12:12 / 06.08.2020
1344
Inha universiteti talabalari muhtojlarga yordam beruvchi «Birdamlik» platformasini ishlab chiqdi

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari tomonidan Covid-19 Challenge tanlovi doirasida g‘olib deb topilgan «Birdamlik» nomli loyiha taqdim etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur loyiha ko‘ngillilar harakatini muvofiqlashtirishga, ko‘ngillilar va yordamga muhtoj fuqarolar orasida samarali muloqot olib borishga hamda ularga maqsadli yordam ko‘rsatishga zamin yaratib beradi.

Buning uchun loyihaning birdamlik.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, muvofiqlashtiruvchi shaxs tomonidan belgilangan vazifani, ya'ni muhtojlarga yordam berishni bajarish lozim. O‘z hissalarini qo‘shmoqchi bo‘lgan homiylar ham saytda ro‘yxatdan o‘tadi.

Bundan tashqari, saytda statistika mavjud, unda topshirgan arizalar soni, jalb qilingan ko‘ngillilarning va ulardan tashkil qilingan guruhlarning soni aks ettirilgan. 

Hozirgi kunda (2020 yil 6 avgust holatiga ko‘ra) loyiha doirasida 6 ta ariza kelib tushgan, 43 nafar ko‘ngillilar ro‘yxatdan o‘tgan va ulardan 5 ta guruh tashkil qilingan.

Top