12:41 / 01.10.2020
8463
Qirolicha uchun duo, yangi Bismarkni izlash va zamonaviy Napoleon: Brexit’dan keyingi Yevropaning diplomatik psixotahlili

Ta'kidlash joizki, ancha vaqtdan beri Yevropa Ittifoqi muammolarni o‘z ichki dinamikasi doirasida hal qilishga muvaffaq bo‘lib kelayotgandi. Biroq Brexit jarayoni tufayli u ilk marta qisqarish tashabbusi va barqarorlik bilan bog‘liq hayotiy muammoga duch keldi.

Foto: : Tanaonte/Getty Images/iStockphoto

«Anadolu» agentligi muallifi Ali Maskan Yevropa Ittifoqi kelajagi bo‘yicha fikrlarini bayon etdi.

Buyuk Britaniya
Angliya – parlament tizimiga birinchilardan bo‘lib qadam qo‘ygan, demokratik jarayonlarga Yevropa qit'asining boshqa mamlakatlaridan oldinroq kirib kelgan davlat. Bu esa tabiiy ravishda Yevropa duch keluvchi barcha muhim muammolarni hal qilishda Britaniyaning aralashuviga bo‘lgan zaruriyatni tug‘diradi.

Angliya uzoq vaqt mobaynida o‘zining tabiiy qudrati tufayli qit'ada mutlaq kuch sifatida hukmronlik qilish uchun Yevropadagi biror-bir mamlakatga yo‘l bermadi. Ammo u Ikkinchi jahon urushining oxiriga qadar davom etgan ushbu missiyani charchoq va vaqtning moliyaviy og‘irligi tufayli qisman AQShga topshirishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik u yuzlab yillar davomida tashqaridan nazorat qilib turishi kerak bo‘lgan Yevropa tomonidan tuzilgan ittifoqqa kirib, o‘zini ham Yevropa mamlakati sifatida ro‘yxatga qayd etdi.

Xalqaro tizimning ma'muriy o‘zgarishidan foydalangan holda, Angliya mazkur tizimda mustaqil kuch sifatida ishtirok etish uchun Brexit jarayonini boshladi. Pandemiya jarayoni bilan hayotga kirib kelgan yangi qadriyatlar Buyuk Britaniyaning Brexit jarayoniga kirishgani naqadar o‘rinli bo‘lganini yana bir bor tasdiqladi.

Bugungi kunda 2,4 milliard kishilik ulkan iqtisodiyotga ega bo‘lgan Britaniya Hamdo‘stligi (Commonwealth) 80dan ortiq tashkilot tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va u 54 davlatni o‘z ichiga oladi. U Angliya rahbarligida rivojlanish, tinchlik va demokratiya yo‘lida siyosat yuritmoqda.

Yakkalanish davrida ham tarixiy xazinasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan Angliya kutilganidek yangi davrga ham xotirjamlik bilan moslashib boradi. Shu sababli Buyuk Britaniya xalqaro kun tartibi eng qizg‘in bo‘lgan mintaqa bo‘lish barobarida voqealarga nisbatan juda aniq va ta'sirchan aralashuvlardan voz kechadi.

Shu paytgacha AQSh bilan jiddiy qarama-qarshiliklarni boshdan kechirmagan Angliya keyingi davrda ham ushbu darajadagi munosabatlarni saqlab qolish orqali o‘zining «aqlli mamlakat» pozitsiyasini davom ettirishi aniq. Buyuk Britaniya Yevropaning tartibi va barqarorligi uchun zarurat tug‘ilganda AQSh, Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatishdan tortinmaydi. Shu nuqtayi nazardan, u Yevropa Ittifoqidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, ittifoqning mavjudligi va omon qolishi uchun kerakli qurbonliklar berishda davom etadi. U Yevropaning umumiy tashqi va xavfsizlik siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi va hattoki Makron talab qilganidek, Yevropa xavfsizlik kengashi kabi tuzilmalarga «o‘ng ko‘z bilan qaraydi».

Angliya nafaqat mintaqaviy, balki global kuchlar elementiga aylangan bo‘lsa-da, qit'ani beqarorlashtiruvchi har qanday masala endilikda u uchun energiya sarflashning yangi mashg‘ulotiga aylanadi. Natijada Angliya bir tomondan ittifoqning moliyaviy va diplomatik yukidan xalos bo‘ladi, boshqa tomondan esa mudofaasi zaiflashgan Yevropa Ittifoqini o‘ziga ko‘proq qaram qiladi.

Yangi missiyasiga muvofiq, xalqaro tizimda taraqqiyot, tinchlik va demokratiya uchun kurash olib borayotgan Britaniya muammolarni urush emas, balki diplomatiya yo‘li bilan hal qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan foydalanadi. Aqlli mamlakat sifatida mojarolar va urushlar orqali erishish mumkin bo‘lgan ulkan yutuqlarni «besh soatlik choy suhbatlari»da qo‘lga kiritadi. Katta ehtimol bilan suhbatdoshlarini ham o‘ziga yarasha yumshoq deb atash mumkin bo‘lgan odamlar va davlatlar orasidan tanlaydi.

Germaniya
Iqtisodiyoti va sanoati bilan Yevropa Ittifoqining «dvigateli» bo‘lgan Germaniya tarixdan olgan saboqlari tufayli mavjudlik va omon qolishining yagona kafolati sifatida barqaror Yevropani ko‘radi. Brexit sababli YeI doirasidagi mas'uliyat kuchayganini sezgan Germaniya endilikda nafaqat ittifoq iqtisodiyotini, balki uning nozik diplomatik aloqalarini ham o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘ladi. Germaniya ushbu o‘tish davrida va undan so‘ng Angliya uni diplomatik stolda yolg‘iz qoldirmasligini biladi, ammo u mana shu davrda ittifoq ichidagi kurashlarni yakka o‘zi boshqarishni ham o‘rganadi.

Ushbu yangi mas'uliyat ittifoqni saqlab qolish uchun Germaniyani AQSh va Rossiya o‘rtasida yangi diplomatik tashabbuslarni boshlashga va ayni paytda Yevropa Ittifoqidagi o‘z manfaatlarini ham nazorat qilishga undaydi. Boshqa tomondan, u «Shimoliy oqim-2» tabiiy gaz liniyasi Liviya, Egey va O‘rta yer dengizidagi muammolarda iloji boricha ehtiyotkor bo‘ladi. Shubhasiz, Bolqon va Sharqiy Yevropa ehtiyotkorlik bilan murojaat qilinishi kerak bo‘lgan mintaqalarning boshida turadi.

Ta'kidlash joizki, Yevropa Ittifoqida yuz beradigan muammolar, mojaroga aylanadigan har bir masalaning badalini eng ko‘p to‘laydigan mamlakat Germaniyadir. Shu bois, pandemiya tufayli iqtisodiyot va siyosiy menejment og‘irlashayotgan bir paytda u status-kvoni himoya qilish uchun do‘stlarini xotirjamlik saqlashga undash vazifasini ham o‘z zimmasiga oladi.

Nemislar Bolqon va Sharqiy Yevropada AQSh bilan to‘qnash kelgan davrda Buyuk Britaniyaning qanday munosabatda bo‘lishi ham Germaniya uchun juda muhimdir. Zotan, Germaniya mintaqaviy siyosatda AQShning bosimini his qila boshladi. AQSh harbiylarining bir guruhini Germaniyadan olib chiqishi va ularning bir qismini Polshaga joylashtirishi Germaniyani mudofaa xarajatlariga majbur qiladi va uni strategik jihatdan zaiflashtiradi.

Muxtasar qilib aytganda, Germaniya Brexit jarayonida kuchli iqtisodiy va diplomatik muammolar bilan kurashadi. U iloji boricha ittifoq ichidagi yoki uning chegaralaridagi to‘qnashuvlardan himoyalanishni afzal ko‘radi va garchi sukut saqlab turgan bo‘lsa ham, Britaniyaning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi.

Fransiya
Brexit’dan keyin Yevropa Ittifoqiga barqarorlik zarurligini hisobga olmayotgan Fransiya o‘zining tarixiy va joriy aloqalari yo‘q mintaqalar hamda voqealarning asosiy ishtirokchisi sifatida Buyuk Britaniya tomonidan bo‘shatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarish orqali oldingi planga chiqishga harakat qilmoqda. Uning bu harakatlari muammolarni hal qilishdan ko‘ra, u o‘zida mavjud deb bilgan kuchlarni namoyish qilishdan kelib chiqmoqda.

Diplomatik dadilligi bilan Yevropa Ittifoqi uchun yangi tashqi xavfsizlik va mudofaa strategiyasini ishlab chiqishga intilayotgan Makron bu vazifani uddalash uchun yetarli siyosiy va iqtisodiy kuchga egami yoki yo‘qmi, albatta, buni vaqt ko‘rsatadi. 

Turkiya
Turkiya duch kelgan mintaqaviy muammolarni hal qilishda Angliyani «kalit» sifatida ko‘radi. U o‘zi bilan kelisha olmayotgan davlatlar bilan muomalada «ingliz kaliti»dan foydalanishi ehtimoli mavjud. Germaniya esa mazkur jarayonda Turkiyaga yaqin pozitsiyadan joy oladi.

Shuni yodda tutish kerakki, Turkiya, ayniqsa, Bolqon va Sharqiy Yevropa siyosatida xalqaro muvozanatlarga qarshi Germaniya bilan mintaqaviy hamkorlik qiladi. Fransiya esa har bir mamlakatga milliy va xalqaro siyosatda zarur bo‘lgan dinamizmni bera oladigan mamlakatdir. Shu nuqtayi nazardan, Makronga Turkiya tashqi siyosatini tiyib turuvchi shaxs sifatida qarash kerak.

Xulosa
Kelgusida biz o‘z mavjudligi va status-kvosini saqlab qolishga intiladigan, moslashuvchan Yevropa Ittifoqini ko‘ramiz. Bu davrda Buyuk Britaniya AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Xitoy bilan birga xalqaro tinchlikka hissa qo‘shadigan, Germaniya o‘z zimmasiga ortilgan yukni ko‘tarishga harakat qiladigan, Fransiya esa yangi rolni o‘ynashga harakat qiladigan mamlakat sifatida namoyon bo‘ladi.

Aftidan, kelgusida inglizlar qirolichaning sog‘lig‘i uchun duo qilishda, nemislar yangi Bismarkni izlashda, fransuzlar esa «zamonaviy Napoleon» ortidan ergashishda davom etadiganga o‘xshaydi.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzu
Brexit jarayoni
Mey Bryusselni Brexit boshlanganligi haqida xabardor etuvchi maktubni imzoladi
Barchasi
Top