09:32 / 29.08.2020
31964
«Sut, qatiq, futbol...» - O‘zbekistondagi futbol bozori haqida

Futbolga shunday pul sarflash faqat ikki shartlarda mumkin.

Foto: «Andijon» futbol klubi

Birinchisi, mamlakatda erkin bozor iqtisodiyoti va shartlari ishlaydi – davlat korxonalari futbolda o‘zlarini reklama qilish orqali ikki tomonlama manfaatli, bozor narxlari asosida shartnoma imzolaydi. Xuddi boshqa yirik xususiy kompaniyalarning investorligi kabi. Yaponiya yoki Janubiy Koreyani misol keltirish mumkin.

Ikkinchisi, davlat bu yerda xalq ham o‘ta boy bo‘lib, barcha ehtiyojlar qondirilgan, futbol esa xalq uchun ijtimoiy ovunchoq vazifasini o‘tab beradi. Xuddi Qatar yoki BAAdagi kabi. 

Biz har ikki toifaga ham kirmas ekanmiz, davlat kompaniyalari monopol bo‘lib, reklamaga muhtoj emas, yuqorida aytganimdek, xalqning futboldan boshqa mingta dardi bor ekan, boshqa zarur sohalar uchun ishlatilishi mumkin (shart) bo‘lgan mablag‘lar umumiy aholining 1 foizini ham qiziqtirmaydigan sohaga yo‘naltirilishi noto‘g‘ri.

(Xos vaziyatlar bo‘ladi. Masalan, rentabelligi yuqori bo‘lgan OTMK o‘z futbol jamoasini tashkil qilish orqali, asosan kombinat ishchilaridan tashkil topgan Olmaliq aholisini rag‘batlantiradi. Shu orqali ishchilar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, dam olishlari, ko‘ngil yozishlariga sharoit taqdim etadi. Xuddi shunday, Andijon viloyati hokimi budjetdan «Andijon» FKga pul berishi, aytaylik, viloyatning qayeridadir dam olish maskani, hayvonot bog‘i tashkil etishga harakat qilishidek gap. Ammo me'yor, javobgarlik, talab doirasidan chetga chiqmaslik sharti bilan).

O‘zbek futbolida bir klub moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qoldi, bir klub futbolchisini sotib, «pulini yeb yuborgani» bo‘yicha PFL tomonidan ayblanmoqda, yana bir necha klub yagona agentlik ostida birlashib – xalqaro musobaqalarda qatnashish eshigini o‘zi uchun yopmoqda va hokazo. Mana shunday voqealar fonida yana o‘sha eski mavzu – futbol klublarini xususiylashtirish, davlat futbolga pul ajratmasligi kerakligi, futbol daromadlari va hokazo mavzular chiqib kelaveradi. Bu esa, bizga har safar turli tomonlardan qarash imkoniyatini ham taqdim etadi.

Futbol klublarini ayblar ekanmiz, odatda ularga qarata – «o‘zing pul top, o‘z xarajatlaringni qopla, boqimanda bo‘lma» qabilida chaqiriqlar qilamiz. Agar futbolning rivojlanishi ushbu soha o‘zini o‘zi qoplash darajasiga yetishi bilan bog‘liqligini e'tiborga olsak, namuna qilinadigan «Paxtakor», «Qo‘qon 1912» yoki hatto «Turon»ning ahvoli ham u qadar havas qilarli emas. Biri o‘ziga boy investor topib, katta pul sarflayotgan bo‘lsa, ikkinchisi xarajatlarini futbolga bog‘liq bo‘lmagan daromadlar hisobiga qoplayapti. Ya'ni ikkisi ham vaqtincha, futbol nisbatan daromad keltirmas ekan, investor qachondir zerikishi, tadbirkorlar ham o‘ziga boshqa ovunchoq topishi turgan gap. Xo‘sh, nima qilamiz? Hamma ayb klublardami?

Savolni boshqacha qo‘yamiz – bugungi futbol sharoitimizda, alohida olingan bir klub, yaxshi boshqaruv va to‘g‘ri siyosat yordamida o‘z o‘zini qoplay oladimi? Sifatli mahsulot – sifatli futbol ishlab chiqarib, uni sota oladimi?

Futbol sohamizga biznes nuqtayi nazaridan qarasak, birgalikda «futbol mahsuloti» yaratilmoqda. Ushbu mahsulot xaridorlari – muxlislar bor. Talab bor. Taklif bor. Iqtisodiyot qoidalariga ko‘ra, bu yerda uchinchi faktorga ehtiyoj seziladi – bozor.

Endi savol, O‘zbekistonda futbol bozori bormi? Umuman, futbol bozori qanday va kim tomonidan yaratiladi?

Bugungi kunda butun dunyoda klublarning eng asosiy futbol daromadi manbayi – translatsiyalar bo‘lib qolmoqda. Albatta, uy o‘yinlari paytidagi kunlik daromadlar, futbolchi transferlari, atributkalar savdosi, homiylik shartnomalari ham bor – ammo eng barqaror tushum aynan o‘yinlar translatsiyalardan bo‘ladi. Ma'lum bir o‘yin ishtirokchilari bir klub bilan cheklanmaydi, unda raqib jamoa ham, musobaqani o‘tkazayotgan Liga ham ishtirok etadi – demak, konkret bir o‘yin translatsiyasi bu – hamkorlikda yaratiladigan mahsulot. Shunday ekan, bu mahsulotni sotish asosan Liga zimmasiga yuklatiladi.

Ma'lum bir musobaqa doirasida yaratilayotgan mahsulot savdosi, ishlab chiqaruvchilarning daromadi aynan o‘sha musobaqa tashkilotchisi bilan bevosita bog‘liq. Qisqa qilib aytganda, bozorni tashkil etish Liganing mas'uliyatidadir. Yanayam aniqroq aytganda, PFL O‘zbekistonda futbol bozorini yaratish yo‘lida ish olib borishi eng zarur va hal qiluvchi vazifadir.

Masalan, dunyodagi eng daromadli 20 futbol klubidan 8tasi, Top-10’dan 5tasi ingliz jamoalari hisoblanadi. Xo‘sh, bu klublar alohida, yaxshi va halol menejment yordamida rivojlanishdimi? Ingliz jamoalari zo‘r ishlashadi deb xulosa qila olamizmi? Yo‘q, biz odatda Yevropa klublarining moliyaviy tomondan ancha mulohazali ish yuritishlarini, aksincha, ingliz klublari xarajatlarni, futbolchi sotib olishda ortiqcha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yishlarini ko‘ramiz. «Vest Hem»ni «Ayaks»ga o‘rnak qilib ko‘rsatishga tilimiz bormaydi, to‘g‘rimi?

Bu yerda Liga faktori katta ahamiyat kasb etadi. Atigi 11 ming o‘rindiqli stadioniga ega bo‘lgan «Bornmut» agar Ispaniyada bo‘lganida, hozirgi daromadining yarmini ham topa olmasdi. Aksincha, hozir moliyaviy inqiroz tufayli barcha yulduzlarini sotayotgan «Valensiya» APL vakili bo‘lganida, o‘z tarixi va jozibadorligi bilan baquvvat klublardan biri bo‘lardi. Bugungi kartina «Bornmut» va «Valensiya» menejmentidagi farqni emas, aynan APLning Liga sifatidagi muvaffaqiyatini ko‘rsatadi.

Premer Liga o‘z o‘yinlarini dunyoning turli telekanallariga katta shartnomalar orqali sotib, katta daromad qiladi. Ushbu summaning asosiy qismi ishtirokchi klublarga tarqatiladi. Bu summa 100 million funt atrofidagi mablag‘ni tashkil etadi. Bu hammasi emas, misol uchun, APLni tark etgan jamoa keyingi uch yilda qismlarga bo‘lib, yana 50-60 million funt oladi. Bu nima uchun? Chunki APLda ishtirok etgan klubning xarajatlari, tarkibni ushlab turish, maoshga ketadigan xarajatlar shunga yarasha, birdaniga quyi ligaga tushib ketish moliyaviy tomonga katta zarba bo‘ladi. Translatsiyadan keladigan katta ulushsiz klub qiynalib qolib, inqirozga yuz tutishi mumkin. Yuqorida aytilgan 50-60 million funt aynan shunday qulashlar uchun «parashyut» vazifasini o‘taydi.

Xuddiki, Fransiya, Italiya, Ispaniya kabi baquvvat mamlakatlardagi ligalar Angliyada bas kela olmayotgan bir paytda men O‘zbekistonga namuna qilayotganim kulgili tuyular, lekin hech kimdan APL bo‘lishni talab qilmoqchi emasman. Yuqoridagi misollardan maqsad, futbol klublarining moliyaviy barqarorligida Liganing ahamiyatini ko‘rsatish va o‘zimizning mavzuga tushunarliroq qadamlar bilan o‘tib olish edi.

Endi, Superligaga qaytamiz. PFL o‘zbek klublari uchun futbol bozorini taqdim etyaptimi? Shu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Yo‘q, biz klublarga «o‘zing pul top», ya'ni «chiqargan mahsulotingni o‘zing sot» deb aql o‘rgatmoqchi bo‘lyapmiz-u, lekin o‘sha mahsulot uchun bozorni taqdim etmadik. Klublar o‘z mahsulotini ko‘tarib, uyma-uy yurib sotishga majbur. Buni ham hamma har xil tarzda amalga oshiryapti – biri tanish boyvachchani qiziqtirib, mahsulotini o‘tkazyapti, bir nechtasi, qanaqadir tenderlarni yutvolib, davlat tashkilotlariga futbol mahsulot o‘tkazyapti – aslida davlat tashkilotlariga bu mahsulot kerak emas, yana biri umuman boshqa mahsulotni sotib, pulini sotilmayotgan «futbol mahsuloti»ni chiqarishga sarflab yuribdi.  Ba'zilari mahsulotni o‘qituvchi yoki tadbirkorlarga majburlab sotyapti. Bu bir.

Ikkinchidan, PFL klublardan futbolni qisman sotib olib, aytaylik televideniyega yoki boshqa homiylik tashkilotlariga sotish orqali daromad qilishi va daromad klublarga taqsimlanishi kerak. Aytaylik, pandemiya davrida stadionlarga odam kiritilmadi, demak futbol faqat televideniye orqali xaridorlar, ya'ni muxlislarga sotildi, shundaymi?

Hamma klub xarajat qilib, Toshkentga boryapti. U yerda to‘planib, futbol o‘ynashyapti. O‘yinlar mahsulot shaklida Sport TVga taqdim etilyapti. Sport TV o‘yinlarni bizga namoyish qilyapti. Ya'ni, sotyapti (Bu yerda biz hech qanday pul to‘lamayotganimiz sizni chalg‘itmasin – futbol namoyishi bilan birga biz iste'mol qilayotgan reklamalar to‘lov sifatida o‘tadi). Xo‘sh, endi sotilgan mahsulotdan tushgan daromad ishlab chiqaruvchi 14 klubga taqsimlanishi kerakmasmi?

Translatsiyalar paytidagi reklamalardan tushadigan pullar, «Koka-Kola» kabi tashkilotlar bilan shartnoma summalarini klublarga berish o‘rniga, ulardan yana badal pullari olishni qanday qabul qilish mumkin? PFL aytishi mumkin – bozor xarajatlari (bozor ijarasi, farrosh, qorovul, chekchi, bozorqo‘mga to‘lanadigan maoshlar) mahsulot tushumidan oshib ketyapti, shuning uchun biz klublarga pul berish o‘rniga, pul olib qoplayapmiz, deb. Ya'ni, Sport TV translatsiya uchun pul to‘lamaydi, hakamlar, inspektorlar, IIB yoki PFL xodimlarining maoshiga ketadigan xarajatlar qoplanmayotgani uchun badal pullarini olyapmiz deb.

Qisman to‘g‘ri. Ammo bu bilan aytmoqchimanki, klublarga qarata «mana biz «Koka Kola» bilan shartnoma tuzdik, ishlayapmiz, senlar ham bizga o‘xsha» deyayotganda PFL o‘sha «Koka Kola»dan olingan pulning qismini klubga berishi kerak. Futbol daromadlaringni oshir, muxlislar bilan ishla, transferlardan foyda qil, deb klublarga aql o‘rgatayotganda, PFL ham futbol daromadlarini oshirishi, masalan, o‘sha Sport TV bilan g‘alati shartnomalarni to‘g‘rilashi, Ligani chiroyli qog‘ozga o‘rab, mahsulot sifatida sotish ustida ish olib borishi kerak. Aks holda, aytaylik, fermerlardan sabzavotlarni yig‘ib olib, yaxshi sota olmay, yarmini achitib, yarmini arzon garov berib yuborib, fermerga pul berish o‘rniga, «mahsuloting arzon ketdi, ombor ijarasi, yo‘lkiralarni qoplamadi, aksincha, sen menga qo‘shimcha pul ber» degandek bo‘lmaydimi?

Klublarni mazlum bechoradek ko‘rsatishdan yiroqman. Ular uchun juda ko‘p bebiliska pullar sarflanyapti. Shu darajadaki, endilikda, futbolga davlat pullarini sarflamaslik haqidagi fikrlar ancha ko‘paydi, hatto futbol muxlislari ichida ham bu yo‘l bilan rivojlanish qiyinligini aytayotganlar bor. Mulohazalardan maqsad, muammo aslida kattaroq, umuman, futbol tizimimiz xo‘jalik yuritishga tayyor emasligini tilga olishdir.

Xulosalar esa, o‘zgarmaydi – davlatning (xalqning) futbolga sarflanayotgan pullari oqimini to‘xtatish va klublarning xususiylashtirishga qaratilgan qadamlar orasida, umuman, futbolni boshqaruv tizimidagi islohotlar ham juda muhimdir.

Aks holda, «O‘zbekistonda futbolga davlat pullari sarflanmasin» qabilidagi chaqiruvlar «O‘zbekistonda futbol bo‘lmasin» bilan sinonim yangrayveradi. Aslida butunlay boshqa ma'nolarni ifoda etishi kerak bo‘lsa ham...

Qahramon Aslanov

Top