17:11 / 08.08.2020
3154
Berilgan yordamni egasiga yetkazish pandemiya davridagi sinovdir - Imom-xatib moddiy yordamni egalariga to‘g‘ri yetkazish haqida
Foto: Uzreport TV

Bugun, 8 avgust kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sonida “Mahkam ota” masjidi imom-xatibi Muhammadbobur Yo‘ldoshev moddiy yordamni yetkazishda talon-torojliklar kuzatilayotgani bo‘yicha fikr bildirdi.

“Sinovli kunlarda sabr qilish Allohga xush keladigan fazilat hisoblanadi. Musulmon odam har bir holatda sabrli bo‘lishi kerak. Qur'onning Baqara surasi 153-oyatida Alloh taolo “Ey, iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so‘ranglar. Albatta, Alloh sabrlilar bilandir”, - deya marhamat qiladi.

Aslida, berilgan omonatga xiyonat qilmay, egasiga sog‘-salomat yetkazishning asosi ham sabr hisoblanadi.  Sabr ham ibodatning bir ko‘rinishidir. Xalqqa berilgan yordamni egasiga yetkazish pandemiya davridagi sinovdir”, - deb ta'kidladi imom-xatib.

Muhammadbobur Yo‘ldoshev moddiy yordamni egalariga yetkazishda yo‘l qo‘yilayotgan talon-torojliklar borasida ham munosabat bildirdi.

“Bunday adolatsizlik uchun oxiratda jazo qattiq bo‘ladi. Niso surasining 58-oyatida  “Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishga buyuradi. Albatta, Alloh sizlarga eng yaxshi pand-nasihatlar qilur. Albatta, Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchi bo‘lgan zotdir” deya qayd etilgan”, - dedi imom-xatib press-klubdagi suhbat davomida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-toroj qilinayotgani tashvishga solayotganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan umumiy hisobda jamg‘armaning 1 mlrd 750 million so‘mdan ziyod mablag‘i talon-toroj qilingan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top