11:33 / 11.09.2020
8699

Yaponiya kompaniyasi Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘ida mehmonxona qurmoqda

Toshkent shahrida turizm sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yaponiya investitsiyalari o‘zlashtirilmoqda.

Foto: Turizm qo‘mitasi

Yaponiyaning H.I.S. Hotel Holdings Co. Ltd kompaniyasi Olmazor tumani Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan Qodiriy nomidagi bog‘ning 2-lot hududida umumiy maydoni 0,5 ga bo‘lgan 4 yulduzli zamonaviy o‘zbekona uslubdagi mehmonxona majmuasi qurmoqda.

Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, qurilayotgan ushbu mehmonxona 140 xonadan iborat bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yaponiya investitsiyalari hajmi 13 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. 2020 yilning yanvar-iyun holatiga 5,8 mln. AQSh dollar o‘zlashtirildi.

Hozirgi kunda mehmonxonani qurish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Mehmonxonaning yerto‘la qismi va birinchi qavati bitgan bo‘lib, ushbu qurilish ishlariga 100dan ortiq ishchi jalb qilingan. Mazkur loyihani 2021 yil oxirida foydalanishga topshirish mo‘ljallangan. Yaratiladigan ish o‘rinlarining umumiy soni 73tani tashkil etadi. 

Prezidentning 2020 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4563-sonli qaroriga asosan Toshkent shahrida turizm sohasiga oid jami 14 loyiha kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 429,5 mln. dollarni tashkil etadi. Shundan 420 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tashkil etadi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 45,4 mln. dollar o‘zlashtirilgan.

Top