08:53 / 19.08.2020
27576
O‘zbekistonda «Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish hisoblanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
  • qonuniylik;
  • ixtiyoriylik;
  • ommaviylik va ochiqlik;
  • tinch asosda o‘tkazilishi;
  • tomonlarning o‘zaro javobgarligi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:

ularni konstitutsion tuzumni tajovuzkorlik yo‘li bilan ag‘darish, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazish;

davlat organlari va tashkilotlar, korxona va muassasalarning ish faoliyatiga to‘sqinlik qilish;

shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi atayin yolg‘on ma'lumotlarni qasddan tarqatish;

miting, yig‘ilish va namoyish o‘tkaziladigan hududda transport vositalaridan foydalanish;

niqob va ular shaxsini vizual aniqlashni qiyinlashtiruvchi va boshqa vositalardan foydalanish, shuningdek inson hayotiga tahdid solishi va sog‘lig‘iga shikast yetkazishi hamda atrof muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatuvchi qurilmalar (shu jumladan, qo‘lbola), sanchuvchi yoki kesuvchi predmetlar hamda qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa buyumlarni, tez alanga oladigan, yonuvchan, o‘tkir, kuchli ta'sir qiluvchi, zaharli moddalar, pirotexnika buyumlari, radioaktiv va boshqa moddalar, buyumlar hamda mahsulotlarni yonida olib yurish va undan foydalanish;

alkogol ichimliklar, giyohvand moddalar yoki boshqa moddalar ta'siri ostidagi mast holatda ularda ishtirok etish, shuningdek spirtli ichimliklar, psixotrop va inson irodasi va aqliy faoliyatiga ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalarni iste'mol qilish.

Agarda oldindan miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, ularni o‘tkazishda ishtirok etishga da'vat etish orqali targ‘ibot yuritish, shuningdek miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazish maqsadida ushbu Qonun bilan tartibga solinmaydigan ommaviy va boshqa tadbirlardan foydalanish taqiqlanadi.

Quyidagi holatlarda miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazish taqiqlanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar boshlanishidan bir kun avval va saylov kuni saylov uchastkasi yopilgunga qadar;

referendum o‘tkazilishidan bir kun oldin va saylov uchastkasi yopilgunga qadar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning alohida qarorlari asosida o‘tkazilayotgan muhim davlat ahamiyatiga molik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davomida, ular o‘tkaziladigan shahar va tumanlar hududlarida.

Qonunga muvofiq miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish qoidalariga amal qilinishini ta'minlash uchun to‘liq mas'uliyatni zimmasiga oladigan 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari miting, yig‘ilish va namoyishlar tashkilotchisi bo‘lishi mumkin.

Quyidagi shaxslar tashkilotchilik qila olmaydi:

sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;

psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turgan shaxslar;

sudlangan, ozodlikdan mahrum etilganlar saqlanadigan joyda va probatsiya xizmati nazoratida bo‘lgan shaxslar;

ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganligi, davlatga xoinlik qilganligi, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzkorlik qilganligi, ekstremistik va terrorchilik jinoyatlarini sodir etganligi, miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan va sudlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

respublika hududida faoliyati tugatilgan yoki ro‘yxatdan o‘tmagan, shuningdek qonunda belgilangan tartibda faoliyati to‘xtatilgan nodavlat notijorat tashkilotining a'zosi yoki rahbari hisoblangan shaxslar.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish uchun ruxsat olish uchun mahalliy ijro etuvchi organlarga ariza taqdim etiladi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat olish uchun ariza tashkilotchi (tashkilotchilar) yoxud ularning vakili (vakillari) tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yozma yoki elektron shaklda, miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishigacha o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda taqdim etilishi lozim.

Arizaga miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish reglamenti ilova qilinadi, unda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

  • ijtimoiy faollikning shakli (miting, yig‘ilish va namoyishlar, shu jumladan ko‘cha yurishi, piket o‘tkazish va fleshmob);
  • miting, yig‘ilish va namoyishlarning maqsadi;
  • miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkaziladigan joy (joylar), ishtirokchilarning harakatlanish yo‘nalishlari;
  • miting, yig‘ilish va namoyishlarning boshlanish va tugallanish sanasi va vaqti;
  • miting, yig‘ilish va namoyishlar ishtirokchilarining taxminiy soni;
  • miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazishda foydalaniladigan targ‘ibot materiallarining ro‘yxati, shuningdek, tovushni kuchaytiruvchi texnik qurilmalar;
  • tashkilotchi (tashkilotchilar) yoxud ularning vakili (vakillari)ning familiyasi, ismi, sharifi, shuningdek, u/ularning yashash manzili yoki turar joyi, telefon raqami to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil qilish va o‘tkazishni moliyalashtirish manbalari.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat olish uchun ariza tashkilotchi tomonidan, uning yo‘qligida esa, vakili (vakillari) tomonidan imzolanadi.

Top