11:12 / 21.08.2020
2830
Chet eldagi ishga joylashtirish uchun haqni kim to‘laydi?

«Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi Qonunga tuzatishlar kiritildi. Ular 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Foto: Fotolia

Xususiy bandlik agentliklariga (XBA) mamlakatdan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirganlik uchun fuqarolarning o‘zidan haq undirish taqiqlanadi – ushbu xizmatlar haqini ish beruvchilar to‘lashi kerak. Fuqarolarga ushbu taqiq haqida yozma shaklda bildirishnoma beriladi. Agentlik tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda murojaat qilish uchun bildirishnomada XBA va Mehnat vazirligining pochta manzillari va telefon raqamlari ham ko‘rsatilishi kerak.
 
Norma’ning yozishicha, tuzatish odamlardan haq undirib, biroq ularni ishga joylashtirish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaydigan nohalol agentliklardan himoya qiladi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bunday faktlar bir necha bor qayd etilmoqda, so‘nggi vaqtda 10 nafar XBA rahbariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ularning noqonuniy faoliyatidan 7 123 nafar fuqaro jami 72 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda zarar ko‘rgan.
 
Tegishincha, XBA ehtimoliy mehnat migrantlarini ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun chet ellik ish beruvchi va (yoki) sherik bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzadi. Ushbu yozma shaklda tuzilgan hujjatda quyidagilar aks ettiriladi:

  • kasb yoki mutaxassislik turi, mehnatga haq to‘lash miqdori, ajratilgan kvotalar soni, ish vaqtining davomiyligi, ish joyigacha va ish joyidan transportda tashish, ishidan mahrum bo‘lgan taqdirda ijtimoiy himoya qilish, sanitariya-gigiyena tadbirlarini hamda tibbiyotga oid boshqa tadbirlarni tashkil etish, mehnat va dam olishni muhofaza qilish, ishlab chiqarishda baxsiz hodisa yoki kasb kasalligi yuzaga kelgan taqdirda kompensatsiya olish tartibi va boshqa shartlar;
  • taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
  • shartnomaning muddatlari, uni o‘zgartirish va bekor qilish tartibi, shuningdek uning boshqa shartlari. 

Shartnomaning matni agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilishi kerak. Shartnomani tuzmasdan xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi.
 
XBA fuqarolarni chet eldagi ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish uchun Mehnat vazirligi huzuridagi maxsus jamg‘armada zaxira qilib qo‘yishi kerak bo‘lgan summa ko‘paytiriladi. Hozir u $50 mingni tashkil etadi, endi esa 8 500 BHM (material e'lon qilingan sanada – 1 895,5 mln so‘m) bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, zaxira qilinadigan summa sarflangan taqdirda mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish zarur, litsenziya tugatilgan yoki bekor qilingan taqdirda esa ular qaytarilishi lozim.
 
XBA ishga joylashtirish sohasida taqdim etadigan axborot va maslahat xizmatlarining «chegaralangan qiymati» ham belgilanadi. Ularning qiymati 1 BHMdan (material e'lon qilingan sanada – 223 ming so‘m) oshmasligi kerak. O‘z navbatida, bunday xizmatlarni bepul asosda ko‘rsatish imkoniyati istisno etiladi.
 
Qo‘shimcha nazorat dastaklari joriy etiladi:

birinchidan, XBA xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart – buni Mehnat vazirligining «labor-migration» tizimida onlayn-rejimda amalga oshirish mumkin;
ikkinchidan, Mehnat vazirligi XBAning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan ularni tekshirish huquqiga ega. Bunda tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ularni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali biznes-ombudsmanni xabardor qilish tartibida o‘tkaziladi. 

Ushbu jarayonda vazirlikning vakillari:

  • hududlar va binolarga moneliksiz kirishlari;
  • tekshiruvga taalluqli barcha zarur hujjatlar bilan tanishib chiqishlari;
  • XBAning mansabdor shaxslaridan tekshiruv o‘tkazish chog‘ida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari yuzasidan yozma tushuntirishlar, shuningdek hujjatlarning zarur bo‘lgan, tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini olishlari mumkin.

 
Qonun 15.11.2020 yildan kuchga kiradi.

Top