10:29 / 11.08.2020
26902
«Chorvoq»da cho‘milish va katerda uchish o‘tmishga aylanishi mumkin. Muammoga taqiqdan boshqa yechim yo‘qmi?

Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Chorvoq» suv ombori havzasining sanitariya muhofazasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasini muhokamaga chiqardi.

Foto: wikiway.com

Loyihada «Chorvoq» suv omborida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli motorli qayiqlar, katerlar, yaxtalar, gidrosikl va boshqa suzuvchi vositalardan foydalanish hamda plyajlar tashkil etish, suv omborining qirg‘og‘i perimetri bo‘ylab aholining cho‘milishini taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Loyihada bunday taqiqning joriy etilishiga sabab sifatida chiqindilar tashlanishi oqibatida suvning ifloslanayotgani, 2017 yilda 2 ta skuterning to‘qnashishi oqibatida 2 nafar va 2015 yildan 2020 yilning iyul oyiga qadar 8 nafar fuqaro cho‘kib vafot etgani keltirilgan.

Har bir inson hayoti, albatta qadrli, ammo 6 yil ichida 8 nafar insonning cho‘kib ketganini sabab qilib ko‘rsatib, aholi va sayyohlar yozgi mavsumda dam olishi mumkin bo‘lgan barmoq bilan sanarli obektlardan birining yopilishi turizm, xususan ichki turizmni rivojlantirish haqida bong urilayotgan bugungi O‘zbekiston uchun qanchalik to‘g‘ri keladi?

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bunga qanday munosabatda bo‘larkan?

Loyiha e'lon qilingach, jamoatchilik ushbu loyihani asosan tanqidiy kutib oldi, portalda loyiha ostida qoldirilgan fikr-mulohazalar ham shunday dalolat bermoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar ham masalaga e'tibor qaratishmoqda. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov shunday deb yozdi:

«Bu ketishda yaqin orada elektr energiyasini taqiqlashlari mumkin, chunki yiliga qanchadir odam tok urib o‘ladi. Avtomashinalardan foydalanishni taqiqlashlari mumkin, axir yiliga minglab odamlar avtohalokatlar qurboni bo‘ladi».

Bloger hali loyiha bosqichidagi qaror bilan «Chorvoq»da cho‘milishni 1 avgustdan, ya'ni «zadnim chislom» taqiqlashmoqchi ekaniga e'tibor qaratgan.

Keling, yuqoridagi mantiqdan kelib chiqib, taqiqlash kerak bo‘lgan yana bir qator narsalarni sanab o‘tamiz.

Eng birinchi o‘rinda, aholiga gaz tarqatishni taqiqlash kerak, chunki yiliga bir necha o‘nlab odamlar, hatto butun boshli oilalar is gazidan zaharlanib vafot etyapti.

Ko‘mirdan foydalanishni ham taqiqlash kerak. Gaz yo‘qligidan qishda uyini ko‘mir bilan isitmoqchi bo‘lganlar ham ko‘mir isidan vafot etayotgan holatlar mavjud.

Pichoqlardan foydalanishni ham taqiqlash kerak. Bozordagilarini to‘mtoqlashtirib chiqish uncha foyda bermaydi. Har yili qanchadir odam pichoqlanishdan og‘ir jarohatlar olyapti, vafot etayotganlar ham talaygina.

Yotoqda uxlashni taqiqlash kerak. Mark Tven o‘z hikoyasida yozganidek, yotoq – bu eng xavfli joy. Zero, son-sanoqsiz odamlar kechasi unda uxlab, o‘rnidan qaytib turmaydi.

Chimyon kurort zonasini ham yopish kerak, chang‘i uchish jarayonida bir qancha odam keskin yiqilib, vafot etishi mumkin. Mixail Shumaxer ham chang‘i uchayotganida yiqilib, komaga tushib qolgan.

Tog‘larda alpinistlik faoliyatini ham taqiqlash kerak. Har yili qanchadir alpinist halok bo‘ladi, bedarak yo‘qoladi.

Rossiyaga avtobusda borishni taqiqlash kerak. 2018 yil Aqto‘beda 52 nafar fuqaromiz avtobus yong‘inida halok bo‘lgan...

Biz yuqorida sanagan narsalarning har biridan «Chorvoq»da halok bo‘layotganlardan ko‘ra ancha ko‘proq odam halok bo‘ladi. Ammo ular taqiqlanmaydi. Chunki ular insonning turli ehtiyojlarini o‘zida ifodalaydi. Lekin nega «Chorvoq»da cho‘milish taqiqlanishi kerak? Axir u ham insonning dam olishdek uzviy ehtiyojlaridan birini ifodalaydi-ku?

Suvga chiqindi tashlash haqida gap ketsa, korxonalarning suv havzalariga tonnalab chiqindi oqizayotgani hisobga olinib, nega ushbu korxonalar faoliyati taqiqlab qo‘yilmaydi?

Yurtimizda qaysidir sohada turli salbiy oqibatlar kelib chiqa boshlasa, oqibatlarga olib kelayotgan sabablar bilan kurashish o‘rniga darrov muammoning oson yechimi degan fikr bilan taqiqlar o‘rnatish boshlanadi.

Rivojlangan davlatlarda taqiqlarga eng oxirgi chora sifatida yondashiladi.

AQShning San-Fransisko shahridagi «Oltin darvoza» («Golden Gate») ko‘prigi dunyo miqyosida insonlar eng ko‘p o‘z joniga qasd qiladigan obektlar orasida oldingi o‘rinlarda turadi.

Har yili o‘rtacha 30 nafar odam ko‘prikdan dengizga sakrab o‘z joniga qasd qiladi. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘prik qurib bitkazilgan 1937 yildan to hozirgacha bu yerda 1200 ga yaqin suitsid sodir etilganiga qaramay, amerikaliklar ushbu ko‘prikni «ura-urachilikda» yopib, undan foydalanishni taqiqlab qo‘yishmagan, balki suitsidlarni kamaytirish uchun ko‘prik chetiga suratda ko‘rib turganingizdek to‘r o‘rnatib chiqishgan va boshqa bir qator choralar ham ko‘rilgan.

«Chorvoq» masalasida ham muammolarning yechimi taqiqlash emas, tizimli tarzda yo‘lga qo‘yilgan chora-tadbirlar bo‘lishi kerak.

Masalan, «Chorvoq» suv ombori sohiliga chiqindilar tashlanishi holatini oldini olish ustida bosh qotirish kerak. Bu borada jamoatchilik nazorati va chiqindilarni tozalash xizmatidan faol foydalanish yoki kuzatuv kameralari o‘rnatib chiqish va chiqindi tashlaydigan dam oluvchilarga jarima solish bilan mavjud muammoni bartaraf qilish mumkin.

Yoki o‘lim holatlarining oldini olish uchun qutqaruv xizmatining tezkor ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda ham kimdir cho‘kib ketsa, unisi endi taqdirdan bo‘ladi.

«Chorvoq» suv ombori hududida dam olishni taqiqlashning yana bir salbiy oqibati – ushbu obekt yoz mavsumida ko‘plab fuqarolarni qabul qilib kelganini hisobga olsak, agar u yopiladigan bo‘lsa, yoz mavsumida dam oluvchilarning oqimi boshqa kichikroq obektlarga yo‘naladi va o‘sha obektlarda tig‘izlik va gavjumlikni bir necha karraga oshirib yuboradi. Yana bir salbiy oqibati – ushbu turistik obektda dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatadigan insonlarning tirikchiligi so‘roq ostida qoladi.

Umid qilamizki, ushbu masalaga shoshma-shosharlik bilan yondashilmaydi va loyiha qabul qilinishidan kelib chiqadigan salbiy oqibatlar haqida puxta xulosa qilinadi.

Abbos Salaydinov

Top