaning «Spartak» klubi «Ufa» bilan yarimhimoyachi Oston O‘runov transferi borasida kelishuvga erishgan. 19 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi moskvaliklar klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan.

O‘runov O‘zbekistonda Namanganning «Navbahor» va Toshkentning «Lokomotiv» klublarida to‘p surgan. U Superligada jami 55 o‘yinda maydonga tushgan.

U O‘zbekistonning turli yoshdagi milliy jamoalariga chaqirilgan, 2019 yilda asosiy jamoada debyut qilgan.

Yakunlangan mavsumning ikkinchi yarmida «Ufa»ga kelgan futbolchi RPLning 10 o‘yinida maydonga tushdi, hujumkor havbek sifatida harakatlangan futbolchi o‘zining yuqori tezligi va driblingi bilan katta qiziqish uyg‘otdi. Unga Moskva klublaridan tashqari, Yevropa klublaridan ham takliflar borligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

O‘runov yangi jamoasida 20-raqam ostida to‘p suradi.

«Spartak» klubi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlari orqali Oston O‘runovni ommaga tanishtirdi. Tayyorlangan videolavhada O‘runov «Spartak» libosida bo‘lib, post o‘zbek tilida «chiroyli qilamiz» izohi ostida e'lon qilingan.

Avvalroq, O‘runovning «Ufa»dan 2 million yevro transfer mablag‘i evaziga «Spartak»ka o‘tishi, Moskva klubida yillik 600 ming yevro maosh olishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid
Top