16:40 / 26.08.2020
40973
Vabo paytidagi ochko‘zlik. Bu darajaga qanday tushib qoldik?

Islohotlar muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘sha islohotlar qanday qo‘llar bilan amalga oshirilishiga bog‘liq. Qo‘llar halol-pok qo‘llar emas, egri bo‘lsa, urinishlar va resurslar zoye bo‘ladi.

Oshkoralik sabab haqiqiy holatimiz namoyon bo‘la boshladi. Pandemiya buni batamom yalang‘ochlab tashladi.

Xabarlarni eshityapmiz: «Falon viloyatda qaysidir sohada falon milliard talon-toroj bo‘lgan, qaysidir tumanda qaysidir sohada – falon million». Sal avval-ku bunaqa xabarlarni hazm qilib yuborardik. Ammo yurtga vabo – sinov kelib turgan paytlarda...

Bu degani – vaziyat ma'nan biz bilgandan ham chatoq. Bu ochilib qolgan milliardlar xamir uchidan patir bo‘lsa ajab emas.

Xo‘sh, inson qay darajaga yetishi kerakki, shunday pallada xalq mulkini o‘marsa? Insonning dunyoqarashi qay darajada buzilishi kerakki, bo‘ronga duch kelgan kemada o‘tirib, shu kemaning-da tagini teshsa? Kishi kim bo‘lishi kerakki, ona xalqi vabodan omon qolishi uchun ajratilgan pullarni fursatdan foydalanib o‘marish payida bo‘lsa? Ammo so‘z bu haqda ham emas. Nima haqida unda?

So‘z qanday qilib ishlar bu darajada chappa-rosta bo‘lib qolgani haqida. Ya'ni qanday qilib davlat idoralarida munosib odamlar o‘rnida nomunosib kishilar joylashib olganida. Ularning joyimi davlat idoralari?

Va bu nido yoki hayqiriq emas, balki aniq – konkret savol: bu qanday mumkin bo‘ldi? Shu savolga javob bersak, isloh eshiklari ochilsa ajabmas.

Avvalo, «davlat» tushunchasi haqida ikki og‘iz eslatma. Davlat bu – xalq irodasiga muvofiq va xalqning pulidan maosh olib, xalqning xizmatida bo‘lishi lozim bo‘lgan xalq ta'sis etgan tuzilma. Tabiiyki, mazkur ta'rif davlat idoralarida eng halol hamda ta'sischisi bo‘lmish xalqning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan odamlar ishlashini taqozo qiladi.

Dunyoning hech bir nuqtasida bu haqiqatlar balki mukammal ro‘yobga chiqmagandir (kamchiliklar hamma joyda bor), biroq bu yerda gap mazkur haqiqatlardan uzoqlashish darajasi haqida ketyapti. Bu darajada bo‘lmasligi kerak-da endi, uzoqlashish!

Ma'naviy prinsiplari bo‘lmagan ko‘plab kishilarning davlat lavozimlariga kelishining oqibati yaxshi bo‘lmasligi shubhasiz. Zero, davlat mansabdori qo‘lida turli resurslar bo‘ladi, qo‘lidan xalq mulki o‘tadi. Prinsipsiz kishilar jamoalarda ustuvorlikka ega bo‘la boshlashi bilan, kabinetlarni ma'nan tubanlik havosi to‘ldira boshlaydi. Bizda bu qachon va qanday qilib boshlandi?

Demokratik tamoyillarning qaror topishi jamiyatni shunaqa chappa-rostalikdan, ishlarning oyog‘i osmonda bo‘lib qolishidan saqlaydi. Jamiyat hayotiga taalluqli, xalq mulkiga amalga oshiriladigan ishlar o‘sha xalqning ko‘z o‘ngida amalga oshirilishi lozim. Shaffoflik qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ishlar yopiq eshiklar ortiga o‘tgandan keyin ziddiga ketadi.

Sobiq sovet ittifoqi barham topganidan so‘ng totalitar tuzumning asoratlaridan qutulib, mamlakatimizda demokratik tamoyillarni sekin-astalik bilan bo‘lsa-da qaror toptirish yo‘lidan borish imkoni paydo bo‘lgan edi. Ammo jamiyat ishlarida jamiyatning o‘zi ishtirok etishi yetarlicha ta'minlanmadi: xalqning mablag‘lari tasarrufi xalqning nazaridan chetda – yopiq eshiklar ortida hal qilinishiga to‘la barham berildi, deb bo‘lmaydi.

Bu esa, o‘z navbatida, davlat idoralaridagi muhitga ta'sir etdi – korrupsiyani urchitdi. Jamoyatchilik ko‘zidan panada amalga oshirilgan, moliyaviy mablag‘lar bilan bog‘liq ishlar qing‘irliklarni ko‘paytirishi tabiiy edi va aynan shu omil davlat idoralarida mohiyatan salbiy muhitni yuzaga keltirdi. Bu esa davlat idoralarida o‘sha – mavzumiz bo‘lgan hodisani, effektni yuzaga keltirdi. Ya'ni davlat idoralariga ma'nan tuban shaxslar ko‘plab yig‘ildi.

O‘rgimchak o‘z to‘rini qanday shiddat bilan to‘qisa, mazkur salbiy holat shunday shiddat ila korrupsiyani ko‘paytiradi. Achinarli tomoni – bundan xalos bo‘lish o‘ta mushkul, zero korrupsiya ta'mini totgan, bir muddat uning mevalarini yegan, hammayoqni qamrab olgan korrupsionerlar mavjud holatni saqlab qolish uchun barcha choralarni ishga solishadi, «o‘lib-tirilishadi».

Islohotlar muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘sha islohotlar qanday qo‘llar bilan amalga oshirilishiga bog‘liq. Qo‘llar halol-pok qo‘llar emas, egri qo‘llar bo‘lar ekan, urinishlar, resurslar zoye bo‘ladi.

Bu haqiqatni pandemiya bizga yanada bo‘rttirib ko‘rsatib qo‘ydi. To‘g‘ri xulosalar qilishimiz qoldi.

Shokir Sharipov

Top