16:48 / 19.09.2020
17872
Organizm uchun kisloroddan keyin eng zarur modda. Suvning ahamiyati va koronavirusga qarshi kurashdagi o‘rni haqida

Biz har kuni ishlatadigan va odatda e'tibor qilmaydigan unsur – suvning qiymati shundoq ham yildan yilga ortib borayotgan edi. Pandemiya davrida uning ahamiyati yanada oshib ketdi. Chunki inson organizmi uchun kisloroddan keyin eng zarur modda bu shubhasiz suvdir.

Qiziqarli faktlar:

  • Organizmning bor yo‘g‘i 2 foiz suv yo‘qotishi qattiq tashnalikka olib keladi. 10 foizli yo‘qotish esa hayot uchun xavfli, 12 foizli ko‘rsatkich qaytmas jarayonlarga sabab bo‘lishi mumkin;
  • Yurakning normal ishlashi uchun har kuni 6 stakan toza suv ichib turish juda samarali ekanligi isbotlangan. Ammo bu miqdorni barcha kasalliklar uchun deb qabul qilmaslik kerak (bu haqda quyiroqda);
  • Suv Yer sharining 70 foizdan ortiq hududini egallab turadi. Ammo uning faqat 3 foizigina chuchuk suv bo‘lib, o‘simliklar, jonzotlar va insoniyat ehtiyojiga to‘g‘ri keladi;
  • Ko‘pchilik suvni 0 darajada muzlaydi deb hisoblaydi va umuman olganda bu to‘g‘ri. Lekin yuqori darajada tozalangan suv – 42 darajagacha ham muzlamasligi mumkin. Chunki muz aynan suvdagi turli boshqa unsurlar atrofida hosil bo‘ladi;
  • Suvning xotiraga ega ekanligi qator tajribalarda isbotlangan. Toza suvga qarata yoqimli kuy taratib ko‘rilgan, haqoratli so‘zlar bilan tahdid qilingan, atrofda shovqin solingan va tartibsizliklar uyushtirilgan. Atrof-muhitdagi holat suvning tarkibi buzilishida rol o‘ynagan va bu bilan suvning axborot qabul qilishini isbotlagan;
  • O‘rtacha 70 yil umr ko‘rgan inson taxminan 35 tonna suv iste'mol qiladi. Lekin bugungi kunda kamida 1 mlrd odam toza suvda maza qilib cho‘milish tugul to‘yib toza suv ichishni ham orzulab yashaydi. Agar siz suvga to‘yayotgan va poklanayotgan bo‘lsangiz, qanday buyuk ne'mat ato etilgani haqida ham bir o‘ylab ko‘ring hamda suvni isrof qilmang;
  • So‘nggi 50 yil ichida dunyoda suv resurslari ustida 500 dan ortiq ziddiyatlar kelib chiqqan va ularning 21 tasi harbiy harakatlarga ulanib ketgan;

Suvning COVID-19'ga qarshi kurashdagi ahamiyati

Har qanday kasallikka qarshi kurashda ham suvning o‘z o‘rni bor. Ammo 2020 yil pandemiyasi hisoblangan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda suvning ahamiyati juda katta:

1. Qo‘llarni muntazam yuvib yurish shartligi uzluksiz takrorlanyapti;

2. Dezinfeksiya vositalarini aksariyati suv asosida;

3. Shifoxonalar, gavjum joylar, o‘quv maskanlari va umuman inson bor har qanday joy bir necha karra ko‘proq tozalanishiga zarurat tug‘ildi;

4. Eng muhimi – aynan bu kasallikda organizmning suvsizlanishi aslo mumkin emasligi qayta-qayta ta'kidlandi.

Xo‘sh, koronavirusga chalinganda suvsizlanish nimasi bilan xavfli?

Koronavirus infeksiyasi tufayli kelib chiqqan COVID-19 kasalligining o‘zi insonni o‘ldirmaydi. Ammo u tufayli paydo bo‘lgan asoratlar organizmda qaytmas jarayonlarni tug‘dirishi va o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.

Hali bu kasallikning o‘zi, asoratlari va u tufayli kelib chiqqan o‘lim sabablari bir necha o‘n yillar davomida yuzlab-minglab tadqiqotlar mavzusiga aylanadi.

Ammo hozirdanoq aniq bo‘lgan jihatlar bor – bu kasallikda ishtaha yo‘qolishi o‘z-o‘zidan kam iste'molga, tez nafas olish va yuqori harorat suyuqlik yo‘qotishga sabab bo‘ladi va shu kabi omillar birlashib, organizm suvsizlanishiga olib kelishi mumkin. Bu keyingi muammolar tug‘diradi: shilliq qavatlar quriydi, intoksikatsiya boshlanadi, qon quyuqlashadi va bu o‘limga olib keluvchi omillardan biri – tromblar hosil bo‘lishiga zamin yaratadi.

Qancha suv ichmoq darkor?

Hammasi individual. Vazn, harakat, yosh, yondosh kasalliklar, yeyilayotgan taom, qabul qilinayotgan dori-darmonlar kabi omillar hisobga olinadi. Lekin bu kasallikda ko‘pchilikka mos keluvchi umumiy tavsiyalar bor – bolalar 2-3 litr, kattalar 3-5 litr suv (yoki turli shakldagi suyuqliklar) ichishlari shart. Suv o‘rnini kompot, sharbatlar, turli xil damlamalar ham bosishi va yaxshi foyda berishi mumkin. Lekin gazlangan ichimliklar mumkin emas.

Suvni oz-ozdan, muntazam, ko‘ngilga tegmaydigan miqdorda iste'mol qilish kerak. Ichilayotgan suv tozaligiga ahamiyat berish lozim, agar shubha bo‘lsa, qaynatib ichish shart.

Abror Zohidov.

Top