14:19 / 26.08.2020
35394
O‘zbekistonda kuz faslida koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini kutilyaptimi? – mutaxassis izohi

Kasallikning ikkinchi to‘lqini kelishi uchun uning birinchi to‘lqinidagi kasallar va kunda aniqlanayotganlar bemorlar soni minimal darajaga pastga tushishi kerak yoki barcha bemorlar tuzalib, kunlik aniqlanayotgan kasallar soni umuman bo‘lmasligi kerak. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova shu haqdagi savolga javob berdi.

Barno Abdusamatova

«Biz bu darajaga hali erishganimiz yo‘q. To‘g‘ri, kuz kelishi bilan yog‘ingarchilik natijasida namlik boshlanadi. Koronavirus sovuq va namgarchilikni yaxshi ko‘radi.

Shu bilan birga bu faslda yana ko‘pgina surunkali kasalliklar qo‘zg‘alishi natijasida bemorlarda immunitet pasayib, kasallik yuqtirishga moyilligi oshadi. Bu esa kasallar soni ortishi xamda ularning og‘ir formasi ko‘proq kuzatilishiga sabab bo‘ladi», - dedi u.

Shuningdek, fuqaroning hozirda ko‘p davlatlarda jamoaviy immunitet hosil qilish yo‘li bilan koronavirusga qarshi kurash yo‘li tanlaganini aytib, bizda ham bu rejalashtirilyaptimi, deya yo‘llagan savoliga ham javob berildi.

«Albatta, bu ham koronavirusga qarshi bir usul. Lekin bu juda xavfli. Koronavirusga nisbatan ommaviy immunitet shakllanishi uchun aholining 60 foizdan 80 foizgacha qismi kasallanib, sog‘ayishi kerak.

Ko‘plab odamlarning hayotini, ayniqsa xavf guruhiga kiruvchi: surunkali kasalliklari bor, yoshi kattalar, homiladorlar va bolalarni xavf ostiga qo‘yishimiz mumkin. Ko‘p odamlarning kasallanishi, davolanishi va immunitet hosil qilishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Shuningdek epidemiyani oldini olmasak, infeksiya tarqalishi rivojlanib ketadi. Oqibatda kasallanish holatlari ortib ketadi, buning natijasida klinikalarda bemor ko‘payib, sohaga bosim ortadi, o‘lim soni ortadi.

Shuning uchun ushbu yo‘lni O‘zbekiston hech qachon tanlamaydi. Aksincha pandemiyani nazoratda ushlab turib ko‘p vaqt davomida kamroq odamlar kasal bo‘lishiga erishishimiz mumkin. Shu davr ichida esa vaksina masalasi ham hal bo‘lishi mumkin», - dedi savolga javoban Barno Abdusamatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top