16:12 / 14.08.2020
33039
Triatlon federatsiyasiga Xavfsizlik kengashi kotibi, MMA assotsiatsiyasiga esa mudofaa vaziri rais bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi va triatlon federatsiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. 

Viktor Mahmudov va Bahodir Qurbonov

So‘nggi paytlarda har ikki tashkilotga muvaffaqiyatli rahbarlik qilgan Otabek Umarovning asosiy vazifasida ish hajmining ortganligi, qolaversa, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda uning rahbar sifatidagi o‘z vakolatlarini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirildi.

“Mamlakatimiz, butun xalqimiz dunyoni larzaga keltirgan kuch bilan to‘qnash keldi. Ko‘rinib turibdiki, mavjud qiyinchiliklarni yengish uchun har birimizdan katta kuch va g‘ayrat talab qilinadi. Bunday vaziyatda men davlat xizmatini bajarish, jamoat xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq vazifalar mutlaqo yangi xarakterga ega va misli ko‘rilmagan javobgarlik darajasiga ko‘tarilganini bilaman. Bu menga sport tashkilotlaridagi lavozimimni tark etishdan boshqa imkoniyat qoldirmaydi. Sababi oddiy: MMA assotsiatsiyasi ham, triatlon federatsiyasi ham katta e'tibor va vaqt talab qiladi. Bugungi sharoitda, afsuski, bunga kafolat bera olmayman. O‘zbekiston har sohada muvaffaqiyatga intiluvchi, sportga qiziqishi yuksak bo‘lgan yoshlar yurtidir. Ular Davlatimiz shon-u shuhratini dunyoga tanitishga intilishlari hech qachon kamaymaydi. Ikkinchidan, qisqa davr ichida bo‘lsa ham har ikkala federatsiyani mustahkam oyoqqa turib olishi, bundan keyin dadil rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratildi. Bunga juda mashaqqat va fidoyilik evaziga erishildi. Ishonchim komilki, mening o‘rnimga keladigan insonlar bu sport turlarini yanada rivojlantirishadi”, – dedi Otabek Umarov.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, yig‘ilish davomida triatlon federatsiyasi raisligiga O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, MMA assotsiatsiyasi raisligiga esa O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovlar bir ovozdan saylanishdi.

Avvalroq, Otabek Umarov sport tashkilotlari rahbarligidan ketayotgani xabar berilgandi. 

Top