10:13 / 27.08.2020
27533
Marg‘ilonda ikki nafar yigit YTHda halok bo‘ldi

YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning 26 avgust kuni soat soat 01:00 larda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar Xiyobon ko‘chasidan o‘tgan ko‘prik ustida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1998 yilda tug‘ilgan A.R. “Kobalt” rusumli avtomobil tezligini me'yoridan oshirgan holda boshqarib ketayotib, yo‘lning xavfli burilish joyida rul boshqaruvini yo‘qotib, ajratib turuvchi bordyur ustidan harakatlanib o‘tib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1986 yilda tug‘ilgan Sh.A. boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Natijada, “Kobalt” rusumli avtomobil haydovchisi, 22 yoshli A.R. voqea joyida va yo‘lovchisi, 22 yoshli M.G‘. shifoxonada vafot etishgan. “Spark” rusumli avtomobil haydovchisi, 34 yoshli Sh.A., yo‘lovchilari 46 yoshli X.M. va 30 yoshli A.O. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan 26 avgust kuni Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Barcha yo‘l harakati qatnashchilaridan yo‘llarda harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Top