Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erondagi namoyishlar: qurbonlar soni minglab bo‘lishi mumkin
Tehrondagilar urushga ham, AQSh bilan muzokaralarga ham tayyorligini aytmoqda.
Foto: Reuters
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi dushanba kuni Donald Trampning tahdidlariga javoban Islom respublikasi AQSh bilan urushga ham, muzokaralarga ham tayyorligini ma’lum qildi. Xorijda ishlovchi eronlik huquqbonlar namoyishlar boshidan buyon yuzlab kishilar halok bo‘lganini xabar qilishmoqda va bu raqamlar aslida minglab bo‘lishi ham mumkinligi ta’kidlanmoqda. Mamlakatda internet to‘liq o‘chirilgani tufayli yakuniy raqamlarni tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Qurbonlar soni oshmoqda
Qarorgohi Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs (IHR) huquq tashkiloti dushanba kuniga kelib Erondagi to‘qnashuvlar chog‘ida halok bo‘lganlar soni kamida 648 kishini tashkil etayotgani haqida xabar berdi.
Huquq faollari qurbonlarning asl soni ancha kattaroq bo‘lishi va olti ming nafargacha yetishi mumkinligini taxmin qilishgan, ammo mamlakatda internet o‘chirilgani tufayli o‘lim holatlari haqidagi ko‘plab xabarlarni tekshirib bo‘lmayapti.
28 dekabr kuni avvaliga iqtisodiy muammolar tufayli boshlangan namoyishlar ko‘p o‘tmay Eron hukmron rejimi tarixidagi eng jiddiy tahdidlardan biriga aylandi.
Yanvar oyi boshidan kuchishlatar tuzilmalar namoyishlarni kuch bilan bostirishga kirishdi. Muxolifatchilarning aytishicha, rasmiylar qatag‘on ko‘lamini yashirish uchun ham internetni o‘chirishgan.
So‘nggi kunlarda mamlakatda rejim tarafdorlari ham ko‘chalarga chiqa boshlagan.
AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Eron rahbariyati vakillari muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan aloqaga chiqqanini ma’lum qildi. So‘nggi haftalarda Tramp bir necha bor AQSh vaziyatga aralashishi bilan tahdid qilgandi.
«[Ammo] biz bu uchrashuvdan oldinroq boshlab yuborishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin», – degandi Tramp.
«Eron Islom respublikasi urushga intilmaydi, ammo unga to‘liq tayyor, – dedi tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Tehronda davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan xorijiy elchilarning konferensiyasida. – Biz muzokaralarga ham tayyormiz, lekin bu muzokaralar adolatli, teng huquqli va o‘zaro hurmatga asoslangan bo‘lishi kerak».
Mamlakat tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy Araqchi hamda Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasida aloqa o‘rnatilganini ma’lum qilgan. AQSh va Eron o‘rtasida diplomatik munosabatlar yo‘q – AQShning Erondagi fuqarolari masalalari bilan Shveytsariyadagi elchixona shug‘ullanadi.
Eronda o‘tgan haftaning payshanba kunidan buyon internet o‘chiq qolmoqda.
Internet sohasidagi tadqiqotchi Alirizo Manafiyning aytishicha, hozirda Eronda internetga ulanishning yagona yo‘li – Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallariga ega bo‘lishdir. Shu qurilmalar yordamida eronliklar ijtimoiy tarmoqlarda namoyishlar vaqtida olingan video va fotolarni tarqatmoqda. Manafiy Starlink egalarini ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan: bunday qurilmalar orqali ulanish rasmiylar tomonidan kuzatilishi mumkin.
Xalqaro axborot agentliklari esa voqealarni Erondan turib yoritish imkoniyatidan deyarli mahrum, ishlashga ruxsat berilgan jurnalistlarning harakatlari ham qat’iy nazorat ostida.
Qurbonlar haqidagi ma’lumotlar IHR, shuningdek, AQShda ishlovchi Human Righs Activist News Agency tashkilotlari tomonidan yig‘iladi va e’lon qilinadi. Bundan tashqari, mustaqil nashrlar ham marhumlarning yaqinlari bilan gaplashib, o‘lim holatlarini va vafot etganlarning shaxsini aniqlamoqda.
Eronda olingan yuzlab videoroliklardan biri o‘likxonada olingan bo‘lib, unda o‘nlab jasadlarni ko‘rish mumkin.

Mahalliy vaqt bilan yakshanba kuniga o‘tar kechasi, soat 00:45 da mahalliy telegram-kanallarda tarqalgan bu videoda Tehron markazidan 20 km masofada joylashgan o‘likxonada tobut ko‘targancha yig‘layotgan kishilar ko‘rsatilgan.
Eronliklar odatda bunday marosimda «Allohdan o‘zga iloh yo‘q!» deya hayqirishadi, ammo bu videoda faqat shunday so‘zlarni eshitish mumkin: «Xominaiyga o‘lim!»
Videoning katta qismi marosim ishtirokchilarining shaxsini yashirish uchun xiralashtirilgan, ammo BBC marosim aynan qaysi o‘likxonada bo‘lib o‘tganini uning rasmlarini Google Photos’dagi rasmlar bilan solishtirish orqali tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi.
AFP jurnalistlari aniqlashicha, Qahrizakda olingan kadrlarda qora qoplarga o‘ralgan jasadlar va ular orasidan o‘z yaqinlarini qidirayotgan azador qarindoshlarni ko‘rish mumkin.
Eron davlat nashrlari esa o‘ldirilgan o‘nlab kishilar kuchishlatar tuzilmalar xodimlari ekanini aytmoqda. Rasmiylar ularning ayrimlarining dafn marosimlarini hukumat tarafdorlarining katta mitinglariga aylantirishga harakat qilmoqda.
Hukumat reaksiyasi
Eron sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Muhsiniy-Ajoiy prokurorlarni ishlarni «imkon qadar tezroq» ko‘rib chiqish uchun maxsus xizmatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi. U ham Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari kabi namoyishchilar AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini aytib chiqdi.
Eron bosh prokurori Muhammad Kozim Muvohidiy-Ozod 10 yanvar kuni tartibsizliklarning barcha ishtirokchilari «Allohga qarshi urush»da ayblanishi mumkinligini aytdi – buning uchun Eronda o‘lim jazosi belgilangan. 2022 yilda bo‘lib o‘tgan yirik norozilik namoyishlarida ham rasmiylar namoyishchilarning bir qismini aynan shunday ayblov qo‘yib qatl etgandi.
Eron davlat televideniyesi vaziyat tinchlanayotganini ko‘rsatishga harakat qilmoqda, masalan, sokin ko‘chalar va ulardagi odatiy harakat tasvirlari namoyish etilmoqda. Tehron gubernatori Muhammad-Sodiq Motamedian televideniye orqali namoyishlar soni kamayib borayotganini aytib chiqdi.
Hukumat «tartibsizliklar» qurbonlari xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qildi, davlat televideniyesi esa bir qancha shaharlarda hukmron rejimni qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshlangan mitinglarga oid kadrlarini namoyish etdi.
IRIB telekanali tarqatgan kadrlarda ko‘chalar odamlar bilan to‘lganini ko‘rish mumkin, tarmoqning telegram-kanalidagi tarjima qilingan postlardan birida namoyishchilar yaqinda sodir bo‘lgan «terrorchilik harakatlari»ga qarshi birdamlik belgisi sifatida ko‘chalarga chiqqani aytiladi.
BBC Fors xizmati xabariga ko‘ra, dushanba kuni butun mamlakat aholisiga hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilayotgan mitinglarda ishtirok etish taklif qilingan sms-xabarlar yuborilgan.
«Xalq tomonda turing»
Eronning ag‘darilgan shohining o‘g‘li, hozirda AQShda yashovchi Rizo Pahlaviy Eron xavfsizlik kuchlari va davlat xizmatchilarini hokimiyatga qarshi namoyishlarga qo‘shilishga chaqirdi.
«Davlat idoralari xodimlari, shuningdek, qurolli kuchlar va xavfsizlik kuchlari a’zolarida tanlash imkoniyati bor: xalq tomonida turib, millat ittifoqchisiga aylanish yoki xalq qotillariga sherik bo‘lish», – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Shuningdek, u xorijdagi namoyishchilarni Eron elchixonalari binolarida o‘rnatilgan bayroqlarni almashtirishga chaqirgan. «Ularni Eron milliy bayrog‘i bilan bezatish vaqti keldi», – deydi u.
Bloomberg via Getty Images
Xorijda yashovchi eronliklar odatda namoyishlar vaqtida vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglarda inqilobdan oldingi bayroqni ko‘tarishadi.
Londonda dam olish kunlari shunday miting ishtirokchilaridan biri Eron elchixonasi balkoniga chiqib, Islom respublikasi bayrog‘ini sher va quyosh tasvirlangan eski shoh bayrog‘iga almashtirdi. Eron TIV ushbu voqea munosabati bilan Buyuk Britaniyaning Tehrondagi elchisini chaqirtirgan.
AQShning Yaqin Sharqdagi sobiq elchisi va prezident Jo Baydenning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maxsus vakili Devid Satterfild BBC’ga aytishicha, Eron hukumati endi aholining asosiy ehtiyojlarini qondirishga qodir emas.
Gap nafaqat yuqori va o‘rta, balki aholining eng qashshoq qatlamlarini ham suv, yoqilg‘i, elektr energiyasi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan qulay narxlarda ta’minlash haqida bormoqda.
«Rejimda norozilik sabablarini bartaraf etish uchun resurslar yo‘q. Agar 2022 yilgi norozilik namoyishlarida bo‘lgani kabi madaniy tadbirlar haqida gap ketsa, rejim ayollarga nisbatan cheklovlarni bekor qilishi, dress-kod qoidalarini yumshatishi mumkin va haqiqatan ham shunday qildi, ma’naviyat politsiyasi sochni yopib yurishni talab qilishni to‘xtatdi. Ammo odamlar yashash minimumi, qadrsizlanmaydigan valuta, yoqilg‘i, elektr energiyasi, suvni talab qilganda, rejim buni osonlikcha bera olmaydi», – deydi Satterfild.
Mavzuga oid
14:58
Xominaiy AQShning har qanday hujumi katta urushga olib kelishidan ogohlantirdi
11:01
Eron namoyishlarda halok bo‘lgan qariyb 3000 kishining ismlarini e’lon qildi
22:21 / 01.02.2026
Eron YeI mamlakatlari armiyalarini "terrorchi guruhlar" ro‘yxatiga kiritdi
20:13 / 01.02.2026